15:44 / 14.06.2023
409

Qodirovning «o‘ng qo‘li» Delimxanov Ukrainada yaralandi

Qodirovning «o‘ng qo‘li» Delimxanov Ukrainada yaralandi
Foto: Getty Images
Rossiya Davlat dumasi deputati, Ramzan Qodirovning eng yaqin odamlaridan biri bo‘lmish chechenistonlik Adam Delimxanov Rossiyaning Ukrainaga qarshi olib borayotgan urushida yaralandi.
 
Avvalroq Rossiya bosqiniga qarshi jang qilayotgan ukrainalik siyosatchi Kirill Sazonov chechenistonlik siyosatchini nishonga olib, zarba berilgani haqida xabar qilgandi. U Delimxanovning korteji Zaporijjya oblastida «Banderlogi» guruhining artilleriya zarbasiga uchragani, Delimxanov bilan birga bir qator hamrohlari halok bo‘lganini yozgandi.
 
«Voqea joyiga jasadni tezkor va sezdirmay olib ketish uchun 12 ta vertolyot yo‘l oldi», deb yozgandi Sazonov.
 
Keyinroq rus nashrlarida bu ma’lumotni rad etuvchi xabar tarqaldi. RF mudofaa vazirligiga aloqador «Zvezda» Telegram-kanali Davlat dumasi matbuot xizmatiga asoslanib, Delimxanov chindan yaralangani, ammo tirik ekanini xabar qildi.
 
Davlat dumasi deputati Dmitriy Kuznetsov quyi palata spikeri Vyacheslav Volodin Delimxanov bilan gaplashgani va u «tirik hamda sog‘lom» ekanini aytgani haqida yozgan.
 
Deputat Andrey Kartapolov ham telegram-kanalida chechenistonlik deputat tirikligini aytgan.
 
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov tezda bu xabarga munosabat bildirdi.
 
«Men ham Delimxanovga bog‘lana olmayapman. Ukraina razvedkasidan qadrdon inimni topish uchun aynan qayerga, qaysi pozitsiyasiga zarba berilgani haqida ma’lumot so‘rayman. Ishoning, quruq qoldirmayman», deb yozdi Qodirov 3,1 million o‘quvchisi bor Telegram-kanalida istehzo bilan.
 
Delimxanov Rossiya Davlat dumasining deputati bo‘lish bilan birga harbiy harakatlarda ham ishtirok etadi. U 2022 yil bahori va yozida Mariupol va Severodonetskni qamal qilishda qatnashgan. Ramzan Qodirovning «o‘ng qo‘li» ekani va uning vorisi ekani aytiladigan Delimxanov yaqinda «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin bilan mojaroda ko‘rinish bergan va unga «erkakchasiga gaplashib olishni taklif qilgandi».
Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qodirovning «o‘ng qo‘li» Delimxanov Ukrainada yaralandi
ePN