
Lipetsk viloyatidagi Novouglyanka qishlog‘ida maxsus bo‘linma xodimlari Ukrainadagi urushdan qochgan 31 yoshli oddiy askar Dmitriy Perovni otib o‘ldirdi, deb xabar bermoqda Baza telegram kanali.
Perov o‘z uyining hududida o‘ldirilgan. Xabarlarga ko‘ra, maxsus bo‘linma hududga kirgan paytda erkak molxonasidan chiqib ketayotgan edi. Unga qurolini tashlab, yerga yotish buyurilganda u o‘q uza boshlagani iddao qilinmoqda. U javob o‘qidan otib o‘ldirilgan.
RIA Voronej xabariga ko‘ra, Perovning o‘limi Lipetsk viloyati hukumati matbuot xizmati tomonidan rasman tasdiqlandi.
Dmitriy Perov 13 yanvar kuni Rossiya Ichki ishlar vazirligining xabarida 344-razvedka polki joylashgan joyni o‘zboshimchalik bilan tark etgani aytilgan. U o‘zi bilan granatalar, avtomat va beshta oboymani olib ketgan.
Kaliningrad viloyatidan safarbar etilgan sakkiz harbiy xizmatchi ham qurolli to‘qnashuv paytida qurol bilan qochganlik haqidagi jinoiy ishda ayblanuvchiga aylandi.
Gumonlanuvchilarning o‘zlari tergovchilarga ma’lum qilishicha, ular 2022 yil 24 sentyabrda safarbar qilingan. 12 noyabr kuni Lugansk viloyatining Gladkovo va Malaya Aleksandrovka qishloqlari orasidagi dala lageriga o‘tkazilgan.
U yerda ular oziq-ovqat va sifatli kiyim-kechak bilan ta’minlanmasdan, yerto‘lalar qurishga majbur etilgan. Dekabr oyining oxirida safarbar qilinganlar frontga jo‘natilayotgani e’lon qilingan, shundan so‘ng ular «hayot va sog‘likni saqlash uchun» lagerdan qochishga qaror qilishgan.
Ukrainadagi frontda o‘z joylarini tark etgan 29 kishi: «Biz bir necha hafta och qoldik, yordam so‘radik, ammo ratsiya orqali hech kim javob bermadi» deyishgan.
Harbiy xizmatchilar 23 dekabr kuni oziq-ovqat va fuqarolik kiyimlarini sotib olib, Lipetsk shahriga ikkita taksi buyurtma qilishgan. U yerda tunab qolib, keyin mikroavtobuslardan o‘tib, Podolskka yetib kelishgan. Shahar chekkasida ular ixtiyoriy ravishda politsiyaga kelib, qo‘llarida bo‘lgan qurollarni: to‘rtta pulemyot va to‘rtta Kalashnikov avtomatini topshirgan.
Harbiy xizmatchilarning aybi isbotlansa, ular besh yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar