12:39 / 11.12.2022
1 135

Rossiya dronlarining hujumidan so‘ng Odessa viloyatida 1,5 mln odam elektrsiz qoldi

Rossiya dronlarining hujumidan so‘ng Odessa viloyatida 1,5 mln odam elektrsiz qoldi
Foto: Getty Images
Rossiyaning navbatdagi zarbalaridan keyin Odessa viloyatida 1,5 milliondan ortiq odam elektr ta’minotidan uzilib qoldi, deya ma’lum qildi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy. Mahalliy hukumat aholini viloyatni tark etishga chaqirdi va elektrni qayta tiklash ikki-uch oy davom etishi mumkinligini bildirdi.

«Tungi zarbalardan so‘ng Odessa va viloyatning boshqa shahar-qishloqlari zulmatda qoldi. Ayni paytda Odessa viloyatida 1,5 milliondan ortiq odam elektr energiyasidan mahrum. Faqat o‘ta muhim infratuzilma elektrga ulangan», — dedi Zelenskiy 10 dekabr yakunlari bo‘yicha videomurojaatida.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning energetika tizimi, «yumshoq qilib aytganda, normal holatdan ancha yiroq» va uni qayta tiklash «juda qiyin». Elektrni rejali o‘chirish grafiklari Lvov, Vinnitsa, Kiyev, Ternopil, Sumi, Karpatorti, Jitomir, Xmelnitsk viloyatlarida va Kiyev shahrida amal qilmoqda.

Ukrainaning yirik energetika kompaniyasi DTЕK Facebook'da Odessa viloyati elektr ta’minotidan deyarli butunlay uzilganini xabar qildi. Odessa ma’muriyatining yashash uchun zarur tizimlar va energiya samaradorligi departamenti elektrni qayta tiklash uch oygacha davom etishini istisno qilmayapti.

«Uzoq vaqt elektrsiz qolish qanchalik qiyinligini tushunamiz. Agar yaqin vaqtda elektrsiz qiyin bo‘lishini tushunayotgan bo‘lsangiz va Odessa shahridan Odessa viloyatiga yoki undan tashqariga vaqtincha ketish imkoniga ega bo‘lsangiz, unda vaziyat shunday qilishga arziydi», — deyiladi hukumat bayonotida.

Odessa 10 dekabr kuni kechqurun energetika obyektlariga Rossiyaning kamikadze dronlaridan zarbalar berilganini xabar qildi. Rossiya Mudofaa vazirligining 10 dekabr kungi hisobotida Odessa viloyati yoki Ukrainaning energetika infratuzilmasiga berilgan zarbalar tilga olinmadi. Rossiya oktabr oyidan beri Ukrainadagi energetika obyektlariga hujum qilmoqda. Buning oqibatida mamlakatda elektr ta’minotida uzilishlar boshlangan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya dronlarining hujumidan so‘ng Odessa viloyatida 1,5 mln odam elektrsiz qoldi