18:39 / 05.11.2022
1 447

To‘qayev Qozog‘iston prezidenti vakolatlarini qisqartirish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi

To‘qayev Qozog‘iston prezidenti vakolatlarini qisqartirish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi
Foto: «TASS»
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bugun, 5 noyabr kuni davlat rahbari vakolatlarining qisqarishini ko‘zda tutuvchi qonunlarni imzoladi, deb yozadi «Interfaks».

Xususan, qonunlar prezidentning mahalliy ijroiya organlari va Oliy sud kengashiga nisbatan alohida vakolatlari qisqarishini, parlament senatida «prezident kvotasi» kamayishini, shuningdek, prezident lavozimida bo‘lish davrida alohida cheklovlar kiritilishini nazarda tutadi.

Bundan tashqari, hujjatlar majlisda (quyi palatada) aralash saylov tizimiga o‘tilishi munosabati bilan parlament palatalarini shakllantirish tartibiga tuzatishlarni o‘z ichiga oladi. Ular orqali saylovlar o‘tkazish bo‘yicha butun tizim qaytadan tuziladi. Deputatlik mandatini qaytarib olish bo‘yicha yangi institut joriy etilmoqda.

Bir qator tuzatishlar siyosiy partiyalarni ro‘yxatga olish uchun a’zolar soni chegarasini 20 ming nafardan 5 ming nafargacha qisqartirishga, siyosiy partiyalar hududiy vakolatxonalari minimal a’zolari soniga nisbatan talabni 600 dan 200 kishigacha kamaytirishga, siyosiy partiya tuzish uchun fuqarolar tashabbus guruhlari ishtirokchilarining minimal soni bo‘yicha talabni esa ming kishidan 700 kishigacha pasaytirishga ham taalluqli bo‘ldi. Bu yerda, shuningdek, siyosiy partiya tuzish bo‘yicha ta’sis qurultoyi o‘tkazish muddatini 2 oydan 3 oygacha oshirish bo‘yicha tuzatishlar ham nazarda tutilgan.

Hujjatga kiritilgan nizomlarda prezidentning siyosiy partiyalarga a’zo bo‘lishi, uning yaqin qarindoshlari siyosiy lavozimlarni va kvazidavlat sektorida rahbar lavozimini egallashi taqiqlanishi haqida aytiladi.

Avvalroq To‘qayev Respublika Jamoatchilik shtabidagi o‘z saylovoldi tashviqoti doirasida so‘zlagan nutqida bir martalik prezidentlik muddatining ustun taraflariga to‘xtalib o‘tgan edi.

«Bir martalik yetti yillik muddat jamiyat va davlatdagi yangilanish jarayonlariga yangi sifat va dinamika bag‘ishlaydi, hokimiyatni monopoliyaga olish va hatto tortib olishga urinishlar uchun ishonchli to‘siq yaratadi», — dedi To‘qayev.

Qozog‘istonda 20 noyabr kuni navbatdan tashqari prezidentlik saylovi o‘tkaziladi. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev shu yil kuzda navbatdan tashqari prezident saylovlarini o‘tkazish taklifini 1 sentyabr kuni xalqqa yo‘llagan murojaatida bildirgandi. Prezidentlik mandatini yetti yillik bitta muddat bilan cheklashni va qayta saylanishni taqiqlashni ham o‘sha murojaatida taklif qilgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » To‘qayev Qozog‘iston prezidenti vakolatlarini qisqartirish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi