15:11 / 14.06.2023
181

Aliyev–Erdo‘g‘on uchrashuvi: yetakchilar qanday kelishuvlarga erishdi?

Aliyev–Erdo‘g‘on uchrashuvi: yetakchilar qanday kelishuvlarga erishdi?
Ozarbayjon hamda Turkiya «Bir millat, ikki davlat» tamoyiliga asoslangan holda hamkorlikni yanada kuchaytiradi; ikki qardosh o‘lkaning do‘stligi buzilmas va mustahkamdir. Bu haqda Bokuda 13 iyun kuni Ozarbayjon hamda Turkiya prezidentlari Ilhom Aliyev hamda Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ishtirokidagi matbuot anjumanida ta’kidlandi.
 
An’anaga ko‘ra yangi muddatga prezidentlikka saylangan Erdo‘g‘on ilk davlat tashrifini Ozarbayjon hamda Shimoliy Kipr Turk respublikasiga amalga oshirgan.
 
Ikki davlat birligi Janubiy Kavkaz va turkiy dunyo uchun muhimligini urg‘ulagan I.Aliyev Boku va Anqara mushtarak qarashlarga asoslangan tashqi siyosat yuritishini qayd etgan.
 
Ozarbayjon rahbari geosiyosatda xalqaro huquqning samaradorligi susayib borayotgani, kuch omili birlamchi ahamiyat kasb etayotganiga e’tibor qaratgan.
 
Ikki qardosh mamlakat o‘rtasida mudofaa sohasidagi hamkorlikning ahamiyatiga to‘xtalgan siyosatchi Ozarbayjon o‘z armiyasini Turkiya modeli asosida yanada kuchaytirishini ma’lum qilgan.
 
Turkiya prezidenti R.T.Erdo‘g‘on energetika sohasidagi aloqalar kengayib borayotganini ta’kidlagan. Qayd etilishicha, bugungi kunda Yevropa tabiiy gazni Turkiya orqali sotib olishga qiziqish bildirmoqda. Bunda esa energetika resurslariga boy Ozarbayjon muhim o‘rin tutadi.
 
Keyingi vaqtlarda ekspertlar Naxichevan Muxtor Respublikasi va Ozarbayjonning g‘arbiy viloyatlari o‘rtasidagi Zangezur yo‘lagi butun mintaqaning muhim transport yo‘lagi bo‘lishini ta’kidlab kelmoqda.
 
I.Aliyev Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqand sammitida ham ushbu masalani ko‘targan edi.
 
Bokudagi muzokaralar yakunida ham Ozarbayjon hamda Turkiya yetakchilari Zangezur yo‘lagi qancha tez ochilsa, shuncha yaxshi deya xulosa bildirgan. Bu o‘rinda ham avtomobil, ham temiryo‘l qatnovini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.
 
Turkiya Ozarbayjonning ishg‘oldan ozod qilingan hududlarida tiklash jarayonida faol ishtirok etmoqda. Hozirga qadar I.Aliyev va R.T.Erdo‘g‘on tomonidan Qorabog‘ mintaqasida ikkita yangi xalqaro aeroport ochib berilgan.
 
Erdo‘g‘on Boku uchrashuvida Turkiya ishg‘oldan ozod etilgan Shusha shahrida birinchilardan bo‘lib bosh konsullik ochishiga va’da bergan.
 
Tomonlar yaqin fursatda Turkiya–Ozarbayjon universiteti faoliyatini yo‘lga qo‘yish borasida ham kelishuvga erishgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Aliyev–Erdo‘g‘on uchrashuvi: yetakchilar qanday kelishuvlarga erishdi?
ePN