15:14 / 20.01.2023
489

Prigojin Kleshchiyevka egallanganini aytdi. Bu Baxmut mudofaasi uchun qanday xavf soladi?

Prigojin Kleshchiyevka egallanganini aytdi. Bu Baxmut mudofaasi uchun qanday xavf soladi?
Foto: Reuters
Yevgeniy Prigojin o‘z boshqaruvidagi «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi yollanma jangchilari Baxmut shahridan janubda joylashgan Kleshchiyevka shahrini egallashgani haqida aytdi. Ukraina tomoni bu aholi yashash manzili boy berilganini tasdiqlamadi, Rossiya mudofaa vazirligi ham payshanba kungi hisobotida bu posyolkani tilga olmagan.

Kleshchiyevka egallangani haqida Prigojin audioxabarda aytgan, rasshifrovka uning matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan. U posyolka faqat uning boshqaruvidagi «Vagner» XHK bo‘linmalari tomonidan egallangani»ni aytgan.

Shu bilan birga, Prigojinning so‘zlariga ko‘ra, Kleshchiyevka atrofida hamon shiddatli janglar davom etmoqda. «Dushman yerning har bir metrini qattiq himoya qilmoqda. Ukraina qurolli kuchlari Artemovskdan (Baxmutning 2016 yilga qadar bo‘lgan nomi) qochib ketgani haqidagi turli xabarlarga zid o‘laroq, holat bunday emas. Ukraina qurolli kuchlari aniq va batartib ishlamoqda. Ulardan o‘rganadigan narsalarimiz bor. Ammo nima bo‘lganda ham «Vagner» XHK bo‘linmalari qadamma-qadam ilgarilamoqda. Artemovsk aholi yashash manzili ozod etiladi», degan Prigojin.

Kleshchiyevkaning yo‘qotilishi Ukraina armiyasiga qanday xavf soladi?

Baxmutdan besh kilometr janubda joylashgan Kleshchiyevka shaharga borishni, shuningdek Konstantinovkadan keluvchi va shahardagi ukrain garnizoni ta’minoti amalga oshiriladigan yo‘lga chiqishni to‘sib turadi.

O‘z oldiga Baxmutni egallashni maqsad qilgan Rossiya qo‘shinlari o‘tgan yil oxirida shaharga hujumlarni faollashtirganida uni shimol va janubdan o‘rab olishga kirishgandi. Shimoldan asosiy hujumlar Soledarga va uni aylanib o‘tib Paraskoviyevka, Krasnaya Gora va Blahodatnoyega qilinmoqda. Janubdagi Rossiya qismlari Ukraina qurolli kuchlarini Baxmut janubi-sharqidagi Opitnoyedan siqib chiqarishdi va shahar janubi va janubi-g‘arbidagi Kurdyumovka va Kleshchiyevka tomon yopirildi.

Kiyevdagilar Baxmut atrofidagi aholi yashash manzillariga hujum qilgan «Vagner» XHK yollanma jangchilari katta qurbonliklar berish evaziga ayrim yutuqlarga erishganini ma’lum qilgan. Ikki tomon ham o‘z yo‘qotishlarini ochiqlamaydi. Rossiya mudofaa vazirligi «Vagner» XHK RF qurolli kuchlari tuzilmasi tarkibiga kirmasligini aytadi - o‘z-o‘zidan yollanma jangchilar orasidagi yo‘qotishlar Rossiya mudofaa vazirligining rasmiy statistikasidan joy olmaydi.

Shunga qaramay, Rossiya qismlari Baxmut shimoli va janubidan ancha ichkariga kirgan bo‘lib, bu Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligini shahar qurshovga tushib qolmasligi uchun xavfli uchastkalarga shoshilinch tarzda zaxira kuchlari yuborishga majbur qilmoqda. Shu bilan bir vaqtda, Baxmut mudofaasidagi qismlar rotatsiya ham qilinmoqda.

Prigojinning bayonotini kimdir tasdiqlaydimi?

Rossiya mudofaa vazirligi rasmiysi general Konashenkov 19 yanvar kungi svodkasida boshqa yo‘nalishlardagi harbiy harakatlar haqida gapirgan. Baxmut hududidagi va aynan Kleshchiyevka qishlog‘idagi janglar haqida hech narsa demagan.

Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi Prigojinning so‘zlariga munosabat bildirmadi. Payshanba kuni bosh shtab ukrainalik harbiylar Baxmut atrofidagi qator aholi yashash manzillariga qilingan hujumlarni qaytarishgani haqida ma’lum qildi. Sanalgan joylar orasida Kleshchiyevka ham bor.

Ukrainadagi harbiy harakatlar hududida ishlayotgan rossiyalik harbiy muxbirlarning ko‘pchiligi Prigojinning xabarini hech qanday qo‘shimcha izohsiz qayta nashr etgan.

Rossiyaning militar telegram-kanali WarGonzo ma’lumotiga ko‘ra, Kleshchiyevka uchun janglar davom etmoqda.

«Baxmutdan janubda «Vagner» XHK Kleshchiyevkani shturm qilishda davom etmoqda. Shuningdek shaharning sharqiy chekkalarida ilgarilashga urinmoqda. Shimolda Krasnaya Goraga hujum qilinmoqda. Soledaradan g‘arbda Blagodatnoye tomon yurish qilinmoqda. Shimolda, Sol stansiyasi ustidan nazorat boy berilgach, ukrain qo‘shini Baxmutka daryosi ortiga chekindi», deyiladi xabarda.

«Ribar» telegram-kanali esa Prigojinning Kleshchiyevka olingani va qishloq atrofida janglar ketayotgani haqidagi so‘zlarini tasdiqlagan.

«Kleshchiyevka boy berilishi Baxmutda ham, Chasiv Yarda ham Ukraina qurolli kuchlari garnizonlari uchun katta xavf soladi. Ukraina bo‘linmalari Krasnoyedan g‘arbda joylashtirilgan stvolli va o‘ziyurar artilleriya qurollari (sakkizta M777 gaubitsasi va M109 o‘ziyurar artilleriya qurilmasi) ko‘magida qarshi hujum uyushtirishga urinmoqda», - deyilgan xabarda.

«Shu bilan birga, Chasiv Yarning o‘zida istehkomlarni mustahkamlash va qo‘shimcha kuchlar olib kelish ishlari faol olib borilmoqda», deya qo‘shimcha qiladi kanal mualliflari.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo