
Kecha, 8 dekabr kuni Saudiya Arabistoni qiroli Salmon bin Abdulaziz Xitoy rahbari Si Szinpin bilan Ar-Riyodda «har tomonlama strategik sheriklik shartnomasi»ni imzoladi. Bu haqda Al Arabiya telekanali xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Saudiya monarxi Xitoy rahbarini valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon ishtirokida qabul qilgan.
Uchrashuv davomida tomonlar vodorod energetikasi sohasini rivojlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni rag‘batlantirish, Xitoy tilini o‘rganish sohasida hamkorlik va sud-huquq sohasida bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro memorandumlar imzolangan.
Shuningdek, ikki davlatning uzoq muddatli dasturlari: Saudiyaning «Vision 2030» dasturi va Xitoyning «Bir kamar, bir yo‘l» loyihasini uyg‘unlashtirish rejasi imzolangan. Bundan tashqari, ikki davlat o‘rtasida 4 milliard dollarlik harbiy shartnomaga ham qo‘l qo‘yilgan.
«Xitoy ushbu tashrifdan Saudiya Arabistoni bilan har tomonlama strategik sheriklikni mustahkamlash imkoniyati sifatida foydalanadi», – deydi Si Szinpin.
Uning qayd etishicha, Pekin va Ar-Riyod bundan keyin ham bir-birini qo‘llab-quvvatlash, mustaqillikni birgalikda himoya qilish va tashqi aralashuvga qarshi turishda davom etadi.
Xitoy rahbariga 1957 yilda Ar-Riyodda asos solingan Qirol Saud davlat universitetining faxriy doktori unvoni berildi.
Si Szinpin 7 dekabr kuni Saudiya Arabistoni poytaxtiga rasmiy tashrif keldi. 9 dekabrga qadar davom etadigan tashrif davomida u Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashiga a’zo davlatlar rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazishi hamda Xitoy-arab sammitida ishtirok etishi kutilmoqda. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Ar-Riyodda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlarga arab davlatlari va tashkilotlarining 30 nafar yetakchisi taklif etilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar