17:18 / 23.06.2023
269

AQSH senatorlari: Ukrainada yadro qurolidan foydalanish NATOga hujum bo‘ladi

AQSH senatorlari: Ukrainada yadro qurolidan foydalanish NATOga hujum bo‘ladi
Lindsi Grem / Foto: Reuters
AQSH Senati Rossiya yoki Belarus tomonidan Ukraina hududida yadroviy portlovchi qurilmadan har qanday foydalanishni NATOga hujum sifatida ko‘rib chiqishni taklif qiluvchi rezolyutsiya loyihasini tayyorladi, dedi respublikachi senator Lindsi Grem rezolyutsiya hammuallifi, demokrat senator Richard Blyumental bilan 22 iyun, payshanba kuni kechqurun qo‘shma matbuot anjumanida.
 
«Bugun biz rezolyutsiyani kiritdik, agar Rossiya yoki Belarus Ukraina hududida qarshi hujumni to‘xtatish yoki Ukraina xalqining irodasini bostirish maqsadida yadroviy qurilmani portlatib yuborsa, bunday hujum NATOga hujum sifatida baholanishi kerak», - dedi Grem.
 
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Ukrainada yadro qurolidan foydalanish «NATOning ommaviy javobiga sabab bo‘lishini va u NATO bilan urush holatida bo‘lishini» hisobga olishi kerak. Twitter'dagi mikroblogida Lindsi Grem taktik yadro qurolidan foydalanish yoki yadroviy obyektni yo‘q qilish radioaktiv ifloslanishni, jumladan, NATO hududiga olib kelishi sababli, Shimoliy Atlantika alyansi kollektiv xavfsizlik bo‘yicha 5-moddani qo‘llashi kerakligini tushuntirdi.
 
Matbuot anjumani chog‘ida Grem AQSH prezidenti Jo Bayden yaqinda Rossiyaning yadro qurolidan foydalanish tahdidini real deb ataganini eslatdi. Bu tahdid Karib dengizi inqirozidan keyingi eng yuqori ko‘rsatkichdir va bunday ssenariyning oldini olishning eng yaxshi yo‘li rossiyaliklarga bunday harakatlar oqibatlarini aniq tushuntirishdir, dedi senator.
 
O‘z navbatida, Richard Blyumental Ukraina Qurolli kuchlarining qarshi hujumi tobora ko‘proq muvaffaqiyat keltira boshlagach, Rossiya Ukrainaga qarshi yadro qurolini qo‘llash yoki Zaporijjya AESni portlatish vasvasasiga tushishi haqida fikr bildirdi.
 
Senatorlar tomonidan tayyorlangan rezolyutsiya faqat maslahat xarakteriga ega va qabul qilingan taqdirda, Oq uy uni amalga oshirishga majbur bo‘lmaydi.
 
Rossiyaning AQSHdagi elchisi Anatoliy Antonov ikki amerikalik senatorning tashabbusini tanqid qildi. «Rossiya tomonidan taktik yadro qurolidan foydalanish ehtimoli haqidagi taxminlar bema’ni. AQSH qonunchilarining provokatsion va uzoqni ko‘rmaydigan bayonotlari faqat taranglikning kuchayishiga yordam beradi va vaziyat yanada xavfli chiziqqa tushish xavfini oshiradi», - dedi Antonov.
 
U rezolyutsiyani amerikalik «rusofob senatorlar»ning navbatdagi «aqldan ozgan tashabbusi» deb atadi. Antonov, shuningdek, Rossiya Belarusda yadro qurolini mutlaqo qonuniy asosda joylashtirganini ta’kidladi - xuddi Qo‘shma Shtatlar «o‘nlab yillar davomida Yevropa ittifoqchilari hududlarida yadroviy bombalarni joylashtirgani» kabi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH senatorlari: Ukrainada yadro qurolidan foydalanish NATOga hujum bo‘ladi
ePN