09:23 / 08.04.2023
168

Makron Xitoyni urushni toʻxtatish uchun Kremlga ta'sir oʻtkazishga chaqirdi

Foto: EPA

Pekinga tashrif buyurgan Frantsiya prezidenti Emmanuel Makron 6 aprel kuni Xitoy etakchisi Si Jinpingni Ukrainadagi urushni tugatishga yordam berish uchun oʻzining Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ta'siridan foydalanishga chaqirdi.

«Rossiyani insofga keltirish va barchani muzokaralar stoliga qaytarish uchun sizga ishonishim mumkinligini bilaman», degan Makron Si Jinpingga.

Bunga javoban Xitoy rahbari tomonlar imkon qadar tezroq tinchlik muzokaralari oʻtkazishiga umid bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, Xitoy va Frantsiyada dunyo tinchligini himoya qilish uchun «imkoniyat ham, mas'uliyat ham» bor.

Makronning soʻzlariga koʻra, hozirgi inqiroz yirik jahon kuchlarining bir-biriga qarama-qarshi boʻlgan bloklarga boʻlinib ketishiga sabab boʻlishi mumkin.

6 aprel kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov yana bir bor Ukrainadagi vaziyat «tinch yoʻl bilan kelishuvga erishish istiqbolini koʻrsatmayotgani»ni aytdi.

«Kiev Ukraina qurolli kuchlari jangovar harakatlar paytida Qrim yarimoroli chegaralariga etib borsagina, Moskva bilan Qrim borasida muzokaralar oʻtkazishga tayyor boʻladi», degan Ukraina prezidenti devoni rahbari oʻrinbosari Andrey Sibi Financial Times gazetasiga.

Makron 4 aprel kuni Pekinga keldi va keyingi kuni uning Xitoy rahbariyati bilan muzokaralarda ishtirok etishga taklifiga binoan Evrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen ham Makronga qoʻshildi.

Makronning Xitoyga safari diqqat bilan kuzatilmoqda, chunki Pekin va Gʻarb davlatlari oʻrtasidagi munosabatlar soʻnggi bir necha yil ichida barqaror ravishda yomonlashdi. Xitoy, shuningdek, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini bevosita qoralashdan bosh tortdi.

Bundan tashqari, Makron Xitoy bilan savdo aloqalarini mustahkamlashga ham intilmoqda: u Pekinga oʻzi bilan biznes vakillaridan iborat katta delegatsiyani olib kelgan.

Tinchlik rejasi va yadro quroli

6 aprel kuni tushdan keyin, Makron Si Jinping bilan yopiq eshiklar ortida muzokaralar oʻtkazishdan oldin Pekindagi dabdabali harbiy paradni tomosha qildi. Xitoy va Frantsiya rasmiylari suhbatni «ochiq» va «doʻstona» deb ta'rifladi.

Chorshanba kuni Frantsiya prezidenti Pekindagi muzeylardan biriga tashrif buyurdi. Foto: Reuters

Muzokaralardan soʻng oʻtkazilgan matbuot anjumanida Si Jinping Ukrainadagi urush haqida gapirib, Xitoy tinchlik muzokaralari tarafdori ekani va mojaroga siyosiy echim izlayotganini ma'lum qildi. U, shuningdek, xalqaro hamjamiyatni sodir boʻlayotgan voqealarga nisbatan «ratsional vazminlik» koʻrsatishga chaqirdi.

Fevral oyida Xitoy TIV «Ukraina inqirozini siyosiy yoʻl bilan hal qilish boʻyicha pozitsiya» deb nomlangan hujjatni e'lon qildi. Pekinning «tinchlik rejasi» deb ataladigan 12 bandni oʻz ichiga oluvchi ushbu bayonot, Si Jinping Moskvaga yaqinda qilgan tashrifi chogʻida muhokama qilingan.

Gʻarb davlatlari va Ukraina Xitoy taklifida tinchlikka erishish uchun hech qanday aniq mexanizm yoʻqligi va buni Pekinning tinchlik rejasi emas, balki urushga qarashi sifatida koʻrish mumkinligini aytdi. AQSh, shuningdek, bir necha bor Xitoy Rossiyaga qurol-yarogʻ etkazib berishni boshlashi mumkinligidan xavfsirayotganini bildirdi. Biroq Gʻarb davlatlari bu allaqachon sodir boʻlayotganining belgilarini koʻrmayapti.

Makron bilan oʻtkazgan qoʻshma matbuot anjumani chogʻida Xitoy rahbari bu urushda yadro qurolidan foydalanmaslik kerakligini yana bir bor ta'kidladi.

Mart oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Belarus hududiga taktik yadro qurolini joylashtirish niyati borligini ma'lum qildi. Bundan oldinroq, Moskvadagi uchrashuvdan soʻng Putin va Si Jinping «barcha yadroviy davlatlar oʻz milliy hududlaridan tashqarida yadro qurolini joylashtirmasliklari va xorijda joylashtirilgan barcha yadro qurollarini olib chiqib ketishlari kerak» degan deklaratsiyani qabul qilgan edi.

«Ukraina okkupatsiya ostida qolar ekan, biz xavfsiz va barqaror Evropaga ega boʻla olmaymiz», dedi Makron Pekinda. U BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a'zosi boʻlgan Rossiyaning ushbu tashkilot nizomini buzayotganini qabul qilib boʻlmas holat deb atadi.

Makronning doʻstona ohangi va fon der Lyayenning keskin bayonoti

Kuzatuvchilar qayd etishicha, matbuot anjumanida Makron Xitoy rahbari bilan doʻstona munosabatda boʻlgan va koʻpincha unga bevosita murojaat qilgan. Si Jinping esa aksincha, matbuotga nisbatan beparvolik bilan gapirgan.

Si Jinping fon der Lyayen bilan ham muzokaralar oʻtkazdi. Foto: Reuters

Keyinroq, alohida matbuot anjumanida, Evropa Komissiyasi rahbari fon der Lyayen bir necha keskin bayonotlar berdi. Uning soʻzlariga koʻra, agar Pekin Rossiyaga qurol-yarogʻ etkazib bersa, bu xalqaro huquqning buzilishi hisoblanadi hamda Evropa Ittifoqi va Xitoy oʻrtasidagi munosabatlarga «sezilarli darajada putur etkazadi».

Ursula xonim «Xitoy adolatli tinchlik oʻrnatishda ishtirok etishiga» umid bildirdi. Ukrainaning gʻarbiy ittifoqchilari «adolatli tinchlik» deya urushning tugash stsenariysini, ya'ni Kiev oʻzining bosib olgan hududlari ustidan nazoratni qaytarib olishini nazarda tutadi. Fon der Lyayen, shuningdek, Ukraina etakchisi Volodimir Zelenskiyning Rossiya qoʻshinlarini Ukrainadan toʻliq olib chiqib ketishni nazarda tutuvchi tinchlik rejasini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini qoʻshimcha qildi.

Avvalroq Zelenskiy Si Jinping bilan toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazishni xohlashini aytgandi, biroq Xitoy rahbari bu taklifga hali rasman javob bermadi.

Fon der Lyayenning soʻzlariga koʻra, Si Jinping u bilan suhbat chogʻida Zelenskiy bilan «buning uchun qulay shart-sharoit va vaqt boʻlganda» gaplashishga tayyorligini tasdiqlagan.

6 aprel kuni kechqurun Xitoy rasmiylari Makron sharafiga tantanali kechki ziyofat uyushtirdi, bugun esa Frantsiya va Xitoy etakchilari janubdagi Guanchjou shahriga boradi va u erda yana birga tushlik qiladi, lekin bu safar shaxsiy formatda.

Bu tashrif nimasi bilan muhim?

Makronning Pekinga hozirgi tashrifi muhim ahamiyatga ega, chunki bu Si Jinping va har qanday Gʻarb etakchisi oʻrtasidagi oʻtgan yilning noyabr oyida Xitoy rahbari Balidagi G20 sammitida qatnashgan va u erda AQSh prezidenti Jo Bayden bilan uchrashganidan keyingi eng muhim muzokaradir.

Bundan tashqari, Makron oʻzining xalqaro tinchlikparvar sifatidagi obroʻsini mustahkamlashga intilmoqda va endi u Ukraina urushining barcha asosiy ishtirokchilari bilan shaxsan gaplashdi. Makron bungacha Putin va Zelenskiy bilan ham bir necha bor uchrashgandi.

Biroq, Makron Pekindan qandaydir jiddiy diplomatik yutuqlarga erishgan holda qaytmasligini yaxshi tushunadi. Xitoy rahbarining Rossiya va Ukrainaga munosabatini sezilarli darajada oʻzgartirishi ehtimoli juda kichik.

Makron ehtimol, kichik muvaffaqiyatlar, umumiy til topish va oʻzaro savdo hamda muzokaralardan olinadigan foydaga e'tibor qaratadi. Frantsiya prezidenti uning mamlakati Gʻarb ittifoqiga mansubligi va AQShga yaqinligiga qaramay Rossiyaning ittifoqchisi boʻlmish Xitoy bilan yaqin munosabatlar oʻrnatishiga ishonchi komil.

Matbuot oldida qilgan nutqida Frantsiya rahbari Pekin va Gʻarb oʻrtasida uzoq vaqtdan beri davom etayotgan qarama-qarshilikning asosiy sababi boʻlmish Xitoydagi inson huquqlari bilan bogʻliq muammolar haqida hech narsa aytmadi. Makronning ta'kidlashicha, bu masala Frantsiya uchun muhimligicha qolmoqda, biroq «ma'ruza oʻqishdan koʻra hurmat koʻrsatish yaxshiroq».

Makron Pekinga oxirgi marta toʻrt yil avval tashrif buyurgan edi. Uning hozirgi safari Frantsiyada pensiya islohoti bilan bogʻliq ish tashlashlar va tartibsizliklar fonida amalga oshirilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo