Galaxy Digital: CLARITY Act qonunining qabul qilinish ehtimoli 60 foizga tushdi

Galaxy Digital kriptovalyuta kompaniyasi joriy yil yakuniga qadar AQSH Senati tomonidan kripto bozorini tartibga soluvchi qonun loyihasining qabul qilinish ehtimoli boʻyicha prognozini pasaytirdi. Kompaniya tadqiqot boʻlimi rahbari Alex Thornʻning taʼkidlashicha, qonun chiqaruvchilar uchun vaqt tobora kamayib bormoqda. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
May oyi oxirida Galaxy Digital CLARITY Act qonunining qabul qilinish ehtimolini 75 foizgacha koʻtargan edi. Biroq, soʻnggi hisobotda bu koʻrsatkich 60 foizga tushirildi. Thornʻning soʻzlariga koʻra, qonun loyihasi iyul oyi oxirida boshlanadigan bir oylik taʼtilga qadar Senatdan oʻtishi shart, aks holda saylovoldi kampaniyalari sababli jarayon toʻxtab qolishi mumkin.
Hozirda qonun loyihasi Senatda kamida 60 ta ovoz toʻplashi kerak. Jarayonning murakkabligi shundaki, hujjat hali yalpi majlisda muhokama qilinishi, tuzatishlar kiritilishi va Vakillar palatasi bilan muvofiqlashtirilishi lozim. Alex Thorn iyul oyida ushbu masalaga vaqt ajratilmasa, protsessual bosqichlarni yakunlashga ulgurib boʻlmasligini bildirdi.
Prognozning pasayishiga yana bir sabab — muzokaralarda sezilarli siljish yoʻqligi hamda etika va noqonuniy moliya bilan bogʻliq qoidalarning hali ham bahsli boʻlib qolayotganidir. Shuningdek, JPMorgan tahlilchilari ham ushbu qonunning bu yil oʻtish ehtimolini 50 foizdan past deb baholamoqda.
Shunga qaramay, raqamli aktivlar boʻyicha quyi qoʻmita raisi, senator Cynthia Lummis qonun loyihasini faol qoʻllab-quvvatlashda davom etmoqda. U iyun oyi davomida X ijtimoiy tarmogʻida ushbu qonunni qabul qilishga chaqiruvchi 15 dan ortiq post qoldirdi.

























Izohlar 0
…