date
views 1 046

Xitoy elchisi: Ukrainadagi urush tufayli Xitoy qiyin ahvolda qoldi

Xitoy elchisi: Ukrainadagi urush tufayli Xitoy qiyin ahvolda qoldi
Foto: SCMP
Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi Xitoyni «juda og‘ir ahvolga solib qo‘ydi». Pekin «do‘stlardan birini tanlashi» kerak bo‘lgan vaziyatga tushib qoldi. Xitoyning Yevropa Ittifoqidagi yangi elchisi Fu Sun South China Morning Post gazetasiga bergan intervyusida shu haqda gapirdi.

Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, bu urush Xitoyni «juda og‘ir siyosiy ahvolga solib qo‘ydi» va Yevropa bilan munosabatlarni «o‘ta keskinlashtirdi». Fu Sunning ta’kidlashicha, rasmiy Pekin sodir bo‘layotgan voqealardan hech qanday foyda ko‘rmaydi va mojaroning cho‘zilib ketishidan manfaatdor emas.

«Rossiya ham, Ukraina ham yaxshi do‘stlarimiz, shuning uchun biz do‘stlar o‘rtasida tanlov qilishni xohlamaymiz. Bu bizning pozitsiyamizning boshlang‘ich nuqtasi», - dedi elchi.

«Eng muhimi, janglarni to‘xtatish, odamlarning hayotini saqlab qolish uchun o‘t ochishni to‘xtatishga erishish va bu boradagi barcha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Biz bilamizki, bu inqirozdan ba’zi odamlar foyda ko‘rmoqda. Ular juda katta miqdorda qurol-yarog‘ sotmoqda», - dedi u.

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan so‘ng, Xitoy rasman neytral pozitsiyani egallab, harbiy harakatlarni to‘xtatish va tinch muloqotni boshlashga chaqirib kelmoqda.

Xitoy G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalariga rasman qo‘shilmadi, biroq Xitoy kompaniyalari G‘arbning ikkilamchi sanksiyalariga tushib qolishdan cho‘chib, sanksiya ostiga tushgan ko‘plab tovarlarni Rossiyaga yetkazib berishni amalda cheklab qo‘ydi yoki to‘xtatdi.

Ommaviy axborot vositalarida Xitoydan Rossiyaga harbiy-texnik yordam ko‘rsatilayotgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlar tarqalayotganiga qaramay, hozircha harbiy ta’minot haqida hech qanday dalillar keltirilmagan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoy elchisi: Ukrainadagi urush tufayli Xitoy qiyin ahvolda qoldi