
Ukraina poytaxti yaqinda Rossiya istilosi boshlanganidan beri eng yirik raketa hujumlaridan biriga uchragan bo‘lsa ham, tahlilchilar Moskva kelasi yil boshida Kiyevga yangi quruqlik hujumini boshlashga qodir ekaniga shubha qilmoqdalar, chunki 10 oylik urush charchatgan Rossiya qo‘shinlari hali ham yaxshi tayyorgarlik ko‘rmagan va yomon ahvolda.
Ukraina rasmiylari juma kuni Kiyev Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganidan beri duch kelgan «eng yirik raketa hujumlaridan biri»ga dosh berganini va Ukraina havo mudofaa vositalari shahar havo hududiga kirgan 40 ga yaqin raketadan 37 tasini urib tushirganini xabar bergan.
«Ruslar 200 mingga yaqin yangi askar tayyorlamoqda. Ular Kiyevga yana bir zarba berishlariga shubha qilmayman», degan ukrainalik general V. Zalujniy The Economist nashriga.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning yirik hujumi «fevralda, eng kechi mart oyida yoki yanvar oyining oxirida» sodir bo‘lishi mumkin.
Rossiya sentyabr-oktabr oylari orasida 300 ming zahiradagi askarni safarbar qilgan bo‘lsada, harbiy ekspertlar nazarida Moskvaning yangi qo‘shinlari Kiyevga navbatdagi hujum uyushtirish uchun yetarli darajada tayyorgarlikdan o‘tmagan yoki jihozlanmagan.
Fevral va mart oylarida Moskvaning birinchi urinishi, Ukrainaning shiddatli mudofaa harakatlari va Rossiya saflarida muhim ta’minot, razvedka va qo‘mondonlik muammolari tufayli sharmandalik bilan yakunlandi.
«Bunday hujum unchalik ehtimolga yaqin emas, lekin shu bilan birga imkonsiz ham emas», degan rossiyalik mustaqil harbiy tahlilchi Aleksandr Xamchixin.
Rossiyaning imkoniyatlarini muhokama qilar ekan, amerikalik harbiy ekspert Maykl Kofman ham Rossiyaning hujum boshlash qobiliyatini «juda kutilmagan ssenariy» deb baholagan.
«Ularning o‘q-dorilar bilan bog‘liq jiddiy muammosi bor va Rossiya armiyasining samaradorligi endi artilleriya o‘q-dorilarining mavjudligi bilan chambarchas bog‘liq», deydi Kofman War on the Rocks podkastiga bergan intervyusida.
Oq uy ham Moskvaning Kiyevga qarshi qarshi hujum uyushtirishga qodirligiga shubha qilmoqda.
Oq uy matbuot kotibi Jon Kirbi «Kiyevga yaqin orada hujum uyushtirilishi haqida hech qanday alomat ko‘rmayapmiz» degan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar