1 024
«Endi faqat Putinni emas, hammamizni yomon ko‘rishadi» – rus telekanalida «kutilmagan chiqish» ketib qoldi

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin mamlakatning barcha siyosiy telekanallari urush propagandasiga xizmat qilmoqda. Ammo ba’zi-ba’zida kutilmagan chiqishlar ham jonli efirda ketib qolyapti.
NTV telekanalining urush muhokamasiga bag‘ishlangan navbatdagi soniga internetdagi u haqda ma’lumotlarda Toshkentda tug‘ilgani aytiladigan Duma sobiq deputati Boris Nadejdin ham taklif qilindi. U urushni boshlashning o‘zi xato bo‘lgani, aynan urush sabab Ukrainada nafaqat Rossiya prezidenti Putinni, balki boshqa rossiyaliklarni ham yomon ko‘rib qolishganini aytdi.
«Buni (urushni) boshlash qanchalik dahshatli xato bo‘lgani endi Putinning o‘ziga ham ko‘rinmoqda. Boshidan bu kolonial urushga aylanib ketishi aniq edi. Bu nima degani? Aytaylik, Rossiya degan ulkan davlatda odamlar jimgina yashab yurgan, restoranga borayotgan, teatrga, futbolga tushayotgan, chet elga sayohat qilish uchun borayotgandi, hammasi ajoyib edi, shundaymi?
Ular (Kremldagilar) shunday reja qilishgandi: shartnoma asosida xizmat qilayotganlar, rosgvardiyachilar va boshqalarni Ukrainaga yuboramiz, Ukraina armiyasi parchalanadi, Zelenskiy qo‘rqib G‘arbga qochib ketadi, [uning o‘rniga] Medvedchuknimi Yanukovichnimi qo‘yamiz, tamom. Shunday o‘ylashgandi, to‘g‘rimi yo‘qmi?» dedi sobiq Duma deputati Rossiyaning birlamchi rejalari haqida o‘z fikrlarini bildirar ekan.
Nadejdinning bu so‘zlari ko‘rsatuv boshlovchisi va qolgan ishtirokilarda isterika keltirib chiqardi. Ular tinimsiz Nadejdinning so‘zini bo‘lishga intilib, gaplarini baland baqirib inkor qilishdi. Shu vaqt studiyadan «Siz bu rejani ko‘rdingizmi?» degan savol tushdi. «Tinchlaning, hammasi shundayligi ko‘rinib turibdi», dedi sobiq deputat so‘zidan to‘xtamay.
«Ha, frontning Zaporijjya va boshqa yerlarida oldinga siljish bordir, lekin buning evaziga nima olindi? Butunlay yakson bo‘lgan Ukraina shaharlari. Mariupol yo‘q bo‘lib ketdi hisob, Grozniyga o‘xshab. Millionlab ukrainaliklar qochoqqa aylandi, Rossiyaga ham millionlab qochoqlar kelishdi. Bir so‘z bilan aytganda ulkan gumanitar dahshat yuzaga keldi.
Keyin-chi? Shartnoma asosida xizmat qiladiganlar va rosgvardiyachilar bilan eplab bo‘lmasligi oydinlashgach, minglab mahbuslar yig‘ib olindi. Putin boshidan bu arzimagan «maxsus harbiy amaliyot» ekaniga ishontirmoqchi bo‘ladi, ammo yangi yilda u odamlarga tabrik yo‘llar ekan, butun boshli katta urushning harbiy qo‘mondoni kabi atrofida harbiylar bilan murojaat qildi.
Hammasi nima bilan tugaydi? Hech kim bilmaydi. Shaxsan men Ukraina Rossiyani egallashi, Kreml qamal qilinib, Putin qochib ketishiga ishonmayman. Ammo Rossiya armiyasi kuch bilan Kiyevni egallashiga ishona olaman. Qanday qilib deysizmi? Bu uchun, o‘rtoq Z-patriotlar, Ukrainaning million kishilik armiyasini yengish uchun to‘liq safarbarlik e’lon qilish kerak. Bir necha million rus erkaklarini qurollantirish, mamlakatdan chiqishni taqiqlab, butun iqtisodiyotni urushga qaratish kerak.
Va bularning barchasi yordamida g‘olib chiqsangiz ham qo‘lga kiritadiganingiz Kiyev, Mariupol kabi yirik shaharlarning xarobaga aylanishi va yuz minglab odamlarning o‘limi bo‘ladi. Siz shuni xohlayapsizmi? Ha, g‘alaba qozonish mumkin, lekin dahshatli vayronkorlik va katta yo‘qotishlar bilan. Gap shundaki o‘rtoqlar, u yerlardagi millionlab ukrainaliklar hozir nafaqat Putinni, sizni va bizni ham yomon ko‘radi. Sizga shu kerakmidi?» dedi Nadejdin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar