09:56 / 12.11.2022
2 952

Rossiya Xersondan chekindi. Bu mag‘lubiyatning boshlanishimi? (video)

Rossiya Xersondan chekindi. Bu mag‘lubiyatning boshlanishimi? (video)
7 noyabr kuni Xerson viloyatidagi Rossiya qo‘shinlari qo‘mondoni Sergey Surovikin Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri Sergey Shoyguga Xerson viloyatining o‘ng qirg‘oq qismini tark etishni taklif qildi.

Surovikin bunga sabab qilib hozirgi sharoitda Xerson va unga yaqin aholi punktlarini to‘liq ta’minlash imkoniyati yo‘qligini ko‘rsatgan.

«Vaziyatni baholab, Dneprning chap qirg‘og‘i bo‘ylab mudofaa qilishni taklif qilaman», — dedi u. Surovikin bu qarorni qabul qilish «qiyin»ligini, ammo odamlar hayotini saqlab qolish uchun shunday yo‘l tutish zarurligini aytdi.

Rossiya mudofaa vaziri Serey Shoygu Surovikinning taklifiga rozi bo‘ldi.

«Biz uchun rossiyalik harbiy xizmatchilarning hayoti va sog‘lig‘i doimo ustuvor hisoblanadi. Biz tinch aholiga tahdidni ham hisobga olishimiz kerak. Qo‘shinlarni olib chiqishni davom ettiring va Dnepr daryosi orqali texnika, qurol va xodimlarni xavfsiz o‘tkazish uchun barcha choralarni ko‘ring», — dedi Shoygu.

Rossiya Xersonni mart oyining boshida, Ukraina hududiga bostirib kirgandan keyingi dastlabki kunlarda egallab olgan edi. Bu shahar urush boshidan beri rus armiyasi tomonidan bosib olingan yagona viloyat markaziga aylangandi.

Yozda uzoq masofali artilleriya tizimlarini olgan Ukraina Xerson viloyatidagi ko‘priklarni o‘qqa tuta boshladi. Bu esa Rossiyaga Dneprning o‘ng qirg‘og‘ida joylashgan rus qo‘shinlari guruhini ta’minlashni qiyinlashtirdi.

Natijada 9 noyabrga kelib Rossiya Xersondan chekinishga majbur bo‘ldi.

Bloomberg nashrining ma’lum qilinishicha, Rossiya armiyasining Ukraina janubidagi Xerson shahridan chekinishi to‘g‘risidagi qarori jang maydonidagi katta muvaffaqiyatsizlik hisoblanadi. Kreml Xersonning qaytarib berilishini «harbiy zarurat» va «muzokaralarga taklif» deb bilmoqda. Manbalarga ko‘ra, Rossiya hukumati armiyaning 2023 yilda yangi to‘laqonli hujumga tayyorgarlik ko‘rishi uchun o‘t ochishni vaqtinchalik to‘xtatmoqchi.

AQSH prezidenti Jo Baydenning ta’kidlashicha, Rossiya qo‘mondonligining Xersondan qo‘shinlarni olib chiqish haqidagi qarori kutilgan edi.

«Avvalo, bizga allaqachon ma’lum bo‘lgan ushbu qarorni qabul qilish uchun ular AQSH saylovlarini oxirigacha kutgani men uchun qiziq bo‘ldi. Bu esa ularda, ya’ni Rossiya armiyasida real muammolar borligini ko‘rsatadi», — dedi Bayden.

AQSH prezidentining so‘zlariga ko‘ra, rus qo‘shinlarining Xersondan olib chiqilishi «hammaga qish mavsumida o‘z pozitsiyalarini qayta ko‘rib chiqish uchun vaqt beradi».

Rossiya Mudofaa vazirligi esa Xersondan chekinish qat’iy reja asosida ketayotganini ta’kidladi.

10 noyabrdagi kundalik brifingda Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy vakili Igor Konashenkov bo‘linmalar Dnepr daryosining chap qirg‘og‘ida tayyorlangan pozitsiyalarga tasdiqlangan reja asosida ko‘chirilayotganini ma’lum qildi.

Hozircha Rossiyaning Xersondan chekinish qarori qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida biror fikr bildirish qiyin. Lekin bunday qaror Rossiyaning avval boshda tuzgan rejasida yo‘q bo‘lgani aniq. Voqealar rivojini kuzatib boramiz.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo