
Foto: EPA
Yevropa Ittifoqi sanksiyalari doirasida hibsga olingani aytilayotgan rossiyalik oligarxga tegishli hashamatli yaxta shu yilning yozida Italiyaning Sardiniya orolidagi portdan sirli ravishda g‘oyib bo‘ldi.
22 metrli Aldabra yaxtasi mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi kompaniyaning milliarder egasi va Formula 1 sobiq poygachisi Nikita Mazepinning otasi Dmitriy Mazepinga tegishli.
Qiymati 700 mingdan 1 million yevrogacha bo‘lgan kema Olbiya portida saqlanayotgan va Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Mazepin sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgach, mart oyida hibsga olingan edi. Yaxta iyungacha portda turgan, ammo Mazepinga tegishli ekani rasman tasdiqlanishidan bir necha soat oldin g‘oyib bo‘lgan.
Politsiyaning ma’lum qilishicha, Mazepin yaxtani olib chiqish uchun xorij kompaniyasi xizmatidan foydalangan. O‘z navbatida ular yaxtani Italiya sohillaridan uzoqlashtirish uchun sardiniyalik kapitanni yollagan.
Olbiya moliya politsiyasi qo‘mondoni Karlo Lazzari tomonidan olib borilgan tergov natijalariga ko‘ra, yaxta Tunisdagi kichik Bizerta portida to‘xtagan, biroq uning hozir qayerda ekanligi noma’lum.
Politsiya xabariga ko‘ra, «tadbirni» tashkil qilishda ishtirok etgan Mazepin kompaniyasi va kema oligarxga tegishli ekanini bilmaganini da’vo qilayotgan kapitan 500 ming yevrogacha jarimaga tortilishi mumkin.
Yaxtaning yo‘qolib qolishi Italiyada YEI sanksiyalarining birinchi marta buzilishini anglatadi.
Sardiniya orolida Mazepinga tegishli yana bir mulk sanksiyalar tufayli hibsga olingan bo‘lib, u oligarxning sevimli dam olish maskani hisoblanadigan katta villadir.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar