22:05 / 28.04.2023
232

Rossiyada davlatga xiyonat uchun umrbod qamoq jazosi joriy etildi

Rossiyada davlatga xiyonat uchun umrbod qamoq jazosi joriy etildi
Foto: Izvestiya
Rossiya prezidenti Vladimir Putin «davlatga xiyonat» uchun umrbod qamoq jazosi, shuningdek, «sabotaj» va «xalqaro terrorizm» uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.
 
Sabotaj sodir etganlik uchun jazo 15 yildan 20 yilgacha, xalqaro terrorizm uchun 10 yildan 12 yilgacha oshirildi. Davlatga xiyonat moddasiga ko‘ra, eng yuqori jazo avval 20 yillik qamoq bo‘lsa, endi umrbod qamoq jazosi joriy etildi.
 
Qonun loyihasida xalqaro tashkilotlar qarorlari ijrosiga «ko‘maklashganlik» uchun ham jazo nazarda tutilgan. O‘lim xavfini yuzaga keltirgan va mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirishga qaratilgan harakatlar uchun eng yuqori jazo endi 15 yil emas, 20 yilga teng. Terrorchilik faoliyatiga yordam berganlik uchun jazoning eng past chegarasi 5 yildan 7 yilgacha oshirildi.
 
Bundan tashqari, Vladimir Putin «Fuqarolik to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahririni imzoladi.
 
Unga ko‘ra, Rossiya fuqaroligini olganlar harbiy «feyklar» va armiyani «obro‘sizlantirish» moddalari bo‘yicha aybdor deb topilsa, fuqarolikdan mahrum qilinishi mumkin.
 
Shuningdek, ular dezertirlik, natsizmni reabilitatsiya qilish, «nomaqbul» tashkilotlar faoliyatida qatnashish, «xorijiy agent» majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlash va mitinglar to‘g‘risidagi qonunni qayta-qayta buzganlik uchun ham fuqarolikdan mahrum etilishi mumkin.
 
«Rossiyaning milliy xavfsizligiga tahdid soladigan harakatlar» ham fuqarolikdan mahrum qilish uchun asos bo‘lishi mumkin. Qonunga ko‘ra, bu sud qarorini talab qilmaydi, xulosa FXX tomonidan tuziladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo