09:49 / 19.12.2022
1 102

Zelenskiy: Zamonaviy HHM tizimi Rossiya agressiyasini to‘xtatishga yordam beradi

Zelenskiy: Zamonaviy HHM tizimi Rossiya agressiyasini to‘xtatishga yordam beradi
Patriot HHM tizimi / Foto: NATO
Havo hujumidan mudofaa - Ukraina uchun ustuvor vazifa, deb ma’lum qildi Volodimir Zelenskiy kechki videomurojaatida. U hamkorlarni Ukraina osmonini himoya qilishga chaqirdi.

«Osmonimizni to‘liq himoya qilishimizga yordam berish, bizga imkon qadar tezroq yetarli miqdorda zamonaviy havo hujumidan mudofaa tizimlarini taqdim etish orqali siz terrorchi davlatni terrorning asosiy qurolidan mahrum qilishingiz mumkin», — dedi Zelenskiy.

Agar Rossiya bundan buyon «raketa zarbalari yo‘lidan yura olmasa», bu «tajovuzni tugatishni tezlashtiradigan eng kuchli qadamlardan biri» bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, Zelenskiy FIFA 2022 yilgi jahon chempionati finali oldidan tinchlik haqidagi bayonotini ko‘rsatishdan bosh tortgani uchun afsusda ekanligini bildirdi.

«Qatardagi final o‘yini oldidan FIFA ushbu murojaatni stadionda ko‘rsatishga to‘sqinlik qilgan bo‘lsa-da, dunyo baribir bizning chaqiruvimizni eshitdi», — dedi Ukraina prezidenti ijtimoiy tarmoqlarda o‘z murojaati bilan videoni tarqatishda yordam bergan ukrainalik futbolchilarga minnatdorchilik bildirib.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, futboldan maqsad shundaki, hamma g‘alaba qozona oladi, biroq «jang maydonida emas, o‘yin maydonida va eng yomoni qizil tugma emas, qizil kartochka bo‘lishi mumkin».

Murojaat yakunida Zelenskiy mamlakat yahudiy jamoasini va butun dunyodagi yahudiylarni Hanukka bayrami bilan tabrikladi.

Bundan oldin Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va ukrain xalqi 2023 yil uchun nufuzli Buyuk Karl xalqaro mukofoti laureati bo‘lgandi.

Mukofot qo‘mitasi o‘z qarorini 16 dekabr, juma kuni e’lon qildi. Mukofot 1950 yildan beri Germaniyaning Axen shahrida Yevropani birlashtirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun topshirilib kelinadi.

Qaror matnida «Ukraina xalqi prezident Volodimir Zelenskiy boshchiligida nafaqat o‘z mamlakati suvereniteti va fuqarolari hayotini, balki Yevropa va Yevropa qadriyatlarini ham himoya qilayotgani» ta’kidlangan.

«Ushbu himoya urushida Volodimir Zelenskiy nafaqat o‘z xalqining prezidenti va Ukraina armiyasining bosh qo‘mondoni, balki Ukraina va katta guruh tarafdorlari o‘rtasidagi turtki, aloqachi, vosita va bog‘lovchi hamdir», — deya ta’kidladi mukofot hay’ati.

Buyuk Karl mukofoti 1950 yildan beri Yevropani birlashtirishga qo‘shgan hissasi uchun beriladi. Uinston Cherchill va Konrad Adenauer uning birinchi laureatlari bo‘lgan. Yillar davomida uni taniqli siyosatchilar va jamoat arboblari oldi: Vatslav Gavel, Angela Merkel, Emmanuel Makron, Rim papasi Fransisk va boshqalar.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Zelenskiy: Zamonaviy HHM tizimi Rossiya agressiyasini to‘xtatishga yordam beradi