
Turkiya va Misr munosabatlarining normallashuvi Anqaraning Suriya bilan ham aloqalari yaxshilanishiga yordam berishi mumkin. Bu haqda Rajab Toyyib Erdog‘an ma’lum qildi.
"Turkiya-Misr o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilanib bormoqda, keyingi bosqich Suriya bilan bo‘lishi mumkin. Siyosatda xafagarchilikka o‘rin yo‘q", — degan Turkiya rahbari Ko‘nyadagi chiqishida.
Bu so‘nggi paytlarda Anqaraning Bashar Asad bilan 11 yillik tanaffusdan keyin aloqalarni tiklashi mumkinligi to‘g‘risidagi taxminlarni tasdiqladi. Iyulda turk hukumati Suriya shimoli-sharqidagi kurd terrorchilarini tiyib turish uchun Asad rejimi bilan ishlashga tayyorligini bildirgandi. Keyingi oyda esa janob Erdog‘an Asad hokimiyatini almashtirish niyatida emasligini aytgandi. Bir necha kun oldin esa Turkiya yetakchisi Suriya va turk maxsus kuchlari hamkorlik qilayotganini malum qildi.
Suriya bilan yarashuv haqida oxirgi ishora o‘tgan haftada berildi: Turkiya 10 yildan ziyod aloqalarni muzlatib qo‘ygan yana bir davlat — Misr prezidenti Abdulfattoh Sisiy Erdog‘an bilan uchrashdi. 2013 yilgi to‘ntarish natijasida hokimiyatga kelgan Sisiy Anqara tomonidan uzoq vaqt tan olinmadi. Ammo so‘nggi ikki yilda vaziyat tubdan o‘zgardi. Oxirgi uchrashuv Qatar vositachiligida o‘tganligi aytilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar