19:09 / 16.02.2023
591

Ukrainadagi rossiyalik harbiy asirlar lageridan reportaj: «Asosiysi – tirik va sog‘-salomatman, ona»

Ukrainadagi rossiyalik harbiy asirlar lageridan reportaj: «Asosiysi – tirik va sog‘-salomatman, ona»
Foto: BBCRussian
BBC nashri jurnalistlari Ukrainadagi rossiyalik harbiy asirlar lageriga tashrif buyurdi. Ular mamlakat g‘arbidagi harbiy asirlar lageriga yetib borganda, Rossiya raketalari yana Ukraina osmoni uzra uchib o‘tayotgan edi. Quyida BBC muxbirlarining to‘liq reportaji keltiriladi.

«Bu ma’yus binolarda, Ukrainaning harbiy asirlarni saqlovchi ellikka yaqin lageridan biri joylashgan. Unda yuzlab rus harbiylari — safarbar qilinganlar, professional askarlar va yollanma jangchilar saqlanadi.

Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimlari raketalarining uzoqdan portlashlari fonida biz yerto‘laga kiramiz va bu yerda Rossiya raketalaridan yashiringan bir necha o‘nlab asirlarni ko‘ramiz.

Bu urushda asirlar almashinuvi muntazam ravishda amalga oshirilmoqda va uning davom etishi Kiyev uchun juda muhim. Fevral oyida Ukraina hukumati urush boshlanganidan beri almashinuvlar orqali 1762 kishini uyiga qaytarishga muvaffaq bo‘lganini e’lon qildi. Mahbuslarni almashish murakkab va qaltis operatsiya bo‘lib, uni uyushtirish uchun ko‘pincha bir necha oy kerak bo‘ladi.

Jeneva konvensiyasi qoidalariga ko‘ra, harbiy asirlarni keng jamoatchilikka ko‘rsatish mumkin emas.

Bizga o‘zimiz tanlagan va biz bilan suhbatlashishga rozi bo‘lgan asirlar bilan gaplashishga ruxsat berildi. Ammo lager soqchilari butun vaqt shu yerda bo‘ldi va mahbuslar, ehtimol, o‘zlari xohlagan narsani deyarli ayta olmadi.

Ko‘pchiligi hatto yuzini ham yashirdi.

Qo‘riqchilarning aytishicha, harbiy asirlar har ikki haftada bir marta qo‘ng‘iroq qilish huquqiga ega
2022 yil noyabr oyida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari idorasi har ikki tomonni harbiy asirlar huquqlarini poymol qilishda ayblab, hisobot e’lon qildi. Hisobot qiynoqlar va zo‘ravonliklardan shikoyat qilgan asirlar bilan o‘tkazilgan suhbatlarga asoslangandi.

Soqchilar bizga mahbuslar bilan risoladagidek muomala qilishlarini ko‘rsatish uchun qo‘llaridan kelgan barcha ishni qildi.

Asirlardan biri yollanma askar bo‘lganini aytdi. Uni uch kun oldin bu lagerga olib kelishgan. U yaqinda rossiyaliklar tomonidan egallangan Soledar shahri yaqinida asirga olingan.

Yana bir askarning aytishicha, u 29 dekabr kuni Luhansk oblasti hududida asirga tushgan.

«Umid qilamanki, ular meni almashtirishadi va men endi boshqa armiyaga bormayman», degan askar.

«Agar sizda tanlov bo‘lmasachi?» deb savol berdim men.

U bir soniya o‘ylab turib, «Bu borada o‘ylab qo‘yilgan fikrlar bor, men bu yerga yana qaytib kelaman va ixtiyoriy tarzda taslim bo‘laman», dedi.

Yerto‘ladan chiqib, biz atrofga qaradik va asirlarning yarmi yarador ekanini payqadik. Ularning ba’zilarining qo‘llari yoki oyoqlari bog‘langandi, ba’zilari esa zo‘rg‘a oqsoqlanib yurardi.

Bir yosh yigit granata portlashi qanday qilib uni oyog‘idan ayirganini ko‘zda yosh bilan aytib berdi.

Lagerdagi ustaxonada rossiyalik harbiy asirlar bog‘chalar uchun mebellar yasashadi
Pnevmatik stepler ovozini eshitib, biz o‘sha tomonga yurdik va kichik ishlab chiqarish maydonchasini ko‘rdik. Harbiy asirlar u yerda bog‘cha mebellarini yig‘ayotgandi. Ular bosh ko‘tarmasdan ishlashardi.

Bizga bir mahalliy firma lager bilan shartnoma tuzgani va asirlarga sigaret va shirinlik uchun pul topish imkoniyatini berganini aytishdi.

Harbiy asirlarning aksariyati bunday ustaxonalarda ishlashga majbur. Aftidan, ishlash yoki ishlamaslik huquqi faqat rus zobitlariga berilgan.

Tushlik uchun asirlar binoning yuqori qavatidagi vaqtinchalik ovqatlanish xonasiga boradi. Derazaga osib qo‘yilgan Ukraina bayrog‘i sovuq shamolda hilpiraydi.

Asirlarga tushlikda jo‘xorili sho‘rva va go‘sht solingan bo‘tqa beriladi
Ular tez va jimgina ovqatlanadi. Keyin stoldan turib, ukrain tilida tushlik uchun baland ovozda baravariga rahmat aytishadi.

Asirlar bu yerda ukrain tilida televizor ko‘rishga majbur qilinadi, jumladan, Ukraina tarixi va, masalan, Rossiya armiyasi tomonidan deyarli butunlay vayron qilingan Mariupol haqidagi hujjatli filmlar ko‘rsatiladi.

Oxirgi mahbuslar almashinuvi doirasida, o‘tgan yil bahorida Mariupolni himoya qilgan ukrainalik askarlarning bir qismi ham uylariga qaytgan.

Biz asirlardan biridan «ekrandan eshitayotganlaringizni tushunyapsizmi?» deb so‘radik.

«Biroz. Menimcha bu foydali ma’lumotlar» deya javob berdi mahbus. Bu holatda u Ukraina eshittirishlari haqida biron nomaqbul so‘z aytishi qiyin edi.

Televizor qarshisida o‘tirgan ruslarning ba’zilari televizorda nima deyilayotganini umuman tushunmayotgandi va katta ehtimol tushunishni xohlamayotgandi ham.

Soqchilarning so‘zlariga ko‘ra, mahbuslarga har ikki haftada bir marta qo‘ng‘iroq qilishga ruxsat beriladi. Rossiyadagi qarindoshlari o‘g‘li, eri yoki ukasi bilan nima bo‘lganini ko‘pincha aynan mana shu qo‘ng‘iroq qilish imkoni tufayli bilib oladi.

«Qayerdasan? Men allaqachon shaharning yarmini oyoqqa turg‘azdim», — deya telefon go‘shagidan bir yosh askarning onasining ovozi eshitiladi.

«Onajon, kuting. Men asirlikdaman. Boshqa gapira olmayman», deya javob berdi yosh askar.

«O‘sha… ukroplardami?» deya xitob qiladi ona, shundan so‘ng go‘shakdan uning yig‘isi ovozi eshitiladi.

«Bo‘ldi, onajon, jim, tinchlaning. Asosiysi men tirik va sog‘-salomatman», deydi yonida soqchi turgan o‘g‘il.

Ba’zi asirlar qarindoshlariga ulana olmaydi. Endi umid keyingi qo‘ng‘iroqdan. Yoki asirlar almashinuvidan».

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo