date
views 1 367

NYT: Rossiya harbiy rahbariyati Ukrainada yadro quroli qo‘llash imkoniyatini muhokama qilgan

NYT: Rossiya harbiy rahbariyati Ukrainada yadro quroli qo‘llash imkoniyatini muhokama qilgan
Foto: Getty Images
The New York Times gazetasi o‘z manbalariga tayanib ilk bor rossiyalik generallar orasida Ukrainaga qarshi yadro qurolidan foydalanish masalasida muhokama bo‘lib o‘tgani haqida yozdi. Nashrning qayd etishicha bu muhokama prezident Vladimir Putin darajasiga olib chiqilmagan.

AQSH ma’muriyatidagi bir necha manbaning gazetaga xabar berishicha, yuqori martabali rossiyalik harbiylar Moskva Ukrainada qachon va qanday qilib taktik (nisbatan kichik quvvatli) yadro quroli qo‘llashi mumkinligi haqida gaplashishgan. Nashrga ko‘ra, bu haqda AQSH hukumatiga oktabr oyi o‘rtalarida ma’lum bo‘lgan, muhokamalar ham undan sal oldinroq bo‘lib o‘tgan.

Vladimir Putin bu muhokamalarda ishtirok etmagan.

Nashrning qayd etishicha, bunday muhokama o‘tkazilgani faktining o‘zi rossiyalik generallarning quruqlikdagi amaliyot natijalaridan naqadar hafsalasi pir bo‘lganini ko‘rsatadi va Vladimir Putinning yadro quroli qo‘llash to‘g‘risidagi tahdidlari quruq so‘z bo‘lmasligi mumkin.

Shu bilan birga amerikalik yuqori martabali mulozimlar NYT bilan suhbatda Rossiyada yadro qurollari o‘z joyidan olib chiqilgani yoki zarba berish uchun boshqa qadamlar tashlanayotganiga dalillar ko‘rinmayotganini ta’kidlashgan.

Pentagon baholariga ko‘ra, Rossiya arsenalida 2000 tagacha taktik yadro qurollari mavjud. Bunday qurollar hech qachon jang maydonida qo‘llanmagan.

Yadro zarbasi haqidagi xavotirlar

Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshida barcha Rossiya tomonidan taktik yoki kichik yadroviy qurollar qo‘llanishi mumkinligi haqida gapirgandi. Davlat dumasi deputatlari va Checheniston rahbari Ramzan Qodirov shunday qadam tashlashga chaqirgan, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Byorns ham bunday xavfning jiddiy ehtimoli borligini aytishgandi.

Rossiya avvaliga Xarkiv oblastida, keyin Xerson shimolida jiddiy muvaffaqiyatsizliklarga uchragach, yadro quroli qo‘llanishi mumkinligi haqidagi gaplar ko‘paydi.

Vladimir Putin yadro qurolidan foydalanishi mumkinligi to‘g‘risida bir necha bor yadroviy tahdidlar qildi. «Agar hududiy yaxlitligi tahdid ostida qolsa, Rossiya barcha imkoniyatlarni ishga soladi, bu shunchaki blef emas», degandi Putin 21 sentyabr kungi telemurojaatida - o‘shanda Rossiyada safarbarlik e’lon qilingandi.

Hududiy yaxlitlikka tahdid sifatida Ukrainaning Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Xerson oblasti (va yana uch hudud)da qarshi hujumga o‘tishini ham nazarda tutish mumkin.

Oktabr oyi oxirida Rossiya o‘z strategik yadro kuchlariga yirik yadro zarbasi berilishini sinab ko‘rish maqsadida, harbiy-o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yadro qurolidan foydalanish xavfi ortishi va Moskvaning Ukrainani «iflos bomba» yaratishda ayblashi fonida o‘tkazildi.

Oktabr oyida Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu AQSH, Buyuk Britaniya va Fransiya mudofaa vazirlari bilan telefon orqali muloqot qilib, go‘yoki Ukraina «iflos bomba» (biologik qurol) qo‘llashga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida ogohlantirdi. G‘arb mamlakatlari esa Kiyev kabi bu ayblovlar yolg‘on ekanini bildirdi.

Ammo o‘tgan haftada Vladimir Putin Rossiya Ukrainaga qarshi yadroviy qurol qo‘llashidan ma’no yo‘qligini aytdi.

«Bugungi kunda yadroviy tahdidlar bo‘yicha shov-shuv ko‘tarilishidan maqsad oddiy: G‘arbning hozirgacha barchaga bosim o‘tkazishga bo‘lgan urinishlari hech narsaga olib kelmadi va ular yangi argumentlar izlashmoqda. Rossiya hech qachon to‘g‘ridan to‘g‘ri yadro quroli qo‘llash imkoniyati haqida gapirmagan, faqat muxoliflarning hujumlariga ishoralar bilan javob berilgan», degandi Putin.

AQSH ma’muriyati vakili NYT bilan suhbatda ular hali ham Vladimir Putin taktik yadro qurolidan foydalanishni rejalashtirgan deb o‘ylamayotganini aytdi.

Chorshanba kuni Rossiya TIV «yadro urushining oldini olish lozimligi» to‘g‘risida bayonot berdi, unda Rossiya yadro doktrinasi faqat mudofaaviy xarakterga ekani aytilib, buni o‘zgacha talqin qilishga yo‘l qo‘yilmasligiga va’da berilgan. Rossiya yadro qurolini faqat ommaviy qirg‘in qurollaridan foydalangan holda amalga oshirilgan tajovuzga javoban qo‘llashi mumkinligi aytilgan.

Shuni AQSH Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Jim Kirbi so‘nggi bir oy ichida AQSH ma’muriyatida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushda yadro qurolidan foydalanish ehtimolidan xavotir ortib borayoganini aytdi. «Biz voqealar rivojini diqqat bilan kuzatib boryapmiz», — deya qo‘shimcha qildi u.

1 noyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev o‘zining Telegram-kanalida Kiyev urush paytida Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarni Ukraina nazorati ostiga qaytarishga harakat qilsa, Rossiya yadro qurolidan foydalanishi mumkinligini yozgan edi. Uning ta’kidlashicha, bosib olingan hududlarni «Rossiya Federatsiyasidan tortib olishga» urinish Rossiyaning mavjudligi va uning qulashiga tahdid soladi, shuning uchun bu Rossiya siyosatining tegishli bandini qo‘llash uchun bevosita sabab bo‘ladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » NYT: Rossiya harbiy rahbariyati Ukrainada yadro quroli qo‘llash imkoniyatini muhokama qilgan