20:14 / 19.04.2023
774

Putinning safari videosidagi chalkashliklar: u qachon va qayerlarga borgan edi?

Putinning safari videosidagi chalkashliklar: u qachon va qayerlarga borgan edi?

Putin vertolyotda uchib kelgan va Genicheskkacha jipda ketgan. Foto: TASS

Putin Ukrainaning bosib olingan hududlariga borgani aks etgan video Kreml saytida seshanba tongida namoyish etildi.

Kreml tarqatgan xabarlarga ko‘ra, Vladimir Putin Ukrainaning bosib olingan ikki hududida - Xerson va Luhansk oblastlarida bo‘lgan. U ikki shtabga tashrif buyurgan va generallar bilan frontdagi vaziyatni muhokama qilgan. Putinning matbuot xizmati aniqlik kiritishicha, bu dushanba kuni ro‘y bergan.

Lapin va Teplinskiy

Kunning yorug‘ vaqtida olingan videokadrlarda Putin Mi-8 vertolyotidan chiqib kelishi, keyin kortej Xerson oblastining bosib olingan qismi markaziga aylangan Genichesk tomon harakatlanganini ko‘rish mumkin (mashinalar shaharga kirishdagi stela yonidan o‘tadi).

Putin mashinadan tushganida uni «Dnepr» guruhi qo‘mondoni Oleg Makarevich qarshi oladi. U darhol hisobot berib, uning guruhi «topshiriqqa binoan mudofaaga kirishgani»ni aytadi.

General Makarevich va prezident Putin. Foto: RUSSIAN POOL

Dastlabki xabar Kreml saytida ertalabki soat 7:15 da paydo bo‘lgan. Unda general-polkovnik Makarevichdan tashqari havo-desant qo‘shinlari qo‘mondoni, general-polkovnik Mixail Teplinskiy ham tilga olingan.

Shu kunlarda amerikalik harbiy ekspertlar va Britaniya razvedkasi yanvar oyida chetlatilgan Teplinskiy frontga qaytgani haqida xabar berishgandi (ularning ma’lumotiga ko‘ra, Donetsk oblastida Baxmutga yurishni qo‘llab-quvvatlash uchun).

Rossiya televideniyesida namoyish etilgan kadrlarga ko‘ra, «Dnepr» shtabidagi yig‘ilishda general-polkovnik Teplinskiyga yuzlangan Putin maqtovni ayamagan: «Xabarim bor, bosh shtab boshlig‘i va mudofaa vaziri topshirig‘i bilan u ko‘p vaqt oldingi chiziqda bo‘lgan, juda batafsil hisobot berdi. Mudofaa vazirligi va bosh shtab uni juda yuqori qadrlaydi».

Yana bir videoda general-polkovnik Aleksandr Lapin ko‘rinish beradi. Lapin Rossiya armiyasining o‘tgan yil sentabrida Xarkiv oblastidagi muvaffaqiyati aybdori sifatida ko‘riladi. Yanvar oyida OAV u frontdan chaqirib olinib, quruqlik qo‘shinlari bosh shtabi boshlig‘i lavozimiga tayinlangani haqida xabar bergandi.

Kreml matbuot xizmati tasdiqlashicha, Putin yana bir shtabda – «LXR»da joylashgan, Rosgvardiyaga aloqador «Vostok» shtabida bo‘lgan. General Lapin aynan shu yerda unga hisobot bergan.

Kreml xabarida qayd etilishicha safar «oldindan tayyorlangan bo‘lmagan». Putin safar davomida boshqa ishlar qatori «harbiy xizmatchilarni Pasxa bilan tabriklagan va ularga ikona nusxalarini sovg‘a qilgan».

Bu Putinning urush boshidan buyon Xerson va Luhansk oblastlariga ilk bor safar qilishi bo‘ldi. Bungacha, 19 mart kuni u maxfiy ravishda, kunning qorong‘i vaqtida Rossiya o‘tgan yil mayida bosib olgan va deyarli butkul vayron qilingan Mariupol shahriga kelgandi.

Mariupolda ko‘p miqdorda tinch aholi vakillari halok bo‘lgan. Kreml e’lon qilgan kadrlarda Putin shaharni mashinada kezgani va mahalliy aholi vakillari bilan muloqot qilgani aks etgan – Ukraina nashrlariga ko‘ra esa, u bilan uchrashtirilgan odamlar aslida rossiyaparast faollar bo‘lgan. Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak Mariupolga safarni «tsinizm va pushaymonlik yo‘qligi» deb atagandi.

