13:17 / 06.12.2022
1 435

Blinken: Ukraina bo‘yicha tribunal tuzish muhokama qilinyapti

Blinken: Ukraina bo‘yicha tribunal tuzish muhokama qilinyapti
Foto: CNN
Ukrainadagi urush davridagi jinoyatlarni tergov qilish uchun mustaqil sud yoki tribunal tuzish masalasi muhokama qilinmoqda. Buni 5 dekabr, dushanba kuni AQSH davlat kotibi Entoni Blinken tasdiqladi. U Vashingtondagi The Wall Street Journal CEO Council forumi doirasida savollarga javob berdi.

«Shuni bilish kerakki, sodir bo‘lgan voqea (urush boshlanishi) uchun javobgarlikni ta’minlash juda muhim», dedi u. Blinkenning so‘zlariga ko‘ra, harbiy jinoyatlar haqidagi ma’lumotlar, ularni sodir etganlik dalillari «turli yo‘llar bilan» to‘planadi, «ukrainaliklar buni o‘zlari qiladilar».

«Men nima bo‘lishini oldindan aytishni xohlamayman», lekin «bu ma’lumot to‘planishi» muhim, dedi Amerika diplomatiyasi rahbari.

«Ukrainaning, agar kerak bo‘lsa, sud tartibida ta’qib qilishi muhim», ammo «biz Xalqaro jinoiy sudning dalil va ma’lumot to‘plash borasidagi sa’y-harakatlarini ham qo‘llab-quvvatlaymiz», dedi AQSH Davlat departamenti rahbari. Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, «qandaydir mustaqil sud, tribunal tuzish masalasi» muhokama qilinmoqda. «Bularning barchasi stolda», dedi Entoni Blinken va bo‘lib o‘tgan voqea uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olish «juda muhim» ekanligini aytdi.

Avvalroq, 30 noyabr kuni Bryusselda Yevropa Komissiyasi (YEK) prezidenti Ursula fon der Lyayen Yevropa Ittifoqi BMT ko‘magida Rossiyani Ukrainadagi tajovuz uchun tergov qilish va jinoiy javobgarlikka tortish maqsadida ixtisoslashtirilgan sud yaratishni taklif qilishini ma’lum qilgan edi. YEK rahbarining so‘zlariga ko‘ra, yangi tuzilma yaratish istagi Xalqaro jinoiy sud bilan hamkorlik qilishdan bosh tortishni anglatmaydi.

«Biz ushbu ixtisoslashtirilgan sudni eng keng xalqaro qo‘llab-quvvatlashga erishish uchun xalqaro hamjamiyat bilan ishlashni boshlashga tayyormiz», dedi fon der Lyayen. «Rossiya o‘zining dahshatli jinoyatlari, jumladan, suveren davlatga qarshi tajovuz uchun narx to‘lashi kerak», — deya qo‘shimcha qildi u.

29 noyabr kuni Berlinda bo‘lib o‘tgan «katta yettilik» yig‘ilishi ishtirokchilari «Berlin deklaratsiyasi»ni qabul qilishdi, unda Rossiya oliy rahbariyati va Rossiya Federatsiyasi harbiylari tomonidan Ukrainada sodir etilgan jinoyatlarni yanada samaraliroq tergov qilish maqsadida G7 mamlakatlari huquqni muhofaza qilish idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga va’da berildi. Muvofiqlashtirishni yaxshilash uchun har bir davlat xalqaro huquqqa qarshi jinoyatlar uchun mas’ul bo‘lgan milliy aloqa nuqtasini belgilaydi.

Vazirlar nuqtayi nazaridan, bir tomondan, ishlarning takrorlanishiga va Rossiya bosqinidan omon qolgan guvohlarning takroriy so‘rovlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun milliy huquqni muhofaza qilish organlarining Xalqaro jinoiy sud bilan ishini muvofiqlashtirish muhim. Boshqa tomondan, ayrim jinoyatlarning jazosiz qolishiga yo‘l qo‘ymaslik kerakligi ta’kidlangan.

«Ukrainada sodir etilgan jinoyatlar uchun jazosiz qolish xalqaro huquqning tarixiy mag‘lubiyati va qurbonlarning bir necha bor tahqirlanishi bo‘ladi», dedi Germaniya adliya vaziri Marko Bushman. U va hamkasblari «harbiy jinoyatchilarni javobgarlikka tortish uchun hamma narsani qilishlariga» va’da berdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Blinken: Ukraina bo‘yicha tribunal tuzish muhokama qilinyapti