
Yangi Zelandiya hukumati mamlakat aholisiga chekishni butunlay taqiqlashni rejalashtirmoqda. Lekin bir zumda emas, balki bosqichma-bosqich tarzda.
Jumladan, mamlakatda chekish ruxsat etilganlarning yosh chegarasini yilma-yil oshirish chorasi o‘rganilmoqda. Agar qonun qabul qilinsa, 2025 yilga borib Yangi Zelandiya chekish butunlay taqiqlangan birinchi davlatga aylanishi mumkin.
«Minglab odamlar sog‘lom bo‘ladi va uzoq umr ko‘radi, sog‘liqni saqlash tizimi esa 5 milliard dollar ko‘proq pul oladi, chunki chekish tufayli kelib chiqadigan saraton, yurak xuruji, insult, amputatsiya kabi kasalliklarni davolashga hojat qolmaydi», deb tushuntirdi sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Oysha Verrol.
2023 yilda 2009 yil 1 yanvardan keyin tug‘ilgan fuqarolarga sigareta sotishni taqiqlovchi qonun kuchga kiradi. Natijada, tamaki mahsulotlarini sotadigan joylar kamayadi. Do‘konlar soni 10 baravarga, butun mamlakat bo‘ylab 6000 tadan 600 taga qisqaradi.
Biroq, qabul qilinadigan qonun elektron sigaretalarga taalluqli emas. Statistika shuni ko‘rsatadiki, sigaretani tashlashga majbur bo‘lgan fuqarolar elektron sigaretaga o‘tib olishgan. Har kuni bunday sigareta chekadiganlar ulushi ortib, 2021 yildagi 6,2 foiz o‘rniga 8,3 foizga yetgan.
Shunday bo‘lsa-da, har kuni chekuvchilar soni o‘tgan yilgi 9,4 foizga nisbatan 8 foizga tushgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar