13:13 / 22.12.2022
2 867

Zelenskiy AQSHga tashrifdan ko‘zlagan maqsadlariga erisha olmadi

Zelenskiy AQSHga tashrifdan ko‘zlagan maqsadlariga erisha olmadi
Foto: Ukraina prezidenti ofisi
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSHga tashrifidan ko‘zlangan maqsadga erisha olmadi, u hujum operatsiyalarini olib borish uchun zamonaviyroq qurol-yarog‘lar olishni rejalashtirgan edi. The Washington Post gazetasida e’lon qilingan maqolada shunday fikrlar bildirildi.

Uning mualliflari qayd etishicha, Ukraina harbiy ehtiyojlari borasida Jo Bayden va Zelenskiyning qarashlari farq qiladi. «Ukraina prezidenti va uning maslahatchilari Vashington Bayden taqdim etishni istamayotgan zamonaviy qurol-yarog‘larni yuborishini talab qilib turib olishda davom etmoqda», — deyiladi maqolada.

Nashr fikricha, ikki davlat rahbarining muzokaralardan ko‘zlagan maqsadlari turlicha bo‘lgan. Xususan, Zelenskiyning maqsadi kelasi yilda «Ukrainaning yirik hujum operatsiyalarini boshlash qobiliyatini oshirish uchun yanada kuchliroq qurol-yarog‘»ni qo‘lga kirishdan iborat bo‘lgan. «Hech bo‘lmaganda, qisqa muddatli istiqbolda u bunga erisha olganidan darak beruvchi belgilar deyarli ko‘rinmadi», — deb ta’kidlaydi maqola mualliflari.

O‘z navbatida, Vashington ma’muriyati Zelenskiy «diplomatiya haqida qanday fikrda ekani bo‘yicha muhokamalar»ni sabrsizlik bilan kutgan, bu haqda gazetaga Oq uydagi manbasi ma’lum qilgan. «U hozir qaysi bosqichda turgani, muzokaralar jarayonini tezlashtirish mumkin bo‘lishi uchun Kiyev maksimal darajada kuchli pozitsiyada turganiga ishonch hosil qilish uchun unga nima kerakligi — shularni muhokama qilishni ko‘zlagan», — deya qo‘shib qo‘ydi nashr manbasi.

Zelenskiyning o‘zi esa Ukrainaga «ajoyib yangiliklar» bilan qaytayotganini ma’lum qildi. «Bizda ajoyib yangiliklar bor… Prezident Bayden yangi harbiy yordam paketi haqida e’lon qildi, uning asosiy qismini Patriot majmualari tashkil qiladi. Bu bizning havo hujumiga qarshi mudofaa tizimimizni ahamiyatli darajada mustahkamlaydi», — dedi u.

Shuningdek, Zelenskiy AQSH Kongressi 45 milliard dollarlik yordam paketini uning tarkibidan qat’iy nazar qo‘llab-quvvatlashiga umid bildirdi. U Ukrainaning vazifasi — mamlakat infratuzilmasiga nisbatan davom etayotgan zarbalar fonida qishdan o‘tib olish ekanini aytdi.

Bayden, o‘z navbatida, Vashington Kiyevni qancha kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlashini va’da qildi. «Siz adolatli sulhga erishish niyatingizni ko‘rsatdingiz», — dedi u Zelenskiyga. Ayni vaqtda, Rossiyaning, AQSH prezidenti so‘zlariga ko‘ra, jangovar harakatlarni to‘xtatish niyati yo‘q.

Vladimir Zelenskiy 21 dekabr kuni e’lon qilinmagan tashrif bilan Vashingtonga keldi. Tashrif doirasida Amerika yetakchisi bilan muzokaralar o‘tkazdi, shuningdek, AQSH Kongressida nutq so‘zladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Zelenskiy AQSHga tashrifdan ko‘zlagan maqsadlariga erisha olmadi