23:18 / 27.06.2023
437

Tadqiqot: Yuzdan ortiq amerikalik siyosatchi quldorlarning avlodi ekani aniqlandi

Tadqiqot: Yuzdan ortiq amerikalik siyosatchi quldorlarning avlodi ekani aniqlandi

Ma’lum bo‘lishicha, AQSHdagi yuqori martabali siyosatchilardan yuzdan ortig‘i, xususan hozir hayot bo‘lgan 5 nafar prezidentning ajdodlari quldorlar bo‘lgan. O‘tmishda qora tanli odamlarni qul qilib ishlatgan sinf vakillarining avlodlari hozirda Amerika siyosiy elitasining beshdan bir qismini tashkil etadi.

Reuters agentligi qora tanli odamlardan qul sifatida foydalangan tarixdagi quldorlar sinfi va AQSh siyosiy elitasi o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlash ustida o‘rganish olib bordi.

Ma’lum bo‘lishicha, AQShning hozirda hayot bo‘lgan, amaldagi va sobiq 5 nafar prezidenti, Oliy sud sudyalaridan 2 nafari, gubernatorlardan 11 nafari va 100 dan ortiq kongressmenlar quldorlarning avlodlari hisoblanadi.

Nashr bu haqdagi maqolasida Kapitoliyning tashrifchilar markazidagi qumtosh yodgorlikka e’tibor qaratadi. Bu yodgorlik AQSh Kongressi joylashgan bino qurilishida qulga aylantirilgan qora tanli odamlarning ham katta hissasi borligini eslatib turish uchun o‘rnatilgan.

Kapitoliydagi tashrif buyuruvchilar markazida o‘rnatilgan qumtosh – bu binoni qurishda qulga aylantirilgan insonlarning mehnati muhim rol o‘ynaganini eslatib turuvchi yodgorlik / Foto: Reuters via handout 

Aslini olganda, ko‘plab amerikalik qonunchilar AQShdagi quldorlik ularga begona emasligini tushunish uchun o‘z oilaviy shajaralariga qarashlari kifoya qiladi. Amerika siyosiy elitasi – kongressmenlar, hozirda hayot bo‘lgan prezidentlar, Oliy sud sudyalari va gubernatorlarning shajarasini o‘rgangan tadqiqotchilar ularning beshdan bir qismi quldorlarning avlodlari ekanini aniqladi.

Reuters'ga ko‘ra, avvalgi Kongress tarkibidagi 536 qonunchidan kamida 100 nafarining ajdodlari quldor bo‘lgan. Xususan, Senat a’zolarining chorak qismidan ko‘prog‘i – 28 nafari kamida bitta qulga egalik qilgan tarixiy qarindoshga ega.

Ro‘yxatdan ham demokratlar, ham respublikachilarning yirik vakillari o‘rin olgan. Respublikachi senatorlardan Mitch MakKonnell, Lindsi Grem, Tom Kotton, Jyeyms Lankford, demokratlardan esa Elizabet Uorren, Temmi Dakvort, Jinn Sheyxin va Maggi Hasan shular jumlasidan.

Qo‘lga olinib, qulga aylantirilgan qora tanli kishi Afrika qirg‘og‘ida / Foto: Smitsonlarning Afroamerika muzeyi

Shuningdek, amaldagi prezident Jo Bayden va hozirda hayot bo‘lgan AQSh sobiq prezidentlarining Donald Trampdan boshqa hammasi – Jimmi Karter, Jorj Bush, Bill Klinton va Barak Obama quldorlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri avlodlaridir. Donald Trampning ajdodlari Amerikaga quldorlik tugatilganidan keyin ko‘chib kelgan.

AQSh Oliy sudining hozirgi 9 nafar a’zosidan ikki nafari – Emi Koni Barrett va Nil Gorsach ham o‘tmishdagi quldorlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri qarindoshlik aloqalariga ega. Shuningdek, 2022 yilda AQShdagi 50 ta shtatdan 11 tasini quldorlarning avlodlari bo‘lgan gubernatorlar boshqargan.

Qayd etilishicha, so‘nggi chaqiriqdagi Kongressga kirgan demokratlardan 8 foizi, respublikachilardan esa 28 foizi quldorlarning avlodlari bo‘lgan. Tadqiqotchilar bu farqni respublikachilarning janubiy shtatlardagi an’anaviy ustunligi bilan izohlagan – quldorlik aynan janubdagi shtatlarda keng yoyilgan edi.

Harvard universiteti professori Henri Luis Geyts bu tadqiqotdan maqsad birovni ayblash emasligini aytdi: “Biz ajdodlarimizning xatti-harakatlari uchun aybdor emasmiz”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu masalani o‘rganishdan maqsad: “Bizning quldorlik instituti bilan bog‘liqligimiz qarang qanchalik yaqin, bugun AQSh Kongressida bizni ifoda etayotgan odamlarning ajdodlari qarang qanday hayot kechirgan”, deya ta’kidlash bo‘lgan.

“Bu – har birimiz uchun saboq chiqarish imkoniyati”, – deya tadqiqot natijalariga izoh bergan professor.

Jorjiya shtatida paxta terayotgan qullar oilasi, 1850 yil / Foto: Wikipedia

Ma’lumot uchun, AQSh tarixidagi eng qonli urushga aynan quldorlik sabab bo‘lgan. 18-asr oxirida chigit tozalash mashinasi kashf etilganidan keyin paxta ekish gurkirab yoyila boshlagan, bu esa qullarga talabni oshirib yuborgan. Qullar savdosi ayniqsa eng ko‘p paxta yetishtirilgan janubiy shtatlarda avj olgan.

1860 yilgi prezident saylovida quldorlikning yoyilishini to‘xtatishga va’da bergan Avraam Linkoln g‘alaba qozongach, 7 ta janubiy shtat AQShdan ajralib chiqishga qaror qilgan va ularning federal qo‘shinlarga hujum qilishi ortidan fuqarolik urushi boshlangan. 1861-1865 yillardagi urushda shimolning g‘alaba qozonishi bilan, AQSh konstitutsiyasiga 13-o‘rgartish kiritilib, mamlakatda quldorlik va majburiy mehnat taqiqlangan.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tadqiqot: Yuzdan ortiq amerikalik siyosatchi quldorlarning avlodi ekani aniqlandi
ePN