16:25 / 21.03.2023
490

Moskvada O‘zbekiston fuqarolari ishtirokida ommaviy mushtlashuv sodir bo‘ldi

Moskvada O‘zbekiston fuqarolari ishtirokida ommaviy mushtlashuv sodir bo‘ldi
Illustrativ foto
Ijtimoiy tarmoqlarda Moskva shahridagi Ant Yapi korxonasi qurilish obyektida ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolari ishtirokida ommaviy mushtlashuv sodir bo‘lgani haqida xabar tarqaldi. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
 
Konsullik bo‘limi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskvadagi vakolatxonasi xodimlari voqea joyiga borib, obyektda qurilish ishlari vaqtincha to‘xtatilganini, ishchilarning yashash joyi va hudud politsiya himoyasi ostida ekaniga ishonch hosil qilgan.
 
Ma’lum bo‘lishicha, ommaviy mushtlashuvga shu yilning 18 mart kuni oshxonada navbat kutish vaqtida yuzaga kelgan tushunmovchilik sabab bo‘lgan. Tortishuv 50-60 nafar fuqaro ishtirokida ommaviy mushtlashuvga aylangan.
 
Voqea joyiga zudlik bilan yetib kelgan ichki ishlar xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida 40 ga yaqin ishchi qo‘lga olinib, vaziyatga oydinlik kiritish uchun ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan.
 
Ta’kidlanishicha, mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘lga olinganlar so‘roq qilinib, tushuntirish xati yozilgach, qo‘yib yuborilgan.
 
Og‘ir tan jarohati olgan va jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q. Yaqin kunlarda konsullik bo‘limi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskvadagi vakolatxonasi xodimlari vaziyatga oydinlik kiritish uchun qurilish kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo