08:28 / 21.01.2023
662

AQSHda o‘zbekistonlik o‘z hamyurtini otib qo‘ydi

AQSHda o‘zbekistonlik o‘z hamyurtini otib qo‘ydi
Foto: Videodan kadr
AQSHning Florida shtatida yashovchi 42 yoshli o‘zbekistonlik G‘ani Jo‘raboyev vatandoshi 31 yashar Bekzod Nishonboyevni otib o‘ldirishda gumonlanib hibsga olingan. Bu haqda xabar bergan FOX 35 Orlando telekanaliga ko‘ra, hodisa 16 yanvar kuni Kissimmi shahrida sodir bo‘lgan.

Mojaro Kissimmi shahridagi hashamatli uylar qurilgan anklavda ro‘y bergani aytilmoqda. Tergovchilar qotillik pul talashuv sabab ro‘y berganini taxmin qilishmoqda. OAVga ko‘ra, ushbu pul uy uchun boshlang‘ich badal sifatida to‘langan, ammo qarz o‘z vaqtida qaytarilmagani ortidan kelishmovchilik kelib chiqqan.

Oseola okrugi sherifi Markos Lopesning aytishicha, Nishonboyev Jo‘raboyevga musht tushirgan. Buni qo‘lga olingan vaqtda uning ko‘zidagi shish va ko‘kargan izlar ham tasdiqlab turibdi. Raqibidan kaltak yegach, Jo‘raboyev mashinasidan to‘pponchasini olib, unga bir necha marta o‘q uzgan.

Qo‘shnilar kamida to‘rt marta o‘q ovozini eshitganliklarini aytishgan. Ulardan biri jarayon aks etgan videoni politsiyaga taqdim etgan. Videoda o‘zbekistonlikning o‘z hamyurtiga o‘q otgani ko‘rinmaydi, biroq qattiq qichqiriq ovozlari eshitiladi.

Ro‘y bergan hodisadan so‘ng Jo‘raboyev jabrlanuvchini o‘z mashinasida shifoxonaga olib borgan. Biroq u olgan jarohatlari tufayli vafot etgan.

Lopesga ko‘ra G‘ani Jo‘raboyev Bekzod Nishonboyevga qarata o‘q uzganini tan olgan. U 17 yanvar kuni hibsga olingan. Tergov idorasi hodisani qasddan sodir etilgan qotillik deb malakalamoqda.

Qayd etilishicha, G‘ani Jo‘raboyev Oseola okrugida doimiy yashab kelgan, muqaddam sudlanmagan. 31 yashar B.Nishonboyev esa AQSHga O‘zbekistondan mehnat vizasi bilan kelgani, viza muddati 2022 yil mart oyida tugagani xabar qilingan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo