20:43 / 18.11.2022
1 761

«Bu jinoiy urush» — Buchada bo‘lgan rossiyalik harbiy Ispaniyadan boshpana so‘radi

«Bu jinoiy urush» — Buchada bo‘lgan rossiyalik harbiy Ispaniyadan boshpana so‘radi
Foto: Gulagu.net
15 noyabr kuni Gulagu.net asoschisi Vladimir Osechkin Ukrainadagi urushda qatnashib, Rossiyaga qaytgan va mamlakatdan qochishga qaror qilgan harbiy xizmatchi Rossiyadan Ispaniyaga olib ketilgani haqida xabar berdi. 27 yoshli Nikita Chibrin 64-alohida motoo‘qchi brigada safida Rossiya bosqinida ishtirok etgan - bu Kiyev atrofida harbiy jinoyatlar sodir etishda ayblangan brigadadir. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainada ekanida biror marta o‘q uzmagan. The Guardian gazetasi undan intervyu oldi.

Nikita Chibrin Rossiya armiyasiga 2021 yilda moliyaviy qiyinchiliklar tufayli yozilganini aytadi. U o‘shanda qandaydir urushda qatnashishga to‘g‘ri kelishi haqida o‘ylamagan. 2022 yil 24 fevralida esa u tarkibida bo‘lgan 64-alohida motoo‘qchilar brigadasi Ukrainaga kirib kelgan, keyinroq bu brigada Buchada tinch aholini qirg‘in qilishda ayblandi. «Biz Ukrainada jang qilishimiz kerakligini bilmasdik. Hammamizni aldashdi», — deydi u.

Chibrinning o‘zi aytishicha, bosqinning ilk kunidayoq u komandiriga jang qilishni istamasligini aytgan. Avvaliga uni qamoq bilan qo‘rqitishgan, ammo keyinroq qo‘mondonlik uni armiya mexanigi lavozimidan bo‘shatgan va «yuklovchi va tozalovchi» sifatida ishlatgan.

Urushning ilk oyini Chibrin keyinchalik rossiyalik askarlar tomonidan harbiy jinoyatlar sodir etilganiga oid ko‘plab dalillar topilgan Bucha va Andreyevka o‘rtasidagi Lipovka qishlog‘ida o‘tkazgan.

Chibrin biror marta qotillik yoki zo‘rlash holatlariga guvoh bo‘lmaganini, ammo safdoshlari bu mavzularni muhokama qilishganini eshitganini aytadi. Shu bilan birga, u o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan talonchilik holatlari haqida gapirib bergan: «Ular barcha narsani o‘g‘irlashardi. Kir yuvish mashinalari, elektronika, barini».

Kiyev oblastidan chekinilgach, Chibrinning bo‘linmasi Izyumga yaqin masofada bo‘lgan Bugayevka qishlog‘iga yuboriladi. Chibrin u va ko‘plab safdoshlari armiyadan bo‘shashga harakat qilganini, ammo ofitserlar qochmoqchi bo‘lganlarni otib tashlashni va’da qilishganini aytadi.

16 iyun kuni Chibrin qismdan qochishga muvaffaq bo‘lgan. U Rossiyaga qaytayotgan yuk mashinasiga chiqib olib, yashiringan. The Guardian xabariga ko‘ra, u taxminan shu vaqtda Ukrainadagi harbiy harakatlarda ishtirok etishdan bosh tortgan harbiylarga yordam beruvchi advokat, «Voyenniy ombudsmen» loyihasi rahbari Maksim Grebenyuk bilan bog‘langan.

Chibrin keyinroq Ispaniyaga kelishga muvaffaq bo‘lgan, bu yerda u siyosiy boshpana so‘ragan. Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, uni Madrid aeroportidagi immigratsiya markazidan chiqarishgan va yaqin vaqtlar ichida u qochqinlar uchun vaqtincha lagerga o‘tkaziladi.

Chibrin gazetaga xalqaro sudda ko‘rsatma berishni juda xohlashini aytadi: «Bu Rossiya boshlagan jinoiy urush. Men u to‘xtashi uchun qo‘limdan kelgan ishni qilishni istayman», — degan u.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Bu jinoiy urush» — Buchada bo‘lgan rossiyalik harbiy Ispaniyadan boshpana so‘radi