![Italiyada qochib ketgan Artem Ussning aktivlari muzlatib qo‘yildi](/uploads/posts/2023-04/fwfv2dah2zonc8axoovaoo5zgd9vda2f.jpg)
Artem Uss Foto: Ijtimoiy tarmoqlar
Italiya hukumati mart oyida uy qamog‘idan qochgan Krasnoyarsk o‘lkasi sobiq gubernatori o‘g‘li, tadbirkor Artem Ussning aktivlarini muzlatib qo‘ydi. Bu haqda 21 aprel, juma kuni Il Messaggero gazetasi mamlakat iqtisodiyot va moliya vaziri Jankarlo Jorjettining farmoniga tayanib xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, muzlatilgan aktivlar qatoriga Milan yaqinidagi Baziloda villa va garaj, Banco di Sardegna bankidagi 160 ming yevrodan ortiq mablag‘ va Luxury Sardinia aksiyalarining 40 foizdan ortig‘i kiradi.
Artem Uss 2022 yil oktyabr oyida AQSH rasmiylarining iltimosiga binoan Milan aeroportida qo‘lga olingan edi. Qo‘shma Shtatlar uni Amerika harbiy texnologiyalarini noqonuniy eksport qilish va pul yuvishda aybladi. Uss ishida Germaniyada hibsga olingan uning biznes sherigi Yuriy Orexov va yana uch nafar rossiyalik ishtirok etmoqda.
Ekstraditsiya qilish imkoniyatini ko‘rib chiqqan Italiya sudi AQSH rasmiylari tomonidan Ussga qo‘yilgan ayblovlarning ikkitasini yetarlicha ishonchli deb topdi: embargoni chetlab o‘tish uchun Venesuela neftini kontrabanda qilish va bank firibgarligi.
Rossiya ham Artem Ussni ekstraditsiya qilish talabi bilan Italiyaga murojaat qildi. Moskvaning Meshchansk sudi uni juda katta miqdordagi pul yuvish ishi bo‘yicha sirtdan hibsga oldi.
AQSHga ekstraditsiya qilish qaroridan ikki kun o‘tib, 22 mart kuni 40 yoshli erkak elektron bilaguzugini sindirib, uy qamog‘ida bo‘lgan kvartirani tark etdi. 12 aprel kuni La Repubblica gazetasi, uning ma’lumotlariga ko‘ra, Ussning qochishi kamida o‘n kishidan iborat bo‘lgan tezkor guruh tomonidan uyushtirilgani haqida xabar berdi.
Tergovga ma’lum bo‘lishicha, bu odamlar Ussga Milandan Italiyaning Triyesta shahriga bir necha soat ichida yetib borishga yordam berishgan va yo‘lda bir nechta mashinani almashtirgan. U yerda Uss soxta hujjatlar yordamida Sloveniya chegarasini kesib o‘tgan, shundan so‘ng u Serbiyaga ketgan va, ehtimol, u yerdan Rossiyaga yo‘l olgan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring ![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar