
Foto: Vladimir Kondrashov/AP/picture alliance
Koloniyada uzoq muddat qamoq jazosini o‘tayotgan rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyni qo‘llab-quvvatlovchi advokatlarning ochiq xati shaxsan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yuborildi. Bu haqda 23 yanvar, dushanba kuni DW'ga murojaat tashabbuskori, peterburglik advokat Viktor Drozdov xabar berdi.
Xatni 103 nafar advokat, jumladan Ivan Pavlov va Karinna Moskalenko imzolagan. Imzolar va jo‘natish kvitansiyasi bilan arizaning nusxasi DW ixtiyoriga kelib tushgan.
"Biz - advokatlar, fuqarolik jamiyati vakillari, Rossiya Federatsiyasi fuqarolarimiz. Bizning to‘g‘ridan to‘g‘ri burchimiz fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini Rossiya Federatsiyasi qonunchiligi bilan taqiqlanmagan barcha vositalar orqali halol, oqilona va vijdonan himoya qilishdir", - deya ma’lum qildi maktub mualliflari. Ularning so‘zlariga ko‘ra, huquqiy maqomidan mahrum etilgan hamkasbi Aleksey Navalniyning "konstitutsiyaviy huquqlari poymol etilishi va inson qadr-qimmatining kamsitilishiga xotirjam qarab o‘tirishning iloji yo‘q".
Advokatlarning ta’kidlashicha, uning Vladimir viloyatidagi koloniyada hibsdagi sharoitlari "sog‘lig‘iga zarar yetkazish bilan bog‘liq va hayotga xavf tug‘diradi". "Huquqiy nuqtayi nazardan, jamiyat unga nisbatan qiynoq qo‘llashning barcha belgilariga ega bo‘lgan, dunyoning barcha sivilizatsiyalashgan mamlakatlarida taqiqlangan Rossiya Federatsiyasi fuqarosiga nisbatan davlatning xatti-harakatiga guvoh bo‘ldi", deya ta’kidlanadi xatda. Maktub mualliflari ta’kidlaganidek, ular to‘g‘ridan to‘g‘ri Putinga murojaat qilishga majbur, chunki Rossiyadagi barcha hokimiyat uning qo‘lida to‘plangan.
Advokatlarning Navalniyni himoya qilgan ochiq xati 14 yanvar kuni ommaga e’lon qilindi. Uning tashabbuskori Viktor Drozdovning DW nashriga bergan intervyusida aytishicha, huquq hamjamiyati bunga avvalroq xuddi shunday murojaatni e’lon qilgan shifokorlarning birdamlik aksiyasidan keyin qaror qilgan. "Shifokorlarning Navalniyni qo‘llab-quvvatlab, inson salomatligi, kasbining obro‘-e’tibori uchun qayg‘urayotgani, albatta, bizga ta’sir ko‘rsatdi. Axir, Aleksey Navalniy advokat bo‘lgan, siyosiy faoliyati fonida unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilganidan so‘ng u bu maqomdan mahrum qilingan edi", — deya tushuntirdi u.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar