16:06 / 11.11.2022
914

Ispaniya Ukrainaga 2 ta qo‘shimcha Hawk havo mudofaa tizimini yetkazib beradi

Ispaniya Ukrainaga 2 ta qo‘shimcha Hawk havo mudofaa tizimini yetkazib beradi
Foto: «Slovo i delo»
Ispaniya mudofaa vaziri Margarita Robles Madrid tomonidan Kiyevga yuborilgan to‘rtta Hawk havo mudofaa tizimiga qo‘shimcha ravishda yana ikkitasini Ukrainaga topshirishini ma’lum qildi, deb yozadi «RIA Novosti».

«Yana ikkita raketa jo‘natiladi, chunki buni bizdan NATO so‘ragan», — deya vazirning so‘zlaridan iqtibos keltirgan el Financiero gazetasi.

Shuningdek, 10 noyabr kuni Ispaniya Mudofaa vazirligi matbuot bayonotida kelasi haftadan boshlab 64 nafar ukrainalik harbiy xizmatchi Toledoda portlovchi moddalarni zararsizlantirish, minalardan tozalash va o‘q otish bo‘yicha o‘qitilishini ma’lum qildi. Ayni damda Andalusiya avtonom hamjamiyati Almeriya shahrida 21 nafar ukrainalik askardan iborat guruhga 105/14 gaubitsasini boshqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilmoqda.

Oktabr oyida 19 nafar ukrainalik harbiy xizmatchi Ispaniyaning Saragosa shahridagi bazada o‘tkazilgan o‘quv dasturi doirasida «Aspide» zenit-raketalarini boshqarish bo‘yicha o‘qitildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ispaniya hukumati Yevropa Ittifoqining Ukraina armiyasini o‘qitish missiyasi doirasida 400 nafar harbiy xizmatchini tayyorlashga roziligi xabar qilingandi. El Pais gazetasining yozishicha, ikki yil davomida 15 mingga yaqin ukrainalik harbiy xizmatchilarni tayyorlash rejalashtirilgan va to‘g‘ridan-to‘g‘ri Bryusseldan olib kelinadigan tashabbus budjeti 106,7 million yevroni tashkil qiladi.

Ispaniya hukumati noyabr oyi boshida Ukrainaga raketa va havo hujumidan mudofaa tizimlari, jumladan, to‘rtta Hawk havo hujumidan mudofaa va «Aspide» zenit tizimlarini yuborganini e’lon qildi. Bu yordam NATO a’zolari tomonidan so‘nggi haftalarda Kiyevga yetkazib berilgan artilleriya, havo hujumidan mudofaa va zirhli texnikalarga qo‘shimchadir.

Ispaniya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni damda Madrid Ukraina uchun Yevropa tinchlik jamg‘armasiga 200 million yevrodan ortiq mablag‘ ajratgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo