
Foto: AP
6 yanvar, juma kuni Ukrainada janglar davom etdi - bu Rossiya prezidenti Vladimir Putin soat 12.00 dan boshlab «Rojdestvo sulhini» bir tomonlama e’lon qilganiga qaramay yuz berdi. To‘qqiz yillik urush davomida Rossiya hech qachon o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlarga amal qilmagan, deb yozdi Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar Telegram'da.
Uning so‘zlariga ko‘ra, aksilterror operatsiyasi (ATO) davomida Donbassdagi kelishuv bo‘yicha uch tomonlama aloqa guruhi doirasida tomonlar kelishib olgan «ozmi-ko‘pmi barqaror o‘t ochishni to‘xtatish»ga 11 marta urinish bo‘lgan. «Ularning barchasiga Rossiya qasddan harakatlari bilan to‘sqinlik qilmoqda», dedi Malyar.
O‘z navbatida, Donetsk viloyati harbiy-fuqarolik ma’muriyati rahbari Pavel Kirilenko Telegram'da Rossiya Qurolli kuchlari ertalab Pokrovskiy tumanidagi Kuraxovoda «markazga qarata o‘q uzgani», ikkita ko‘p qavatli va bir xususiy uyga zarba berganini yozdi. Mahalliy kasalxonaning filiali shikastlangan, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bir kishi jarohatlangan, dedi Kirilenko. «Shaharda qolish xavfli! O‘z vaqtida evakuatsiya qiling!», deya qo‘shimcha qildi u.
Ukraina prezidenti devoni rahbari o‘rinbosari Kirilo Timoshenko o‘t ochishni to‘xtatish rejimi boshlanishidan bir necha soat oldin Kramatorsk o‘qqa tutilgani haqida Telegram'da ma’lum qildi. «Kramatorsk. Bosqinchilar shaharga ikki marta raketadan o‘q uzdi. Xususiy turar joy binosiga zarba bor», - deb yozdi prezidenti devoni rahbari o‘rinbosari Timoshenko Telegram-kanalida. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar yo‘q.
«6 yanvar. Butun Ukraina bo‘ylab havo hujumlari. Sovuq bomba boshpanalarida bolalar. Xersonda o‘t o‘chirish stansiyasiga hujum qilindi. Bu Rossiya sulhining mohiyatidir. Xuddi sukunatdek o‘zini tutib, orqadan zarba berish», - dedi Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak. «Hech qachon Rossiyaning so‘zlarini jiddiy qabul qilmang. Bu har doim aldash bo‘ladi», - deya qo‘shimcha qildi u.
Rossiya Mudofaa vazirligi vakili Igor Konashenkov, o‘z navbatida, Ukraina aholi punktlari va Rossiya armiyasi pozitsiyalarini o‘qqa tutishda davom etganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlarining Liman yo‘nalishida Rossiya pozitsiyalariga to‘rtta minomyotdan, Luhansk viloyatining Belogorovka tumanida uchta artilleriyadan, Zaporijjya viloyati Novopavlovka hududidan esa yana sakkiz shunday qurilmadan o‘q otilgan. «Ukraina qurolli kuchlarining o‘qqa tutilgan pozitsiyalari Rossiya qo‘shinlarining javob o‘qlari bilan bostirildi», — dedi general.
Ayni paytda, Kiyev sulhga qo‘shilishini aytmadi. Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Oleksiy Danilov avvalroq Ukraina Rossiya bilan «Rojdestvo otashkesimi» bo‘yicha hech qanday muzokaralar olib bormaydi, deya ta’kidladi. «Yechim juda oddiy - ular chamadonlarini olib, Rossiyaga ketishadi. Biz ular bilan hech qanday sulh bo‘yicha muzokaralar olib bormaymiz. Buning bizga aloqasi yo‘q», - dedi Danilov.
Oliy radadagi «Golos» fraksiyasi deputati, parlamentning milliy xavfsizlik, mudofaa va razvedka qo‘mitasi kotibi Roman Kostenko Kreml demarshini Ukrainaga qarshi axborot urushining elementi deb hisobladi. «Ular 25 dekabr kuni va yangi yil arafasida bizga qarata o‘q uzdi. Xandaqdagi askarlarimiz Rossiya sulhi nima ekanligini yaxshi biladi. Hozir bu kelajakda muzokaralar olib borish uchun o‘z cherkovi orqali sulhga erishishga urinishdir», dedi Kostenko.
6 yanvar kuni Rossiya Mudofaa vazirligi 6 yanvar soat 12:00 dan 7 yanvar 24:00 ga qadar Ukrainada «tomonlar o‘rtasidagi butun aloqa chizig‘i bo‘ylab» o‘t ochishni to‘xtatish rejimi e’lon qilinganini tasdiqladi. Qaror bir tomonlama qabul qilindi.
Rojdestvo bayrami munosabati bilan Kreml tomonidan e’lon qilingan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi Ukraina hududining davom etayotgan o‘qqa tutilishi, jumladan, muhim nishonlarga va tinch aholi vakillariga qilingan hujumlar uchun «Rossiyaning o‘z mas’uliyatini yashirishga qo‘pol urinishidir», deb ma’lum qildi Fransiya Tashqi ishlar vazirligi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar