
Foto: AP
Jair Bolsonaru «konstitutsiyani hurmat qilish» niyatida ekanligini aytdi. Braziliyada prezidentlik saylovlari Luis Inasio Lula da Silvaning g‘alabasi bilan yakunlandi.
Braziliyada prezidentlik saylovlarida mag‘lub bo‘lgan Jair Bolsonaru ovoz berishdan ikki kun o‘tib natijalarga izoh berdi. 1 noyabr, seshanba kuni jurnalistlar bilan suhbatda u «konstitutsiyani hurmat qilish» niyatida ekanini aytdi. Shu bilan birga, Bolsonaru o‘z mag‘lubiyatini to‘g‘ridan to‘g‘ri tan olmadi.
«30 oktabr kuni menga ovoz bergan 58 million braziliyalikka rahmat aytmoqchiman», - dedi siyosatchi. O‘z tarafdorlarining saylovdan keyingi noroziliklarini izohlar ekan, Bolsonaru bu namoyishlar «g‘azab va saylov jarayonining tashkil etilishiga nisbatan adolatsizlik tuyg‘usi natijasi» deb ta’kidladi. «Tinch namoyishlar har doim mamnuniyat bilan qabul qilinadi», deya qo‘shimcha qildi u.
Bu Jair Bolsonaruning prezidentlik saylovlaridan keyin birinchi marta omma oldida chiqishidir. Braziliyalik siyosatchining izohidan so‘ng, uning apparat rahbari Siru Nogeyra prezident bu lavozimni Luis Inasio Lula da Silvaga o‘tkazish jarayoniga «sanksiya berganini» aytdi.
O‘ng qanot populist Jair Bolsonaru saylovlarning ikkinchi bosqichida saylovchilarning 49,1 foiz ovozini oldi. Ovoz berish natijasida u chap qanot Ishchilar partiyasi vakili bo‘lgan Braziliyaning sobiq prezidentiga yutqazdi. Luiz Inasiu Lula da Silva 50,9 foiz ovoz olgan.
Lula da Silva 2003-2010 yillarda Braziliya prezidenti bo‘lgan va juda mashhur edi. Keyinchalik u korrupsiyada ayblanib 12 yilga qamalgan. Oliy sud hukmni bekor qilgach, siyosatchi saylovda o‘z nomzodini qayta ko‘rsatishga muvaffaq bo‘ldi.
Ovoz berishdan oldin Bolsonaru bir necha bor saylov tizimining mustaqilligiga shubha bildirdi va saylov natijalarini tan olmasligini aytdi. Natijalar e’lon qilinganidan so‘ng uning tarafdorlari, jumladan, ko‘p sonli yuk mashinalari haydovchilari norozilik sifatida Braziliyada yo‘llarni to‘sib qo‘yishdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar