06:36 / 28.06.2023
197

Podshoh mehmonlari umra amallarini ado etib, ka’bapo‘sh korxonasini ziyorat qildi

Podshoh mehmonlari umra amallarini ado etib, ka’bapo‘sh korxonasini ziyorat qildi

Bir guruh o‘zbekistonliklar Ikki muqaddas masjid xodimi – Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon ibn Abdulaziz Ol Saudning mehmonlari sifatida Makkai mukarramaga yetib keldi. Bu guruh olimlar, sharqshunoslar, jurnalistlar, hatto talabalar kabi jamiyatning turli tabaqalari vakillaridan tashkil topgan. Makkadagi “Novotel” mehmonxonasida ular tantana va gullar bilan kutib olindi.

Podshoh mehmonlarining muqaddas shahardagi amallari juma kunidan boshlandi. Bunda chuqur ramziy ma’no bor. Ya’ni, ularning Makkadagi amallarni aynan musulmonlarning bayrami hisoblanadigan kunda boshlashi tashrif tashkilotchilarining Vatanimizga, O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk allomalarga yuksak hurmat-ehtiromidan yana bir dalolat bo‘ldi.

Bo‘lajak hojilar 23 iyun kuni Masjidul haramda juma namozini ado etib, umra amallarini bajardi. Makkaga kelishdan avval ehromga kirgan guruh a’zolari Ka’bani tavof etdi, Safo va Marva tepaliklari o‘rtasida sa’y qildi, Zamzam suvidan qonib-qonib ichdi.

24 iyun kuni Podshoh mehmonlari Makkadagi Kisva (ka’bapo‘sh) favrikasi faoliyati bilan tanishdi.

Ka’bai muazzamani yopinchiq bilan o‘rash Baytullohni ulug‘lash va e’zozlashning muhim ko‘rinishlaridan biridir. Buning hikmati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, u zotdan so‘ng sahobalar qilgan ishni davom ettirish, demakdir. Makka fath etilganidan keyin Nabiy alayhissalom vidolashuv hajida Ka’baning ustiga yamaniy mato yopganlar. O‘z davrida Abu Bakr, Umar va Usmon roziyallohu anhum qibtiy va yamaniy mato bilan o‘ragan.

Asrlar davomida shu go‘zal an’ana tufayli islom olamining mutaxassislari mahoratning yuksak cho‘qqilarini zabt etgan,

Bu orada ka’bapo‘shga oyatlar yozish joriy qilindi. Umaviylar davrida yilda ikki marta o‘rash odatga aylandi. Bittasi – Ashuro kunida, ikkinchisi – Iydul fitr bayramiga tayyorgarlik sifatida Ramazon oyining oxirida.

Abbosiy xalifalar kisvaga yana ham katta mas’uliyat bilan yondashib, mato to‘qish, bo‘yash, rang tanlash, bichimini o‘zgartirish kabi bezak ishlariga alohida e’tibor qaratdi. Shu sababli Misrning Taniys, Tuna va Shato mintaqalari aholisi bu sharafli ishning yetuk mutaxassislari bo‘lib yetishdi.

Xalifa Ma’mun o‘z davrida Ka’bai musharrafani yiliga uch marta o‘ratdi.

Eng yaqin tarixga kelsak, 1927 yilda Podshoh Abdulaziz Masjidul haramga yaqin “Ajyod” dahasida Ka’bai muazzama ustiga yopiladigan kisva tayyorlaydigan korxona barpo etishga farmon berdi. 1963 yilda “Jarval” mahallasida zamonaviy uskunalar yordamida ka’bapo‘sh tayyorlanadigan fabrika ochildi. 1972 yilda Podshoh Faysal kisva to‘qiladigan korxonani “Ummul javd” dahasiga ko‘chirish to‘g‘risida farmon chiqardi. U o‘z davri uchun eng zamonaviy fabrika bo‘ldi.

Salmon ibn Abdulaziz Ol Saudning ham kisva ishiga e’tibori juda kuchli. U 2016 yilda korxonani “Podshoh Abdulaziz nomidagi ka’babo‘sh tayyorlash majmuasi” deb nomlashni amr qildi va endi bu majmua nufuzi yanada yuksaldi.

Ka’bapo‘sh – ipakdan to‘qilgan qora mato bo‘lib, unga Qur’on oyatlari oltin suvi yugurtirilgan iplar bilan go‘zal husnixatda, naqsh holida, kashta qilib yoziladi. Bu yopinchiq yilda bir marta – Arafa kuni tongida almashtiriladi. Zulhijja oyining to‘qqizinchi kuni bomdod namozidan keyin Ka’bai musharrafaning yopinchig‘ini yangilash marosimi bo‘lib o‘tadi. Bu ishda 160 nafar yetuk mutaxassis ishtirok etadi. Yechib olingan kisva yana bo‘laklarga ajratilib, e’zozli mehmonlarga, el-yurt hurmatini qozongan arboblarga hadya qilinadi.

Madina Mashrabxon,
Makkai mukarrama.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Podshoh mehmonlari umra amallarini ado etib, ka’bapo‘sh korxonasini ziyorat qildi
ePN