
Foto: Reuters
Ilm – najot! Uni egallagan odam kam boʻlmagan, kam boʻlmaydi ham. Oddiy qorovulning qizi Halima Yoqub ham ilmi ortidan bugun rivojlangan mamlakatlardan biri – Singapurning prezidenti.
Halimaning otasi Yoqub hind musulmoni boʻlib, qorovullik qilib kun kechirgan. Onasi esa malay millatiga mansub boʻlgan. Halima 8 yoshligida otasi yurak xurujidan vafot etadi. Qorovullik ortidan haminqadar oʻtib turgan roʻzgʻorlarini tebratish qiyin boʻlib qoladi.
Onasi besh farzandini boqish uchun koʻchada taom sotib kun koʻra boshlaydi. Halima onasiga bu ishda koʻmaklashadi.
Halima Yoqub oʻzining yoshlik yillari haqida shunday deydi: “Oʻn yoshimdan boshlab, maktabdan boʻsh vaqtlarimda onamga yordamlashishga majbur boʻlganman, stollarni artish, idishlarni yuvish, tozalash, kelganlarga xizmat koʻrsatish kabi ishlarni yaxshi uddalay olganman.
Men oʻzim kambagʻallikda hayot kechirdim va yashash uchun kurash qanchalik qiyinligini juda yaxshi bilaman”.

Foto: Reuters
Halima ikkinchi sinfda koʻp dars qoldirgani sababli maktabdan haydalishiga bir baxya qolgan, lekin onasiga yordam berishdan toʻxtamagan, oʻqish va ishni teng olib borishning uddasidan chiqqan.
Yoʻqchilik sabab maktabga borishda qiyinchiliklarga uchragan boʻlsa-da, qizaloq oʻqishga uquvli chiqdi. U fanlarni juda yaxshi oʻzlashtiradi va maktabni imtiyoz bilan tamomlaydi.
Keyin u Singapur universitetiga kirib, 1978 yilda huquqshunoslik boʻyicha tahsil oladi. 47 yoshida, ya'ni 2001 yilda Singapur Milliy universitetida huquq magistri darajasini oladi. U 2016 yil 7 iyulda bu universitetning faxriy huquq doktori unvoniga sazovor boʻldi.
Qahramonimiz mehnat faoliyatini Milliy Kasaba uyushmalari kongressida huquqshunos sifatida boshlagan. Tizimdagi namunali faoliyati ortidan, ayollarni rivojlantirish kotibiyati va uyushma yuridik xizmatlarining turli yoʻnalishlari boʻyicha direktori boʻldi. U Xalqaro mehnat tashkilotining boshqaruv organiga saylangan birinchi singapurlik edi.
Halima turli kengashlarda, shu jumladan Singapur Uy-joy va taraqqiyot kengashi, Adolatli bandlik amaliyotlari boʻyicha uch tomonlama ittifoq, Ayollar uchun bandlikni tanlash imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha uch tomonlama ishchi guruhi, Ijtimoiy xizmatlar milliy kengashi kabilarda ishlagan.
Ilk siyosiy debyuti 2001 yildagi saylovlarga toʻgʻri keldi, oʻshanda u Jurong regioni kengashi a'zoligi saylangan. Siyosiy faoliyati davomida keyinroq jamiyatni rivojlantirish, yoshlar va sport vaziri, keyin esa ijtimoiy va oilani rivojlantirish vaziri etib tayinlangan.

Foto: Reuters
2013 yilda u Singapur parlamenti spikeri boʻlgan birinchi ayol edi. Toʻrt yildan soʻng, 2017 yil sentyabr oyida u Singapurning birinchi ayol prezidenti boʻldi. (Eslatib oʻtamiz, parlamentar respublikalarga xos ravishda Singapurda ham ijro hokimiyatini asosan bosh vazir nazorat qiladi, prezident vakolatlari esa ancha cheklangan).
Prezident sifatida u ayollar huquqlarini himoyalash, jamiyatdagi birlikni qoʻllab-quvvatlash, dinlararo munosabatlarni mustahkamlash boʻyicha tashabbuslarni ilgari surdi.
Ishchi, ona sifatida va kasaba uyushmasida tajribaga ega boʻlgan Halima Yoqub ayollar va ishchilar manfaatlarini himoya qildi. Bosh vazir Li Syan Lung Halima Yoqub haqida shunday deydi: “Bizga insoniy tuygʻular bilan samarali siyosatni shakllantirishga yordam berdi”. U hukmron Xalq harakati partiyasida eng uzoq muddat xizmat qilgan musulmon ayol siyosatchidir.
Siyosatchi keksa va past malakali ishchilarni tayyorlashdan tortib, keksalar va ruhiy kasallarga gʻamxoʻrlik qilishgacha boʻlgan ijtimoiy masalalarda faol. U ish va hayot muvozanatini yaxshilash uchun moslashuvchan ish tartibini va oilaviy parvarish ta'tilini qoʻllab-quvvatlaydi. U, shuningdek, ayol davlat xizmatchilari uchun teng tibbiy imtiyozlar borasida kurashadi.
Ayni paytda 68 yoshda boʻlgan Halima Yoqub karera bilan bir qatorda, oilaviy hayotini ham yaxshi izga solgan. Talabalik davrida Muhammad Abdulla Al Hashbi ismli insonga turmushga chiqqan va bugungi kunda ular besh farzandning ota-onasi.
Manba: Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar