15:40 / 04.05.2023
256

AQSH prezidenti Jo Bayden korrupsion sxemalarga aloqadorlikda ayblanmoqda

AQSH prezidenti Jo Bayden korrupsion sxemalarga aloqadorlikda ayblanmoqda
Foto: Getty Images
AQSH prezidenti Jo Bayden vitse-prezidentligi vaqtida korrupsiya sxemalarida ishtirok etganlikda gumonlanmoqda. Ikki respublikachi kongressmen bu haqda anonim ma’lumotni qo‘lga kiritganini bildirdi.
 
Vakillar palatasining nazorat qo‘mitasi raisi Jeyms Komer va senator Chak Gressli AQSH bosh prokurori Merrik Garlend va Federal tergov byurosi direktori Kristofer Reyga ochiq xat yo‘llab, AQSH prezidenti Jo Baydenning vitse-prezident bo‘lib ishlagan davrida korrupsiya sxemalarida ishtirok etishi mumkinligi haqida anonim ma’lumot olganliklarini da’vo qildi.
 
Senatorlarning ta’kidlashicha, ular noma’lum ma’lumot beruvchidan Adliya vazirligi va Federal tergov byurosida “o‘sha paytdagi vitse-prezident Bayden va siyosiy qarorlar uchun pul almashinuvi bilan bog‘liq chet el fuqarosi ishtirokidagi da’vo qilingan jinoiy sxema tasvirlangan FD-1023 maxfiy shakli borligi haqida ma’lumot olgan”.
 
Adliya vazirligi va Federal tergov byurosi Amerika xalqiga oshkor qilmagan qimmatli, tekshirilishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarga ega. Shuning uchun Kongress bu masalani mustaqil va xolis ko‘rib chiqishga kirishadi”, — deb yozadi kongressmenlar.
 
Oq uy rasmiy vakili Yan Sams respublikachilarni “anonim tuhmatda” ayblab, chaqiruv qog‘ozini Respublikachilar partiyasining Bayden va uning oilasiga nisbatan olib borayotgan tergovi bilan bog‘lagan.
 
Komer Bayden oilasini muntazam korrupsiyada ayblab keladi
 
Jeyms Komer 2020 yildan beri Bayden bilan bog‘liq odamlarni ommaviy ravishda turli korrupsion sxemalarga aloqadorlikda ayblab keladi. 2023 yilning yanvarida u moliya vaziri Janet Yellendan prezident oilasi a’zolarining “shubhali ish operatsiyalari” to‘g‘risida ma’lumot so‘ragan.
 
Mart oyida u Bank of American'dan Jo Baydenning o‘g‘li Xanter ish sheriklariga oid bank hujjatlarini talab qilgan. Bayden doim o‘g‘lining xorijdagi ish operatsiyalariga aloqadorligini rad etib keladi. Baydenning advokatlari Komerni “Bayden oilasi haqidagi uydirma va allaqachon rad etilgan fitna nazariyalarini” tarqatishda aybladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo