07:39 / 16.12.2022
4 955

Faqat Ukraina emas: 2023 yilda qaysi davlatlarda urush boshlanishi prognoz qilindi

Faqat Ukraina emas: 2023 yilda qaysi davlatlarda urush boshlanishi prognoz qilindi
Foto: «Marines.mil»
2022 yil Qozog‘istonda ommaviy norozilik namoyishlari bilan boshlanishini hech kim kutmagan edi. Rossiya Ukrainaga keng miqyosli hujum boshlashiga ham ko‘pchilik ishonmasdi. Navbatdagi urush va namoyishlar qayerda boshlanishini oldindan aytish deyarli imkonsiz. Ammo «Belsat» nashri hozir qayerlarda notinchlik bo‘layotgani sanab o‘tilgan maqola e’lon qildi.

Rossiya va qo‘shnilari

Ukraina yaqin orada tinch hayotga qaytishi dargumon. Agar mo‘jiza ro‘y bermasa, Ukrainadagi urush 2023 yilda ham davom etadi: front chizig‘i deyarli o‘zgarmagan bo‘lsa-da, har ikki tomon ham kurashni davom ettirishga bel bog‘lagan. Ukraina energetika infratuzilmasining keng miqyosda o‘qqa tutilishidan keyin ham taslim bo‘lishni istamayapti, Kreml esa vaqti-vaqti bilan muzokaralarga ishora qilsa-da, qo‘shinlarni Ukrainadan olib chiqish niyatida emas.

Ukraina artilleriyachilari Baxmut yaqinida 130 millimetrli M-46 to‘pidan o‘t ochmoqda. Donetsk viloyati, Ukraina. 2022 yil 15 noyabr.
Foto: «Belsat»

Rossiyaning o‘zi 2023 yilda ommaviy noroziliklarga duch kelishi mumkin: bunga yangi safarbarlik to‘lqini, yangi harbiy mag‘lubiyatlar yoki boshqa iqtisodiy inqiroz va turmush darajasining yanada yomonlashishi sabab bo‘lishi mumkin. Rossiyada davlat to‘ntarishi yoki fuqarolar urushi prognoz qilinmagan, biroq tahlilchilar ko‘pincha Checheniston rahbari Ramzan Qodirov va «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi rahbari Yevgeniy Prigojinning jamoat faoliyatiga e’tibor qaratadi. Ularning xatti-harakatlari Rossiya kuch tizimining zaifligini, qonunsizlik ham Rossiya kuch tizimi ekanini ko‘rsatishi mumkin, deb ta’kidladi «Belsat».

Rossiyaning Ukrainaga yangi hujumlariga Belarus ham jalb qilinishi mumkin. Qariyb ikki oydan beri Belarus mintaqaviy Belarus—Rossiya qo‘shinlari guruhini joylashtirmoqda va keng ko‘lamli safarbarlik tekshiruvini o‘tkazmoqda. Ammo hozircha Belarusda zarba berish kuchlarini shakllantirish belgilari ko‘rinmayapti.

Dnestrbo‘yi, Abxaziya va Janubiy Osetiya Ukrainadagi urush va Rossiyaning harbiy mag‘lubiyatlari fonida qo‘l qovushtirib turolmaydi. 2022 yil davomida Ukrainadagi urushda tan olinmagan Dnestrbo‘yi respublikasining ishtiroki haqida mish-mishlar tarqaldi. Qisman tan olingan Janubiy Osetiya Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha referendum o‘tkazishni rejalashtirgandi, biroq fikridan qaytdi.

Tog‘li Qorabog‘ hamisha to‘qnashuv zonasi bo‘lib kelgan. 2022 yilda Ozarbayjon hatto Armanistonning xalqaro tan olingan hududidagi shaharlarni ham o‘qqa tutdi. Ilgari tinchlikparvar sifatida xizmat qilgan Rossiya hozir Ukrainadagi urush bilan band: Armaniston asta-sekin bunday «ittifoqchi»dan voz kechmoqda. Afsuski, 2023 yilda mintaqada yana qon to‘kilishi ehtimoli bor.

Dunyoning qolgan qismi

Urushlar, inqiloblar va davlat to‘ntarishlari umuman kutilmagan joylarda boshlanishi mumkin. Germaniyada davlat to‘ntarishi tayyorlanyapti, deb hech kim o‘ylamagandi. Dekabr oyida bir guruh «Germaniya imperiyasi fuqarolari» Bundestagga bostirib kirishni va monarxiyani tiklashni rejalashtirgani ma’lum bo‘ldi: to‘ntarish uyushtirmoqchi bo‘lgan guruh mamlakat kansleri Olaf Sholsga suiqasd qilishni rejalashtirgan.

Perudagi siyosiy inqiroz besh yildan ortiq davom etdi. Dekabr boshida parlamentni tarqatib yubormoqchi bo‘lgan prezident hozir hibsda.

Ko‘pchilik urush va inqiloblarni oldindan bashorat qilishga urinadi. Masalan, Amerikaning Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi yaqinda birgina 2022—23 yillarning qishi uchun o‘z prognozlari bilan ellik sahifali hisobot e’lon qildi.

Xitoy ushbu hisobotda alohida bo‘limga kiritilgan. Gap faqat Tayvanga ehtimoliy hujum haqida emas. Xitoy asosan harbiy salohiyatini oshirib, Rossiyaga yaqinlashmoqda. Masalan, Economist jurnali Xitoy va Hindiston o‘rtasida Himolay tog‘laridagi bahsli chegaralar bo‘yicha mojaro bo‘lishini prognoz qilmoqda. Bundan tashqari, Xitoy 2022 yilda muvaffaqiyatsizlikka uchragan koronavirus siyosati tufayli keng ko‘lamli norozilik namoyishlarini boshdan kechirdi —namoyishlar 2023 yilda yana avj olishi istisno qilinmayapti. Demokratik kayfiyatdagi Gonkong ham yana kommunistlarga qarshi norozilik bildirishi mumkin. Bundan tashqari, Xitoy uyg‘ur xalqiga nisbatan Buyuk Britaniya, AQSH, Fransiya va boshqalar genotsid deb ataydigan siyosatini hanuz to‘xtatmagan.

Eron poytaxti Tehrondagi namoyishlar. 20 sentyabr, 2022 yil.
Foto: Darafsh

Eronda 2022 yilda boshlangan va «Diktatorga o‘lim» shiori ostida kechayotgan ommaviy norozilik namoyishlari kelasi yil ham davom etishi yoki zo‘ravonlik bilan bostirilishi mumkin. Namoyishchilarga berilgan imtiyozlar siyosiy emas, ko‘proq ramziy ma’noga ega. Bundan tashqari, Eron Saudiya Arabistoni bilan ochiq urush boshlashi mumkin: noyabr oyida bu mojaro muqarrar deb atalgandi.

Kosovo yana qaynoq nuqtaga aylanishi mumkin. 2022 yilda Serbiya Kosovo unga hujum uyushtirmoqchiligini da’vo qildi va Rossiyaning «denasifikatsiya» haqidagi ritorikasini ishlatdi, Serbiya prezidentiga esa «mini-Putin» sifatida qarashmoqda. U yerdagi mojaro muzlatib qo‘yilgan, lekin butunlay yumshatilmagan: Serbiya haligacha Kosovo mustaqilligini tan olmaydi (va «Kosovo Kosovoni okkupatsiya qilganidan» norozi), Kosovo esa mustaqil davlat sifatida ishlashga harakat qilmoqda.

AQSH dengiz piyodalari korpusining shahar sharoitidagi mashg‘uloti, askarlar jangarilar rolini o‘ynamoqda. Tventynayn Palmz, AQSH. 2022 yil 21 oktabr.
Foto: «Marines.mil»

Yaqin Sharq va Afg‘oniston, Shimoliy va Markaziy Afrika qonli to‘qnashuvlar maydoni bo‘lib qolmoqda. Yaman, Somali, Suriya va Efiopiyada urushlar, Kongo demokratik respublikasi, Nigeriya va boshqa joylarda nisbatan kichik mojarolar davom etmoqda, «Tolibon» Afg‘onistonni nazorat qilmoqda. 2023 yilda mintaqada yangi keng ko‘lamli urush boshlanadimi yoki yo‘qligi noma’lum, ammo tinchlikka deyarli umid yo‘q.

Janubi-Sharqiy Osiyo ham beqaror: masalan, 2023 yilda Shri-Lankadagi norozilik namoyishlari yangi kuch bilan avj olishi yoki Myanmada yana norozilik boshlanishi mumkin — u yerda hokimiyatni harbiy xunta egallab turibdi.

Shimoliy Koreya odatda xavf sezsa, urush va hatto yadroviy zarba bilan tahdid qiladi. The Economist tomonidan «oilaviy kallakesarlar» deb atalgan Kim rejimi o‘nlab yillar davomida ko‘plar tahdid qilib keladi. To‘g‘ri, bu tahdidlarni amalda qo‘llamaydi, lekin rejim ulkan armiya va yadro quroliga ega, shuningdek, Xitoy va Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. 2023 yilda buning o‘zgarishiga hech qanday belgi yo‘q, biroq Shimoliy Koreyaning tashqi agressiyasini ham inkor etib bo‘lmaydi.

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In qiziga qit’alararo ballistik raketani ko‘rsatib qaytmoqda. KXDR. 2022 yil 19 noyabr.
Foto: KCNA

Yuqorida sanab o‘tilgan mamlakatlardan tashqari, Jahon banki Burkina-Faso, Burundi, Iroq, Kamerun, Liviya, Mozambik, Mali, Niger, Janubiy Sudan va Markaziy Afrika respublikasidagi qurolli to‘qnashuvlarni qayd etdi; Burundi, Venesuela, Gaiti, Gvineya-Bisau, Zimbabve, Komor orollari, Livan, Liviya, Marshall orollari, Mikroneziya, Falastin, Papua-Yangi Gvineya, Solomon orollari, Sudan, Kongo, Tuvalu, Sharqiy Timor, Chad, Eritreyada esa institutsional va ijtimoiy beqarorlik hukm surmoqda.

2022 yilda ommaviy norozilik namoyishlari osoyishta Kanadada ham, Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lsa-da, Yevroparlament deputatlari hisobotiga ko‘ra, endi demokratik hisoblanmaydigan Vengriyada ham avj oldi. Hatto Mo‘g‘ulistonda hozir minus 21 daraja haroratga qaramay aholi norozilik o‘tkazmoqda.

Islandiya ayni damda Global tinchlik reytingida birinchi o‘rinda turadi. Ammo u yerda ham ommaviy norozilik namoyishlari boshlansa, hayron qolmaslik kerak, deb yakunlanadi «Belsat» maqolasi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Faqat Ukraina emas: 2023 yilda qaysi davlatlarda urush boshlanishi prognoz qilindi