11:46 / 04.07.2023
595

Ukraina qarshi hujumi qanday ketyapti? Harbiy ekspertlar javob beradi

Ukraina qarshi hujumi qanday ketyapti? Harbiy ekspertlar javob beradi
Wojciech Grzedzinski / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Pre

Ukraina qarshi hujumi qariyb bir oydan buyon davom etmoqda. Shu bilan birga, NYT ma’lumotlariga ko‘ra, Vashingtondagilar go‘yoki janglarning dastlabki natijalaridan «sergak tortishgan» va ukrain harbiylari «grafikdan ortda qolayotgani»ni qayd etishmoqda. «Meduza» harbiy ekspertlar bilan qarshi hujumning ilk natijalari, uning istiqbollari va Yevgeniy Prigojin isyoni janglarga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqida gaplashdi.

— Ukraina qurolli kuchlarining past sur’atlardagi yurishini qanday izohlash mumkin?

Uilyam Kortni, RAND Corporation’ning yetakchi eksperti, AQShning Qozog‘iston va Gurjistondagi sobiq elchisi: harbiy qarama-qarshilik natijalarini alohida uchastkalardagi vaziyatga qarab tusmol qilish qiyin. Ko‘rinishidan, Ukraina eng yaxshi tuzilmalarining faqat bir qismidan foydalangan holda razvedka hujumlari o‘tkazmoqda. Maqsad — rossiyaliklarning pozitsiyalari nisbatan qaysi nuqtalarda zaifroq ekanini tekshirish va mudofaa liniyalari qanday mustahkamlangani borasida ma’lumot yig‘ish.

Asosiy zirhli tank brigadalari hali harbiy harakatlarda ishtirok etayotgani yo‘q. Ukrainlar ham, ruslar ham [rossiyaliklarning] mudofaa liniyalari yaxshi mustahkamlangan deb hisoblaydi. Masala shundaki, Ukraina qurolli kuchlari bu liniyalarni yorib o‘tish yo‘lini topa oladimi?

[Menimcha], Ukrainaning asosiy maqsadi — Qrimga quruqlik yo‘lagini uzib qo‘yish. Buning uchun Donbass va Qrim o‘rtasidagi butun hududni egallash shart emas. Buning uchun zaif joyni topish kifoya. Buning uchun Ukrainada yaxshi imkoniyatlar mavjud. 

Yuriy Fedorov, harbiy sharhlovchi: Hozir frontda sezilarli ilgarilash bormi degan savol ko‘rinayotganidek oddiy savol emas. «Sezilarli ilgarilash» deganda nimani nazarda tutish mumkin? Buni biz bilmaymiz. Ukraina qurolli kuchlari qarshi hujumi, ruslar so‘nggi oylar davomida barpo etgan mudofaa istehkomlarining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, Rossiya qo‘shinlari bilan juda murakkab qarama-qarshilikda davom etmoqda. 

Ammo muayyan yo‘nalishlarda — masalan, Zaporijjya oblastida — ilgarilash keng ko‘lamli bo‘lmasa ham, bir muncha sezilarli darajada. Qolaversa, bu hali yurishning asosiy bosqichi emas. Urush ilmiga ko‘ra, yurish asosiy kuchlarni bir yo‘nalishga — «asosiy zarba yo‘nalishi»ga jamlashni talab etadi. 

Hozircha, mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari asosiy zaxiralari va resurslarini harakatga keltirmadi. Bo‘layotgan hodisalar — ko‘proq razvedka janglari ekanini istisno qilmayman. Ammo boshqa variant bo‘lishi ham mumkin.

— Hozirgi qarshi hujum Xarkiv va Xerson oblastlarida bo‘lganidan nimasi bilan farq qiladi?

Uilyam Kortni: Bu yurish amaliyotlari vaqtida ukrainlar bu qadar tayyorlangan mudofaa istehkomlariga duch kelmagandi. Xarkiv oblastidagi qarshi hujum o‘tgan yil sentabr oyida o‘tkazilgandi. O‘tgan vaqt ichida ruslarda mudofaaga tayyorlanish uchun yarim yildan ortiq muddat bo‘ldi. Xerson oblastida Dniproning o‘ng sohilida o‘tkazilgan amaliyot haqida ham shu gaplarni aytish mumkin: u yerda ham Rossiya qo‘shinlari hozirda chap sohilda barpo etgani kabi istehkomlar yo‘q edi.

Yuriy Fedorov: Xerson oblastida Dniproning o‘ng sohilidagi qarshi hujum o‘tgan yilning yozida boshlangan va u yerda kuchli istehkomlar bo‘lmaganiga qaramay, [RF armiyasi Xersondan chekinishiga qadar] hozirgidek sur’at va kuchlar bilan olib borilgandi.

