09:15 / 05.05.2023
561

Turkiyadagi parlament sammitida ukrainaliklar va ruslar janjallashdi

Turkiyadagi parlament sammitida ukrainaliklar va ruslar janjallashdi
Foto: Anadolu Agency
Anqarada Qora dengiz iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi (PABSEC) yig‘ilishida Ukraina va Rossiya delegatsiyasi a’zolari o‘rtasida mojaro kelib chiqdi. Bu haqda Turkiyaning Anadolu agentligi xabar berdi.
 
Qayd qilinishicha, Rossiya Davlat Dumasi deputati Olga Timofeyeva nutqi davomida Ukraina delegatsiyasi a’zolari uning orqasida o‘z bayrog‘ini ko‘tarishga urinib, aksilrossiya shiorlar aytishni boshlagan.
 
Rossiya delegatsiyasi a’zolari ukrainaliklarni to‘xtatmoqchi bo‘lganida janjal kelib chiqqan. Assambleyaga raislik qilgan Turkiya parlamenti spikeri Mustafo Shento‘p mojaroga aralashib, yig‘ilish ishtirokchilarini tinchlantirgan.
Tadbirdan keyinchalik ukrainaliklar va rossiyaliklar o‘rtasida yangi, yanada shiddatli janjal chiqqan. Rossiya delegatlaridan biri ukrainalik deputatning qo‘lidan Ukraina bayrog‘ini tortib olgan. Bunga javoban, ukrainalik deputat uning yuziga musht tushirishga uringan. Mojaroga Turkiya parlamenti qo‘riqchilari aralashib, janjalkashlarni ajratgan.
Qora dengiz iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi (PABSEC) 1993 yilda tashkil etilgan parlamentlararo tashkilotdir.
 
Ushbu platformada Qora dengiz mintaqasining 13 davlati parlamentlar darajasida iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga harakat qilmoqda.
 
Tashkilot Istanbulda joylashgan, biroq uning majlislari navbatma-navbat ishtirokchi davlatlar poytaxtida o‘tkaziladi. Shu bilan birga, bir-biri bilan urushayotgan ishtirokchi davlatlar (Ukraina-Rossiya, Armaniston-Ozarboyjon) o‘ziga dushman poytaxtida o‘tkaziladigan sammitlarni boykot qilmoqda.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo