Rossiyada amerikalik jurnalist josuslikda ayblanib qoʻlga olindi

Rossiyada amerikalik jurnalist josuslikda ayblanib qoʻlga olindi

Foto: “Vkontakte”

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Yekaterinburgda AQSh fuqarosi, The Wall Street Journal muxbiri Evan Gershkovichning josuslikda gumon qilinib hibsga olingani haqida xabar berdi, deb yozmoqda Meduza'ga tayangan holda Daryo nashri.

FXX ma'lumotlariga koʻra, Gershkovich “Amerika tomonining koʻrsatmasi boʻyicha harakat qilib, Rossiya harbiy-sanoat majmuasi korxonalaridan birining faoliyati toʻgʻrisida davlat siri hisoblangan ma'lumotlarni yiqqan. Jurnalist "maxfiy ma'lumot olishga urinayotganda" qoʻlga olingan”, — deyiladi xizmat xabarida.

Unga nisbatan aygʻoqchilik boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatilgan. Bu modda 20 yilgacha qamoqni nazarda tutadi.

Dastlab Gershkovich Yekaterinburg shahrida bedarak yoʻqolgani haqida xabar berilgandi. Shaharda jurnalistga hamrohlik qilgan mahalliy piarchi Yaroslav Shirshikovning soʻzlariga koʻra, Gershkovich Yekaterinburgga “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi va “maxsus operatsiya” haqida material yozish uchun kelgan.

“U mana shunday katta ekspeditsiya uchun kelgandi. Uni qiziqtirgan eng muhim narsa "Vagner" guruhi va umuman "maxsus operatsiya"ga boʻlgan munosabat edi. Immigratsiya boshqarmasi bizga Yekaterinburgda kim bilan gaplashish kerakligini aytdi. Nega Yekaterinburg? Chunki ("Vagner" asoschisi Yevgeniy) Prigojin bir necha marta Yekaterinburg rahbariyatini maxsus operatsiyani buzishda ayblagan va u yerdan uni haydab yuborishgan. Evan hech qaerda (safari haqida) ommaga ochiq yozmagan, men uni turli ma'ruzachilarning chiqishida sahna ortiga olib bordim, provokatsiyadan qochishga muvaffaq boʻldim. Umuman olganda safardan uning koʻngli toʻlgandi”, — dedi Shirshikov.

29 mart kuni tushdan keyin Ural ommaviy axborot vositalarida Yekaterinburgda xavfsizlik kuchlari bir erkakni hibsga olgani haqida xabarlar paydo boʻldi. Shirshikov hibsga olingan shaxs Gershkovich ekanini taxmin qildi.

Sverdlovsk viloyati gubernatori ma'muriyatining norasmiy Telegram-kanalida ham Gershkovich haqida shunday post qoʻyildi: “Kecha Wall Street Journal jurnalisti Evan Gershkovich haqiqatan ham Yekaterinburgda hibsga olingan. Vaziyat juda jiddiy”.

Evan Gershkovich qariyb olti yildan beri Rossiyada yashaydi va Amerikaning The Wall Street Journal gazetasining Moskvadagi byurosida ishlaydi. Jurnalist Rossiya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan akkreditatsiyadan oʻtgan. Greshkovich avval Agence France-Presse, The Moscow Times va The New York Times gazetalarida ishlagan. Gershkovichning oxirgi maqolasi 28 mart kuni The Wall Street Journal nashrida chop etilgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar