Foto: AFP / Wojtek RADWANSKI
22 aprel kuni Yevropada NATO ittifoqchilari va hamkorlarining ko‘p millatli Defender-23 harbiy mashg‘ulotlari boshlandi. Bu haqda AQSH Qurolli kuchlari Yevropa qo‘mondonligiga tayanib Interfax xabar berdi.
22 apreldan 23 iyungacha davom etadigan mashg‘ulotlar Qo‘shma Shtatlar va NATO ittifoqchilari o‘rtasidagi tayyorgarlik va o‘zaro hamkorlikni yaxshilash hamda Amerika armiyasining Yevropadagi jangovar qudratini tezda oshirishga qaratilgan, deb ta’kidladi qo‘mondonlik.
Mashg‘ulotlarda NATO tashkilotiga a’zo 26 davlat va hamkorlardan 9 mingga yaqin amerikalik va 17 mingga yaqin yevropalik askar qatnashadi.
«Ikki oy davom etadigan mashg‘ulotlar AQSH qurolli kuchlarini strategik joylashtirish, oldindan Yevropada joylashtirilgan armiya zaxiralaridan foydalanish va Yevropa ittifoqchilari va hamkorlari bilan o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan», dedi Pentagon matbuot kotibi Sabrina Singx.
Pentagon xabariga ko‘ra, Yevropaning 10 ta davlati hududida bo‘lib o‘tadigan Defender-23 mashg‘ulotlari «AQSH Qurolli kuchlari ittifoqchilarini qo‘llab-quvvatlash va tahdidlarning oldini olish maqsadida Yevropada jangovar qo‘shin va texnikalarni tezkor joylashtirish qobiliyatini namoyish etish» uchun mo‘ljallangan.
Shu maqsadda mashg‘ulotlarda 7 mingga yaqin AQSH harbiy texnikasi ishtirok etmoqda. Bundan tashqari, Amerikaning Yevropadagi omborlarida saqlanayotgan 13 mingga yaqin harbiy texnikasidan ham foydalaniladi.
Tahlilchilar fikriga ko‘ra, mashg‘ulotlar NATO davlatlarining Rossiya chegaralari yaqinidagi boshqa manyovrlari qatori AQSHning Rossiyani tiyib turish siyosatiga to‘liq mos keladi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar