
«Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojin RF muntazam armiyasi bo‘linmalarini Baxmut hududidagi pozitsiyalarni jangsiz tashlab ketishda aybladi.
«Qanotlardagi vaziyat prognozdagi eng yomon ssenariylar bo‘yicha rivojlanmoqda. Ko‘plab oylar davomida bizning quroldoshlarimiz qoni va joni evaziga olingan, har kuni o‘nlab yoki yuzlab metrdan yurilib olingan hududlar bugungi kunda qanotlarimizni ushlab turishi kerak bo‘lganlar tomonidan jangsiz tashlab ketilmoqda», — degan u.
Shu bilan birga, uning tasdiqlashicha, uning guruhining shturmchi otryadlari shaharning o‘zida muvaffaqiyat bilan ilgarilamoqda. Prigojinning so‘zlariga ko‘ra, shaharning g‘arbiy chekkasiga chiqish uchun «atigi 625 metr»dan o‘tish qolgan.
Yevgeniy Prigojin so‘nggi kunlarda RF mudofaa vazirligi rahbariyati manziliga keskin tanqidlar yog‘dirmoqda. May oyi boshida u o‘zi e’lon qilgan videosida RF mudofaa vazirligi rahbarlarini so‘kib, vagnerchilarga o‘q-dori yetkazib berishni talab qilgan, aks holda uning guruhi Baxmutdan ketishidan ogohlantirgandi.
9 may kuni Prigojin mudofaa vazirligining 72-brigadasi shahardagi strategik platsdarmni tashlab qochgani haqida aytib chiqdi.
8 may kuni Baxmut atrofidagi Rossiya pozitsiyalariga qilingan hujumda qatnashgan Ukraina batalonining «Rollo» laqabli komandiri esa CNN nashri bilan suhbatda Prigojinning bu so‘zlariga ters keluvchi ma’lumotni aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Vagner» bo‘linmalari Baxmutdan janubi-g‘arbdagi pozitsiyalarini tark etganidan keyin Rossiya armiyasining 72-brigadasi qolgan va qarshilik ko‘rsatishda davom etgan.
«Rollo»ning qo‘shimcha qilishicha, rossiyaliklar faqat qurshovga tushib qolganidan keyin taslim bo‘lishgan: «Biz ularni taslim bo‘lishga ko‘ndirish uchun ikki soat urindik».
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar