
Birlashgan Arab Amirliklari astronavti Sulton al-Niyadiy muqaddas Ramazon oyida orbitada bo‘ladigan vaqtda tongdan to kechgacha ro‘za tutish yo‘llari haqida o‘ylashni boshladi.
"Kosmos Sultoni" laqabini olgan 41 yoshli astronavt 26 fevral kuni SpaceX Falcon 9 raketasida Xalqaro kosmik stansiya (XKS)ga uchiriladi.
Olti oylik koinotga safari doirasida mart-aprel oylarida Niyadiyni Ramazon oyi kutib turibdi.
“XKS tez harakatlanmoqda, demak u Yer atrofida 90 daqiqada aylanib chiqadi”, dedi u Dubayda jurnalistlarga bergan intervyusida.
"Kuniga o‘rtacha 16 marta quyosh chiqishi va botishi kuzatiladi. Siz qachon og‘iz yopish va ochishni rejalashtiryapsiz?", deya savol berdi jurnalistlar Sultonga.
“Ro‘zani GMT (London yaqinidagi Grinvich qirollik observatoriyasidan o‘tuvchi astronomik (O‘rta quyosh) meridian vaqti) vaqtiga qarab tutishni reja qilganman", deya javob berdi astronavt.
Aslida Islom shariati uzoq safarda bo‘lgan yoki sog‘ligi ko‘ngildagidek bo‘lmagan kishilarga ro‘za tutmaslikka ruxsat beradi.
Amirliklar armiyasida 20 yil xizmat qilgan Niyadi 2019 yilda Hazzaa al-Mansuriyning sakkiz kunlik missiyasidan keyin Birlashgan Arab Amirliklaridan koinotga chiqadigan ikkinchi astronavtdir.
U Buyuk Britaniyada elektronika va aloqa muhandisligi bo‘yicha tahsil olgan, so‘ngra Avstraliyadagi Griffit universitetida "Ma’lumotlar sizdirilishining oldini olish texnologiyasi" bo‘yicha PHD darajasini qo‘lga kiritgan.
Astronavtning aytishicha, olti oy uzoq vaqtdek tuyulishi mumkin, ammo jadval tig‘iz bo‘lgani uchun u bunga qarshi emas. Sulton Oy va Marsga bo‘lajak missiyalarga tayyorgarlik jarayonida mikrogravitatsiyaning inson organizmiga ta’sirini o‘rganadi.
BAA kosmik tadqiqotlar olamiga yangi kirib kelgan, ammo ancha shiddat bilan ilgarilayotgan mamlakatlardan biri.
2021 yilning mart oyida u arab dunyosidagi birinchi sayyoralararo missiya bo‘lgan Marsga uchuvchisiz kosmik kemani jo‘natdi va o‘tgan yili Oyga rover yubordi.
Niyadi missiyani bajarayotganidan baxtli ekani va o‘zi bilan oilaviy fotosuratlari va bolalarining o‘yinchoqlarini ham olib ketishini aytdi.
“Sportga muhabbatim tufayli jiu-jitsu formasini ham o‘zim bilan olaman”, deya qo‘shimcha qildi Kosmos Sultoni.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar