1 173
Eron TIV rahbari: Kiyev ba’zi ekstremistik Yevropa siyosatchilari ta’siriga tushmasligi kerak

Eron TIV rahbari ukrainalik hamkasbi Dmitriy Kuleba bilan telefon orqali suhbatida Ukrainadagi urushda Eron dronlaridan foydalanilgani haqidagi xabarlarni rad etib, Ukrainada ba’zi ekstremist Yevropa siyosatchilarining ta’siriga tushmaslikni tavsiya qildi.
Eron OAVga ko‘ra, suhbat chog‘ida Ukraina inqirozi bilan bog‘liq so‘nggi o‘zgarishlar va ikki tomonlama masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Eron TIV rahbari Amir Abdullohiyon Ukrainadagi urushda Eron Islom respublikasi dronlaridan foydalanilgani haqidagi xabarlarni qat’iyan rad etganini ta’kidladi. Shuningdek, Eron 8 yillik urushni boshdan kechirgani, shuning uchun Ukraina, Yaman hamda boshqa davlatlarda bo‘layotgan mojarolarga qarshiligini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, Abdullohiyon: «Biz Rossiya bilan yaxshi munosabatlarga egamiz va avvaldan mudofaa sohasida hamkorlik qilamiz. Ammo bizning Ukrainadagi urushga nisbatan siyosatimiz mamlakatlarning hududiy yaxlitligini hurmat qilish, ziddiyatga tushib qolgan tomonlarga qurol yubormaslik, urushni to‘xtatish va odamlarning ko‘chirilishiga chek qo‘yishdan iborat», deb izohladi.
Vazir Tehron hech qanday vositachiga muhtoj bo‘lmay ikki davlat o‘rtasida harbiy ekspertlar ishtirokida texnik uchrashuvlar o‘tkazishga tayyorligini ham qayd etdi.
Telefon orqali suhbatda Ukraina TIV rahbari Dmitriy Kuleba Eron Islom respublikasining Ukrainaga qarshi urushda qo‘llanadigan qurollarni yubormaslik haqidagi pozitsiyasini yuqori baholab, ikki davlat harbiy-texnik delegatsiyasi muhokamasini muhim deb baholadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar