19:00 / 04.06.2023
260

Hindistondagi temiryo‘l halokati tafsilotlari keltirildi

Foto: Reuters

Hindistonda uchta poyezd to‘qnashishi oqibatida kamida 275 kishi halok bo‘ldi. Mamlakat bosh vaziri Narendra Modi Hindiston sharqidagi temiryo‘l halokatiga aybdorlar «qattiq jazolanishi»ni ma’lum qildi.

Hindistonda uchta poyezd to‘qnashgan hududdagi qutqaruv ishlari yakunlandi - vayronalar orasidan barcha qurbonlar va jabrlanganlar olib chiqilgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, juma kuni mamlakat sharqidagi Odisha shtati hududida yo‘lovchi poyezd harakatsiz turgan yuk poyezdiga urilishi, u izdan chiqib ketib, qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlangan boshqa yo‘lovchi poyezdiga urilishi oqibatida halok bo‘lganlar soni 275 nafarni tashkil etmoqda.

Rasmiylar bundan avvalroq qurbonlar soni 288 nafarligini xabar qilgandi, ammo keyinroq raqamlar o‘zgardi - Odisha shtati bosh kotibi Pradip Jyenning xabar berishicha, hisoblash vaqtida ayrim jasadlar ikkitaga baholangani ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, 1200 nafarga yaqin kishi turli darajada tan jarohatlari olgan. Og‘ir yaradorlar Odisha shtatidagi, voqea joyidan taxminan uch soatli masofada bo‘lgan yirik shifoxonaga yotqizilgan. Ayni vaqtda bu yerga 220 nafarga yaqin jabrlanuvchi olib kelingan, ularning soni oshishda davom etadi.

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi fojia joyida
Foto: INDIAN PRESS INFORMATION BUREAU/REUTERS

Mamlakat bosh vaziri Narendra Modi voqea joyiga tashrif buyurgan. U shifoxonada jabrlanganlar bilan ham uchrashgan va uning hukumati ularning da’volanishi uchun barcha ishni qilishiga va’da bergan.

Hozirga qadar Balasor okrugidagi poyezdlar to‘qnashuviga nima sabab bo‘lgani aniq emas - bu joriy asrda Hindistondagi eng dahshatli temiryo‘l halokati sifatida baholanmoqda.

«Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, avariya signal nosozligi oqibatida ro‘y bergan», deya xabar qiladi Janubi-Sharqiy temiryo‘lning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha bosh mutaxassisi K. S. Anand.

Taxminlarga ko‘ra, ikki yo‘lovchi poyezd bortida ikki mingga yaqin yo‘lovchi bo‘lgan.

Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, Kalkuttadan Chennayga harakatlangan Coromandel Express poyezdining bir necha vagoni taxminan soat 19:00 (13:30 GMT) da harakatsiz turgan yuk poyezdi bilan to‘qnashuvdan keyin relsdan chiqib ketgan. Ekspress qanday qilib yuk poyezdi bilan bitta izga tushib qolgani ma’lum emas.

Shundan so‘ng, Coromandel Express poyezdining bir necha poyezdi qarama-qarshi yo‘nalishga o‘tib qolgan. Qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlangan, Yyesvantpurdan Xauruga ketayotgan Howrah Superfast Express poyezdi o‘z yo‘liga chiqib qolgan vagonlarga kelib to‘qnashgan.

Qutqaruv amaliyotiga mingdan ortiq kishi jalb etilgan
Foto: NATIONAL DISASTER RESPONSE FORCE/EPA

«Coromandel Express asosiy liniya bo‘ylab harakatlanishi kerak edi, ammo buning o‘rniga halqa liniyasiga signal berilgan va poyezd bu yo‘lda to‘xtab turgan yuk poyezdiga borib urilgan. Uning vagonlari ikkala tomondan relslarga qulagan, bu esa Howrah Superfast poyezdi vagonlari ham izdan chiqib ketishiga olib kelgan», degan Anand.

Temiryo‘llarning shaxsi sir tutilishini so‘ragan xodimi mahalliy nashrlarga aytishicha, dastlabki tekshiruvlar Coromandel Express asosiy yo‘lni tark etib, halqa yo‘lga - poyezdlar turargohi sifatida foydalaniladigan yo‘lga o‘tgani va 130 km/soat tezlikda harakatlanib, shu yo‘lda turgan yuk poyezdiga borib urilganini ko‘rsatgan.

To‘qnashuv natijasida Coromandel Express lokomotivi va dastlabki to‘rt yoki besh vagoni relsdan chiqib, ag‘darilgan va qarama-qarshi yo‘nalishda 115 km/soat tezlikda harakatlangan Howrah Superfast Express poyezdining oxirgi ikki yoki uch poyezdiga urilgan.

Ikki yo‘lovchi poyezd mashinistlari yaralangan, ammo halokatdan omon qolishgan.

Og‘ir texnikaga ega ishchilar shikastlangan relslarni, vayron bo‘lgan poyezdlar va elektr kabellarni demontaj qilishga kirishgan. Temiryo‘l vazirligi tvitterida xabar qilinishicha, qutqaruv ishlariga mingdan ortiq kishi jalb etilgan. «Maqsad - chorshanba kuni tonggacha barcha tiklash ishlarini tugatib, yo‘lni ishlashga tayyor holatga keltirish», degan temiryo‘l vaziri Ashvini Vayshnav.

Qarindoshlarini qidirayotgan odamlar Kattakedagi shifoxonada ro‘yxatni tekshirib chiqmoqda

Hindiston tarixidagi eng yirik poyezd halokatlari:

  • 1981 yil iyun: Tsiklon vaqtida vagonlari limitdan ortiq miqdorda yo‘lovchilar bilan to‘lgan poyezdning to‘qqiz vagoni daryoga qulashi oqibatida 800 kishi halok bo‘lgan.
  • 1995 yil avgust: Dehlidan 200 km masofada ikki poyezd to‘qnashishi oqibatida kamida 350 kishi halok bo‘lgan.
  • 1999 yil avgust: Kalkutta yaqinida ikki poyezd to‘qnashgan, kamida 285 kishi halok bo‘lgan.
  • 2005 yil oktyabr: janubdagi Andxra-Pradesh shtatida poyezd izdan chiqib ketishi oqibatida 77 kishi halok bo‘lgan.
  • 2016 yil noyabr: Kanpur shahri yaqinida tezyurar poyezdning 14 vagoni izdan chiqib ketishi oqibatida 150 kishi halok bo‘lib, yana shuncha kishi yaralangan.
  • 2017 yil yanvar: janubdagi Andxra-Pradesh shtatida yo‘lovchi poyezdining bir nechta vagonlari relsdan chiqib ketishi oqibatida kamida 41 kishi halok bo‘ldi.

Hindiston temiryo‘llar tarmog‘i - dunyodagi eng yiriklaridan biridir. «Hind temiryo‘llari» davlat kompaniyasiga ko‘ra, kompaniya har kuni 13 mln atrofida yo‘lovchi tashiydi, ammo temiryo‘l infratuzilmasidagi ko‘plab obektlar modernizatsiyaga muhtoj.

Yilning bu vaqtida poyezdlar aksar hollarda sig‘imidan ortiqroq yo‘lovchilar bilan to‘lgan bo‘ladi, chunki ko‘pchilik maktab ta’tillari vaqtida sayohatga chiqadi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Hindistondagi temiryo‘l halokati tafsilotlari keltirildi
ePN