Xarkiv oblasti haqida gap ketadigan bo‘lsa, Rossiya qo‘mondonligi o‘shanda Ukraina qurolli kuchlarining harakatlariga mutlaqo tayyor bo‘lmagani ayol bo‘lgandi. Bu yo‘nalishda mudofaa eng zaif nuqtalardan birida, Balakliya hududida yorib o‘tildi, shundan keyin manyovr qiluvchi guruhlar tezlik bilan operativ kenglikka chiqishdi va Rossiya garnizonlarini qurshov ichida qoldira boshladi, natijada rossiyaliklar chekinishga majbur bo‘ldi. Zaporijjya oblastida hozircha bunga o‘xshash voqealar ro‘y bermayapti, chunki Rossiya qo‘shinlari ukrainlarning qarshi hujumiga uzoq muddat davomida tayyorgarlik ko‘rishdi — bu yerga kuchlarni jamlab, eshelonlangan mudofaa qurishdi. Hozircha Ukraina qurolli kuchlari bu mudofaani yorib o‘tib, operativ kenglikka chiqa olmadi, ammo aytish kerakki, ular bunga jiddiy harakat ham qilmayapti. 

— Rossiya tomonidan qurilgan mudofaa tizimi qanchalik samarali ko‘rinadi? 

Uilyam Kortni: Ular [RF QK] chindan ham yaxshi tayyorlangan. Ularda bu urush davrida mudofaani tayyorlash uchun yetarlicha ko‘p vaqt bo‘ldi. Bungacha Rossiya bir necha yo‘nalishlarda yurish amaliyotlari o‘tkazgandi — xususan, Kiyev, Xarkiv va Odessani egallash bo‘yicha. Barcha uch amaliyot muvaffaqiyatsizlikka uchradi. 

Mudofaa amaliyotlari esa yurish amaliyotlaridan ko‘ra osonroq. Samarali hujum qilish — bu keng ko‘lamli qo‘shma amaliyot bo‘lib, armiyaning turli bo‘g‘inlari, jumladan, piyodalar, zirhli texnikalar va artilleriyaning muvofiqlashtirilgan harakatlarini talab etadi. Mudofaa amaliyotlari esa bunday darajadagi muvofiqlashtirish va manyovrlarni talab etmaydi. Shuning uchun, ruslar Ukraina qurolli kuchlarining razvedka hujumlarini muvaffaqiyatli qaytarayotgani ajablanarli emas. Rossiya mudofaasi uchun haqiqiy sinov Ukraina armiyasi keng ko‘lamli hujumga o‘tganida bo‘ladi — barcha qo‘shinlar bir mushtga aylanib zarba berganida. 

Yuriy Fedorov: Umuman olganda, ha, tayyorlanishgan, mustahkam qal’alar tizimini qurishgan. Asosiy jihat [RF qurolli kuchlari tomonidan qurilgan mudofaa chizig‘ida] — bular minalangan dalalardir. Bu yengib o‘tish juda qiyin bo‘lgan to‘siq bo‘lib, og‘ir yo‘qotishlar muqarrar. Minalangan maydonlardan o‘tish joylarini tozalash mumkin, ammo buni raqibning to‘xtovsiz o‘t yog‘dirishi ostida amalga oshirish talab etiladi.

— Volodimir Zelenskiyning may oyida Italiya, Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniyaga may oyida amalga oshirgan safarlari chog‘ida Ukrainaga yangi harbiy yordam paketi haqida e’lon qilindi. Ular, xususan, tanklar, piyodalarning jangovar mashinalari va raketalarni o‘z ichiga oladi. Yevropa yetakchilari g‘arb qiruvchi samolyotlari yetkazib berish va ukrain uchuvchilarini tayyorlash bo‘yicha koalitsiya tuzishgan. So‘nggi yetkazib berilgan texnikalar Ukraina qo‘shinlariga qanchalik samarali yordam beradi?

Uilyam Kortni: Ukraina zirhli tanklar bilan yoppasiga zarba bermagunicha, biz bu savolga javobni bila olmaymiz. Hozircha buni muhokama qilishga erta. Albatta, ruslar bir qancha «Leopard» tanklari va g‘arbning boshqa texnikalarini yo‘q qilishganini aytishmoqda, ammo bular razvedka hujumlarida qo‘llangan texnikalardir. Bu asosiy zarba emasdi, uni hali kutish kerak.

Yuriy Fedorov: Men bu savolga to‘liq javob bera olmayman, chunki bu yangi qurollar yurish davomida qay darajada qo‘llanganini bilmayman. Ukraina qurolli kuchlari Storm Shadow raketalaridan foydalangani to‘g‘risida ozmi-ko‘pmi ma’lumot bor. Xususan, Chongardagi ko‘prikka zarba berish uchun.

Putin va uning qo‘li ostidagilarning Ukrainaga yetkazib berilgan «Leopard» tanklarining deyarli barchasi yo‘q qilingani haqidagi bayonotlari — safsata. Bir necha tanklar yo‘q qilingan bo‘lishi mumkin, ammo bu tabiiy holat, chunki hujum qilayotgan tomon har doim ham texnikalarda, ham jonli kuchlarda ko‘proq yo‘qotishlarga duchor bo‘ladi. 

— Ikki tomonning hozirgi qurollanish darajasida qarshi hujumning keyingi istiqbollari qanday bo‘ladi? 

Uilyam Kortni: F-16 qiruvchilari, yozgi janglar oxirigacha yetib kelmasligi deyarli aniq. Shunday ekan ularning yetkazib berilishining samarasini bu qarshi hujum davomida kutish o‘rinsiz.

Hozirda e’tibor qaratilayotgan xususiyatlardan biri shundaki, ruslar «Stinger» radiusidan tashqarida turgan holda (havodagi nishonlarga qarshi raketalar yetib bora olmaydigan masofada) ukrainlarning zirhli texnikalariga uzoq masofadan raketa zarbalari yog‘dirish uchun jangovar vertolyotlardan foydalana boshladi. Shuning uchun, Ukraina bu jangovar vertolyotlarga qarshi tura oladigan qandaydir vositani topishi kerak. 

Ukraina qarshi hujum rejalashtirilgan hududlarda havodagi ustunlikka ega emas. Shuning uchun, Ukraina qurolli kuchlari zirhli texnikalari yoppasiga o‘qqa tutilayotgan mahalda havodan qo‘llab-quvvatlashda muammolar yuzaga kelishi mumkin. Bu Ukraina qo‘mondonligi hozirda razvedka hujumlari natijalarini tahlil qilib, hal qilish ustida bosh qotirayotgan masalalardan biridir.

— Ukrainlar qarshi hujumni yakunlashi zarur bo‘lgan muddat mavjudmi?

Uilyam Kortni: Kuzgi loygarchiliklar boshlanmaguncha. Ungacha quruq yerda manyovrlar o‘tkazish osonroq bo‘ladi. Lekin kuzda yer yumshay boshlagach, manyovrlar uchun imkoniyatlar keskin pasayadi. O‘ylaymanki, Ukraina shu vaqtgacha imkon qadar ko‘proq hududlarini ozod etishga urinadi.

Yuriy Fedorov: Bu savolga javob berish uchun, Ukrainaning qarshi hujumning bu bosqichidagi maqsadlaridan xabardor bo‘lish kerak, ammo ularni faqat Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabidagilar biladi. Tabiiy faktor bor — kuzgi loygarchilik, bu vaqtda dasht yopishqoq loydan iborat bo‘ladi. Bu oktyabr oyining ikkinchi yarmi — noyabr oyi boshi. Bungacha hali vaqt ko‘p.

— Prigojinning isyoni isyon kunidagi qarshi hujum harakatlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatdimi?

Uilyam Kortni: Katta ehtimol bilan, yo‘q, chunki [Prigojin] isyonining aktiv fazasi juda qisqa bo‘ldi.

Yuriy Fedorov: Yo‘q, bunday bo‘lmadi. Har holda bunga dalillar yo‘q.

— Prigojinning isyoni va uning natijalari qarshi hujum istiqbollariga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Uilyam Kortni: Ukraina qarshi hujumi istiqbollari, katta ehtimol bilan, yaxshilangan. Prigojin urushning [Kreml tomonidan aytilgan] rasmiy sababini «yolg‘on» deb atadi. U tomonidan yangragan bunday haqqoniylik to‘p yemiga aylanishdan cho‘chigan rossiyalik askarlarning ruhini tushirishi mumkin. Ukraina qurolli kuchlari Rossiya qo‘shinlarini o‘tgan yil sentabrida Xarkiv oblastini tozalash vaqtidagi kabi mag‘lubiyatga uchratishi tez-tez ro‘y berib turishi mumkin. 

Birinchi jahon urushi vaqtida, imperator Nikolay II front bilan faol aloqani yo‘qotganida, rus armiyasining katta qismi shunchaki tarqalib ketgandi. Bu takrorlanishi mumkin. Rossiya mudofaasida yangi zaif nuqtalar aniqlanishi ehtimolini hisobga olib, Ukraina qurolli kuchlari razvedka hujumlari sonini ko‘paytirishi mumkin.

Yuriy Fedorov: Agar yaqin istiqbollar haqida gap ketsa — frontda nimadir o‘zgarishi dargumon. Nisbatan uzoq istiqbolda, ta’bir joiz bo‘lsa, zaiflik ko‘rsati, «ochkolar bo‘yicha» Prigojinga yutqazgan Putinning pozitsiyasi kuchsizlanishi muhim omil bo‘ladi. Shu munosabat bilan Rossiya oliy rahbariyatida keskinlik kuchayishi Ukraina qurolli kuchlari uchun qulay vaziyat yaratadi.

Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukraina qarshi hujumi qanday ketyapti? Harbiy ekspertlar javob beradi
ePN