Podolyak seshanba kuni tvitterida shunday yozdi: «Bir yil muqaddam uning [Putinning] bayonotini butun dunyo kutardi. U nima deyishini. U nima qilishini. Bugun esa – farqi yo‘q. Bunday siyosiy sub’yekt endi yo‘q».

Safar TVda qanday yoritildi, OAV va blogerlar nimalarni payqadi?

Putinning Xerson oblastining bosib olingan qismidagi «Dnepr» guruhi shtabiga tashrifi «Birinchi kanal», «Rossiya 1» va NTV telekanallarining ertalabki yangiliklar lentasining asosiy mavzusiga aylangan. Syujyetlarda aytilishicha, Putin generallar Makarevich va Teplinskiyning hisobotlarini tinglagan – so‘nggisi, Putinning so‘zlariga ko‘ra, «ancha vaqtdan buyon oldingi chiziqda bo‘lib turibdi».

«Men sizlarni qo‘shinlarni boshqarish bilan bog‘liq bo‘lgan bevosita majburiyatlaringizdan chalg‘itmoqchi emasman, shuning uchun biz bu yerda ishchi uchrashuv o‘tkazamiz, qisqa, ammo aniq, – deya Rossiya prezidentidan iqtibos keltiradi TASS. – Men uchun sizning vaziyat qanday rivojlanayotgani haqidagi fikringizni eshitish, sizni tinglash, ma’lumotlar almashish muhim».

Barcha ofitserlar dala formasida bo‘lgan. Putin esa ayrim kadrlarda kostyum, oq ko‘ylak va galstukda («Dnepr» shtabida) edi, boshqalarida esa kostyum ichidan qora vodolazkaga o‘xshash narsa kiygan («Vostok» shtabi).

Kreml e’lon qilgan videodan Putin Genichenskka vertolyotda uchib kelganidek tasavvur hosil bo‘ladi, ammo keyinroq e’lon qilingan, Putinning shaharni tark etishi tasvirlangan kadrlar shuni ko‘rsatadiki, u faqat annexia qilingan Qrim hududida vertolyotda harakatlangan, Xerson oblastiga o‘tgach esa avtomobilga o‘tirgan.

«Agenstvo»ning e’tibor qaratishicha, Putinning ketishi aks etgan kadrlarda Qrim bilan chegara hududida joylashgan «Chongar» mehmonxonasi binosi aks etgan, mehmonxona atrofida bir necha vertolyotlar turganini ko‘rish mumkin, shu kadrlardan keyin Kreml rasmiy xronikasidagi vertolyotdan turib olingan kadrlar keladi.

Safar qachon amalga oshirilgan?

Putin harbiylarga ikonalar nusxasini sovg‘a qildi, Kremldan ma’lum qilishlaricha, uni o‘z vaqtida Aleksandr III o‘z mudofaa vaziri Pyotr Vannovskiyga bergandi. Foto: THE KREMLIN

Putin harbiylarni Pasxa bilan tabriklagani aks etgan videoning birinchi versiyasida prezident shunday degandi: «Seychas vot Pasxa budet, da?» (Hozir Pasxa kirib kelmoqda, shunday emasmi?). Provaslavlarda esa Pasxa bayrami ikki kun oldin o‘tib bo‘lgandi. Bunga jurnalistlar e’tibor qaratgach, video tahrirlandi va undan «budet» so‘zi tushib qoldi. Katta ehtimol bilan, video chindan ham bir necha kun oldin olingan va Putinning Pasxa yaqinlashib kelayotgani haqidagi so‘zlari yanglishish bo‘lmagan.

O‘z navbatida, Shot nashri Kreml rasmiysi Dmitriy Peskovga tayangan holda, Putin bu safarni, 17 aprel, dushanba kuni amalga oshirganini yozgandi. Keyinroq Peskovning o‘zi har kungi brifingda jurnalistlarga bu ma’lumotni tasdiqladi.

«Chindan ham, prezident, ikonani berayotganida, bizda Pasxa degan. Ammo Pasxa qirq kun bo‘ladi. Qolaversa, hozir pasxa haftasi. Ular bu yanglish iboraga yopishib olishdi va bo‘lmagan gaplarni faraz qila boshlashdi», degan Peskov.

Ammo 17 aprel kuni Vladimir Putin Kremlda mudofaa vaziri Sergey Shoyguni qabul qilgandi, undan oldinroq esa Shoygu va Xitoy mudofaa vaziri bilan uchrashuv o‘tkazgandi.

