11:11 / 06.06.2023
533

Majjore ko‘lining siri: isroillik josuslarni kim cho‘ktirdi?

Majjore ko‘lining siri: isroillik josuslarni kim cho‘ktirdi?
28 may kuni Italiyadagi Majjore ko‘lida cho‘kib ketgan sayr qiladigan  yaxta bilan bog‘liq voqea huquq-tartibot idoralari uchun shunchaki baxtsiz hodisa sifatida ro‘yxatga olingan. Biroq undagi barcha yo‘lovchilar Italiya va Isroil razvedka xizmatlari xodimlari bo‘lgani hodisani yanada jumboqli qilib ko‘rsatadi.
 
Italiya prokurori Karlo Nokerinoning so‘zlariga ko‘ra, bortda jami 23 kishi bo‘lgan: 13 nafar italiyalik razvedka xodimi, sakkiz nafar «Mossad» – Isroil razvedkasi agenti, kapitan Klaudio Karminati va uning rossiyalik rafiqasi.
 
Nocherinoning so‘zlariga ko‘ra, faqat kapitan va uning rafiqasigina yaxtada razvedka ma’lumotlariga hech qanday aloqasi bo‘lmagan odamlar bo‘lgan.
 
Hodisa oqibatida to‘rt kishi cho‘kib ketdi: bir nafar iste’fodagi «Mossad» agenti, ikki nafar italiyalik josus va kapitanning rossiyalik rafiqasi.
 
“Josuslar qayig‘i”
 
Yig‘ilganlar bir-birlarini yaxshi tanishar va taxminga ko‘ra, kimningdir tug‘ilgan kunini yaxtada nishonlamoqchi bo‘lishgan.
 
Biroq shuncha ko‘p razvedkachining bir joyda to‘planishining o‘zi ajablanarli holga o‘xshaydi.
 
Majjore ko‘li Italiyaning Lombardiya va Pemont viloyatlaridan va Shveysariyaning Tichino kantonigacha cho‘zilgan.
 
Lombardiyada joylashgan bir qancha kompaniyalar harbiy va fuqarolik maqsadlarida texnologiyalarni ishlab chiqaradi. Shveysariya esa dunyoning ko‘plab razvedka idoralari uchun tranzit bazasi bo‘lib xizmat qiladi va bu hech kimga sir emas.
 
Baxtsiz sayohatning ko‘plab yo‘lovchilari, xuddi shu turdagi faoliyatning boshqa ko‘plab vakillari singari, turli davlat pasportlarga ega, Shveysariyada uylari va kvartiralari bor.
 
Garchi yaxta sayohati sof shaxsiy ko‘ngilochar tadbir sifatida taqdim etilgan bo‘lsa-da, bir qator yirik Italiya nashrlari bu aslida ikki razvedka xizmatining ishchi uchrashuvi ekanligini ta’kidlaydi.
 
Aslida nima bo‘lgandi?
 
Yaxta kapitani Klaudio Karminati hozircha nima sodir bo‘lganini ayta olmaydi, garchi birinchi qarashda hamma narsa ayon bo‘lsa ham: 15 metrlik kemaga to‘satdan soatiga 70 km dan oshadigan dovul urilgan.
 
"Atigi 30 soniya ichida biz falokat epitsentrida qoldik. Qayiq bir zumda ag‘darilib, hammamiz suvga g‘arq bo‘ldik", deb eslaydi kapitan Corriere della Sera gazetasiga aytgan so‘zlarida.
 
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha kun uchun ob-havo prognozi yomon bo‘lmagan va ulardan tashqari ko‘lda yana ko‘plab kemalar bor edi.
 
Kapitan rejadan ortda qolganini va yaxta kelishilgan vaqtda portga qaytmaganini tan oladi, biroq bu kechikish sabablari hali aniqlanmagan.
 
Hozirda Klaudio Karminati kema halokati va qasddan qotillik uyushtirishda gumon qilinib, tergov qilinmoqda.
 
G‘arq bo‘lganlar kimlar?
 
Kapitanning cho‘kib ketgan rafiqasi Anna Bojkova 50 yoshda edi. U Karminati bilan uchrashishdan oldin ham Italiyada yashagan va politsiya aniqlaganidek, uning barcha hujjatlari va mamlakatda qolish maqomi qonuniy edi.
 
Ikki vafot etgan italiyalik - Titsiana Barboni (53 yosh) va Klaudio Alonsi (62 yosh) Italiya maxsus xizmatlarida xizmat qilgan.
 
To‘rtinchi qurbon, 50 yoshli Simoni Erez nafaqaga chiqqan «Mossad» xodimi edi.
 
Italiya matbuoti uning ismini ma’lum qilganidan keyin ham Isroil matbuoti na u haqida, na uning o‘limi haqida yozmadi. Falokatdan keyingi to‘rtinchi kungina Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Majjore ko‘lida halok bo‘lgan shaxs «Mossad»ning sobiq agenti ekanligini tasdiqladi.
 
«Mossad» o‘z hayotini Isroil xavfsizligiga bag‘ishlagan qadrdon do‘sti va fidoyi professionalini yo‘qotdi. Uning kasbiy faoliyatini hisobga olgan holda, biz uning shaxsiy ma’lumotlarini oshkor qila olmaymiz”, — deyiladi Netanyaxu idorasi bayonotida.
 
G‘oyib bo‘lgan guvohlar
 
Qolgan yo‘lovchilar yo o‘zlari qirg‘og‘ga suzib borgan yoki o‘tib ketayotgan kemalar va yordamga kelgan suv politsiyasi va o‘t o‘chirish brigadasi patrullari tomonidan qutqarilgan.
 
Qizig‘i shundaki, boshqa kema ekipajlardan ko‘lda kuchli shamol bo‘lgani haqida xabarlar yo‘q.
 
To‘rt yo‘lovchining o‘limining rasmiy versiyasi cho‘kib ketgan, ammo Italiya matbuoti o‘limdan keyingi sud-tibbiy ekspertiza o‘tkazilmagani yoki uning natijalari yopilganligi haqida xabar beradi.
 
Italiya matbuoti uchun ham kompaniyaning omon qolgan a’zolari voqea sodir bo‘lganidan so‘ng deyarli darhol g‘oyib bo‘lishga shoshilgani g‘alati tuyulgan.
 
Jurnalistlarning so‘zlariga ko‘ra, ular davolanayotgan shifoxonani tezda tark etib, mehmonxona va uylaridagi narsalarini shosha-pisha yig‘ib, g‘oyib bo‘lishgan.
 
Shuningdek, mahalliy shifoxona o‘sha kuni aynan kimga yordam ko‘rsatganligi to‘g‘risida hech qanday yozuv saqlamagan.
 
Ma’lum bo‘lishicha, isroilliklar ijaraga olgan mashinalarini ijara kompaniyalariga tegishli tartibda qaytarib bermasdan, shunchaki tashlab ketishgan.
 
Ko‘lda halokat 28 may yakshanba kuni sodir bo‘lgan va dushanba kuni ular Milanda Isroil maxsus reysi bilan olib ketilgan.
 
Yaxtada omon qolgan yo‘lovchilarning ismlari oshkor etilmagan. Prokuror Nokerino bu odatiy amaliyot ekanligini tushuntiradi: bunday hollarda faqat jabrlanuvchilarning ma’lumotlari ommaga e’lon qilinadi, xolos.
 
Vayronaga aylangan yaxta hozircha qirg‘og‘ga olib kelinmagan, buning natijasida hodisa yuzasidan tergovni to‘liq hajmda olib borib bo‘lmaydi, degan prokuror Karlo Nokerino.
 
“U hali ham ko‘l tubida, uni ko‘tarish uchun yana ikki-uch kun kerak bo‘lishi mumkin”, deydi u.
 
Farazlardan biriga ko‘ra, halokatga kemada ortiqcha yuk bo‘lgani sabab bo‘lishi mumkin. Aytilishicha, yaxta 15 kishiga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, 23 kishini olib yurgan, bu esa kapitanning yomon ob-havo sharoitida manevr qilishiga to‘sqinlik qilishi mumkin edi.
 
Tergov kemaning xavfsizlik standartlariga muvofiqligini, shuningdek, portdan jo‘nash vaqtidagi hujjatlar va holatini tekshirish niyatida.
 
Biroq, yo‘lovchilarning tarkibi va voqeadan so‘ng bir zumda g‘oyib bo‘lishi matbuotchilarning turli taxminlarini ko‘paytirmoqda.
 
Xavfsizlik xizmatlari ishidan xabardor mutaxassislarning ta’kidlashicha, tajribali agentlar kamroq yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan suzuvchi kemaga shunchaki to‘plana olmaydi.
 
Tergov yaxtaning qulashi holatlarini sinchkovlik bilan o‘rganish niyatida ekanligini, biroq unda ko‘p sonli maxsus agentlar nima sababdan to‘planganini aniqlay olmasligini bildirgan.
 
Isroillik va italyan josuslar qayiqda tug‘ilgan kunni nishonlashgan degan rasmiy faraz bo‘lsa-da, aftidan, ular Italiya kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan dron komponentlarini Eronga sotishning oldini olish bo‘yicha yashirin operatsiyada ishtirok etishgan. Ommaviy axborot vositalari ko‘lning narigi tomonida rus oligarxlarining qasrlari borligini va voqea paytida u yerda "sirli odamlar" paydo bo‘lganini ta’kidlaydi.
 
Italiya matbuoti isroilliklar Ukrainadagi urushda ishtirok etganligi taxmin qilingan "dronlar uchun foydalanilgan fuqarolik komponentlari bilan bog‘liq ishlarni" ko‘rib chiqqan "Italiya va Eron firmalari o‘rtasidagi aloqalarni kuzatgan" bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Bundan tashqari, ko‘l hududida bir qator badavlat italyan yahudiylari istiqomat qilib, yuqori martabali mahalliy va xalqaro siyosatchilar, madaniyat arboblari va boshqa mashhur shaxslar bilan muntazam aloqada bo‘lishadi. Jurnalistlar hisobotida aytilishicha, razvedka agentlari hududda yashovchi har qanday shaxslar guruhiga tegishli topshiriqni bajargan bo‘lishi mumkin.
 
Parda ortida Eron bormi?
 
Shu voqealar sodir bo‘lishi ortidan Eronning Mehr axborot agentligi “Mossad” josusining halok bo‘lgani o‘tgan yilning may oyida Tehronda otib o‘ldirilgan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi polkovnigi Sayyod Xudoyi o‘limining bir yilligi arafasida sodir bo‘lganiga e’tibor qaratadi.
 
U qochishga muvaffaq bo‘lgan ikki qotil tomonidan otib o‘ldirilgan. Keyin Eron hukumati uning o‘ldirilishida “Mossad”ni ayblagan edi.
 
Eron rasmiylari yoki Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondonligi “Mossad” faxriysining o‘limi sabotaj natijasi bo‘lganligi haqida hech qanday bayonot bermadi. Biroq, nafaqat Mehr agentligi, balki ba’zi boshqa Eron OAVlari ham bu o‘lim tabiiy ofat oqibati emasligiga ishora qilmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Majjore ko‘lining siri: isroillik josuslarni kim cho‘ktirdi?
ePN