Putin frontbo‘yi hududiga safariga mudofaa vazirini ham, bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimovni ham (u yanvar oyida maxsus harbiy amaliyot qo‘mondoni etib tayinlangandi) olib ketmagan.

Safardan maqsad

«Rybar» telegram-kanali (milliondan ortiq obunachisi bor) safar vaqtiga emas, Kreml havo-desant qo‘shinlari qo‘mondoni Teplinskiy va quruqlik qo‘shinlari shtabi boshlig‘i Lapinga urg‘u qaratayotganiga e’tibor qaratishni taklif etgan.

«Ikkisi ham maxsus harbiy amaliyotning borishi va qabul qilingan qarorlardan norozilik tufayli iste’foga teng «ta’tilga» ketgandi. Ikkisini ham qaytarishdi - va katta ehtimol bilan, [mudofaa vaziri Sergey] Shoygu va [bosh shtab boshlig‘i Valeriy] Gerasimovning istagiga zid o‘laroq, - deya yozadi telegram-kanal. - Lapin LXRda Rosgvardiyaning tarkibiy tuzilmasi bo‘lgan Milliy gvardiyaning «Vostok» qo‘shinlar guruhiga qo‘mondonlik qiladi. Bu nafaqat Lapin maxsus harbiy amaliyot hududiga qaytganini tasdiqlaydi, balki u boshqa vazifalar bilan boshqa guruhga o‘tkazilganini ko‘rsatadi. Lapin qo‘shinlarni kuchaytirish uchun u yerga yuborilganmi yoki mudofaa vazirligi rahbariyati bilan nizolarning oldini olish uchunmi, bunisi tushunarsiz».

Rossiya prezidenti bosib olingan hududlarga ilk safarini (Mariupolga) Haagadagi sud uni hibsga olishga order berishi ortidan amalga oshirgandi. Ehtimol, u bu safarlar orqali birinchi navbatda o‘z atrofidagilarga hamon vaziyatni nazorat qilayotganini namoyish etmoqchi bo‘lgan.

Amerikadagi Urushni o‘rganish instituti (ISW) tahlilchilariga ko‘ra, Putinning bu hududlarga tashrifi bir vaqtning o‘zida bir necha maqsadlarni ko‘zlagan: u Ukraina qarshi hujumi arafasida o‘zini «urush davridagi yetakchi» sifatida ko‘rsatishda davom etyapti; Volodimir Zelenskiyning front chizig‘idagi hududlarga kelishiga javob qaytarmoqda; Ukraina qarshi hujumi oldidan keyinchalik ayb yuklanadigan shaxslarni qidirmoqda.

Geolokatsion kadrlar Putinning Xerson oblasti janubi-g‘arbiy qismida, front chizig‘idan kamida 150 km uzoqlikda joylashgan Arbat Strelkaga tashrif buyurganini ko‘rsatadi.

Rossiya qo‘shini Xersondan o‘tgan yil noyabr oyi boshida chekingandi va bosqin boshidan buyon egallashga muvaffaq bo‘lingan yagona oblast markazi qaytarib berilgandi. Ammo regionning bir qismi - Dnipro daryosining chap sohili Rossiya nazoratida qolmoqda va mudofaaga tayyorlanmoqda.

18 aprel kuni Ukraina prezidenti ofisi Volodimir Zelenskiy seshanba kuni Ukraina harbiylarining Donetsk oblastining Avdiyivka shahridagi pozitsiyalariga tashrif buyurganini e’lon qildi, so‘nggi vaqtlarda Rossiya qo‘shini ushbu shaharni qurshab olishga harakat qilmoqda. Zelenskiy bu yerda «Donetsk» guruhi qo‘mondoni hisobotini tinglagan va harbiy xizmatchilar bilan muloqot qilgan. U bo‘lgan nuqta front chizig‘idan 5 km masofada joylashgan.

Kremlning prezident safari to‘g‘risidagi videosi javoblardan ko‘ra ko‘plab savollarni qoldirdi, ammo bir narsani aniq aytish mumkin. Dunyoning barcha yetakchi nashrlari Ukraina qurolli kuchlarida aprel oyi oxiriga qadar qancha yangi brigada tayyor bo‘lishi, ular G‘arbdan qancha Bradley va tanklar olishini muhokama qilayotgan chog‘da, Vladimir Putin harbiylariga o‘zi bilan faqat ikona nusxalarini olib keldi.


arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo