14:53 / 04.07.2023
347

Saakashvili ikki yil ichida tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketdi

Mixail Saakashvili videoaloqa orqali sudda chiqish qilmoqda

Gurjistonning sobiq prezidenti, hozirda mahbuslikda bo‘lgan Mixail Saakashvili 3 iyul kuni Tbilisidagi sud majlisiga masofadan videoaloqa orqali ulandi, sudda 2007 yil 7 noyabridagi norozilik aksiyasini bostirish ishi ko‘rilmoqda.

Bu Saakashvili shu yil fevralidan buyon ilk bor ommaga ko‘rinish berishi bo‘ldi.

Aloqa vaqtida u parlament raisi Shalve Papuashviliga murojaat qildi va Gurjistonda Saakashviliga nisbatan qilingan yomon munosabat bo‘yicha dezinformatsiya tarqatayotganlar uzr so‘rashini kutayotganini aytgan.

«Meni bu holatga tushirganingiz uchun siz kechirim so‘rashingiz kerak», — degan juda ozib ketgan Saakashvili Papuashviliga yuzlanib.

«Siz meni shu ahvolga tushirdingiz va siz yevroparlamentariylar qarshisida, oilamdan, mendan, Ukraina davlatidan […] va Gurjistonning barcha fuqarolaridan gurjilar davlati asoschisi shu holatga tushgani uchun kechirim so‘rashingiz kerak. Papuashvili, menga yaxshilab qara», — degan Saakashvili o‘zining naqadar ozib ketganini ko‘rsatish uchun maykasini ko‘tarib.

Foto: Irakli Gedenidze / Reuters / Scanpix / LETA

Ayni vaqtda Gurjistonning emas, Ukraina fuqarosi sanaladigan Saakashvili o‘tgan yil mayidan buyon Tbilisidagi «Vivamedi» klinikasida yotibdi. U 2021 yil oktyabrida, vataniga qaytganidan ko‘p vaqt o‘tmasdan qo‘lga olingandi.

Gurjistonda Saakashvili bir necha jinoiy ish bo‘yicha ayblangan. Ularning ikkisiga ko‘ra, u hali Gurjistonga qaytmasidan sirtdan olti yil muddatga hukm qilingandi.

2007 yil 7 noyabridgi mitingni tarqatish, «Imedi» telekompaniyasiga bostirib kirish va Badri Patarkatsishvilining mulkini (telekompaniya unga qarashli bo‘lgan) noqonuniy o‘tkazish bo‘yicha prokuratura tomonidan Saakashviliga ayblov uning ikkinchi prezidentlik muddati yakunlanishi bilanoq qo‘yilgan. Prokuratura sobiq prezidentni mansab vakolatlarini suiiste’mol qilishda ayblagan.

Saakashvili esa o‘zini «Putinning mahbusi» deb ataydi va o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni siyosiy motivga ega ta’qib deb hisoblaydi.

«Rossiya Ukraina fuqarosini o‘ldirmoqda»

Gurjistonda Saakashvili haqida bugungi kunda ham bir-biridan keskin farq qiluvchi fikrlar bildiriladi. Foto: AZIZ KARIMOV/GETTY

«Ayni damda Rossiya Ukraina fuqarosi Mixaylo Saakashvilini Gurjiston hukumati qo‘li bilan o‘ldirmoqda», — deya Saakashvili sudda yana bir bor ko‘rinish berishiga munosabat bildirdi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy.

Ukrainlar prezidentining so‘zlariga ko‘ra, u tashqi ishlar vazirligiga Gurjistonning Ukrainadagi elchisini chaqirib, Ukrainaning qat’iy noroziligini bildirish va Tbilisi bilan maslahatlashish uchun 48 soat ichida mamlakatni tark etishni so‘rash bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

«Yana bir bor Gurjiston hukumatini Ukraina fuqarosi Mixaylo Saakashvilini zaruriy davolanish va parvarish uchun Ukrainaga berishga chaqiraman. Va men hamkorlarimizni bu vaziyat bilan shug‘ullanish, unga e’tiborsizlik qilmaslik hamda bu insonni qutqarishga chaqiraman. Yevropadagi biror mamlakat odamni qatl qilish huquqiga ega emas, inson hayoti — Yevropaning asosiy qadriyatidir», — deya yozgan Zelenskiy.

Gurjiston hukumati Saakashvilining huquqlari buzilayotganini qat’iyan rad etgan va unga zarur tibbiy xizmatlar va parvarish ko‘rsatilayotganini aytmoqda.

Ammo Saakashvilining yaqinlari va advokatlari allaqachon uning sog‘ligi holati bo‘yicha bong urib, uni davolanish uchun xorijga yuborishga chaqirmoqda.

Uning ukasi David shunday deydi: «Katta ehtimol bilan Mixail zaharlangan, buni keyinroq tarix ko‘rsatadi. Vaziyat haqiqatan ham yaxshi emas, dahshatli darajada oriqlab ketgan, hozir Mixail necha kilogramm chiqishini aniq ayta olmayman, ammo fakt shuki, u vazn yo‘qotishda davom etmoqda va o‘lib bormoqda». 2023 yil fevralida Saakashvilining vazni 67 kilogrammga tushib ketgani xabar qilingandi. Hibsga olinishidan oldin u 195 santimetr bo‘y va 116 kilogramm vaznga ega edi.

Saakashvilini hibsdan ozod etish va davolanish uchun xorijga yuborish bo‘yicha chaqiriqlar xalqaro tribunalardan ham yangramoqda.

Shu yil fevralida Tbilisi shahar sudi hakami Georgiy Arevadze advokatlarning xorijlik va gurjistonlik mutaxassislarning xulosalariga asoslangan jiddiy tashxislar tufayli uni ozod etish yoki jinoiy jazoni kechiktirib turish to‘g‘risidagi so‘rovini qanoatlantirmagandi.

Advokatlar Saakashvilini Strasburg sudi orqali ham Gurjistondan olib chiqishga muvaffaq bo‘la olmadi.

May oyida sud himoyachilarning vaqtincha chora qo‘llash va Saakashvilini davolanish uchun Varshavaga yuborish to‘g‘risidagi iltimosnomasini ham rad etdi.

Yana siyosatga qaytadimi?

DAVIT KACHKACHISHVILI/ANADOLU AGENCY

Saakashvilining 2021 yil kuzidagi mahalliy saylovlar arafasida Gurjistonga qaytishi, keyin uning Tbilisida qo‘lga olinishi mamlakat bo‘ylab ko‘p sonli namoyishlarni keltirib chiqargandi. Ammo vaqt o‘tib namoyishchilar safi va norozilik aksiyalari tobora kamayib bordi.

O‘tgan yil yozida Saakashvilining advokatlari uni siyosat ortiq qiziqtirmasligini aytishdi.

«U Gurjiston telekanallarini kuzatmaydi va butunlay ukrainlarnikiga o‘tgan. U Gurjistondagi siyosiy vaziyat o‘zini qiziqtirmasligi va bu masalada hech kim bilan aloqa o‘rnatmaganini aytadi», — degandi o‘shanda Saakashvilining advokatlaridan biri Valeri Gelbaxiani.

Ammo bir yil o‘tgach, shu yil iyunida, Saakashvili sog‘lig‘i yomonlashganiga qaramay, Gurjiston siyosatida faollashmoqchi ekani va sud jarayonlarida ishtirok etmoqchiligini aytgandi.

«Biz qo‘llarimizni tushirib Ukrainaning g‘alabasini kutmasligimiz, balki o‘z novatorlik va jasur harakatlarimiz bilan unga yaqinlashishimiz kerak. Bugungi kundan jismonan imkonim bo‘lganicha, barcha „sudlar“da qatnashmoqchiman», — deya yozgandi u feysbukdagi sahifasida.

Saakashvili dushanba kuni Tbilisidagi sud mahkamasidagi chiqishi chog‘ida ham siyosiy jarayonlarga faol qo‘shilish niyati borligini aytib, rasmiylarni ochiq debatlarga chaqirdi.

«Nima uchun ochiq gaplashishdan qo‘rqasiz. Menga ochiq debatlarda ishtirok etish imkoniyatini bering, kim haqligini xalqning o‘zi hal qilsin. Agar xohlasangiz, qochib ketmasligim uchun qo‘limga temir bilaguzuk taqib qo‘ying, ammo sud sharoitida emas, ochiq gaplashaylik», — deya murojaat qildi u rasmiylarga.

Saakashvili o‘tgan yil mayidan buyon Tbilisidagi «Vivamedi» klinikasida yashamoqda
DAVIT KACHKACHISHVILI/ANADOLU AGENCY

Hukmron partiyadagilar Saakashvilining taklifini qabul qilmasligini bildirdi va uning mahbus sifatidagi huquqlari himoyalanganini yana bir bor takrorladi.

«Saakashvili o‘z mamlakati va o‘zi bilan debatda, bizda u bilan debat qiladigan masala yo‘q. U hibsda va biz davlat sifatida uning huquqlariga rioya etilishi uchun maksimal darajada qayg‘uramiz», — degan jurnalistlarga parlament vitse-spikeri Archil Talakvadze.

Saakashvili haqida bugungi kunda ham, uning ikkinchi prezidentlik muddati yakunlanganidan qariyb o‘n yil o‘tib Gurjistonda tubdan farq qiluvchi qarama-qarshi fikrlar bildirilmoqda.

Mart oyida Xalqaro respublika instituti (IRI) o‘tkazgan so‘rovlarga ko‘ra, u haqda 36 foiz kishi ijobiy fikrda, so‘ralganlarning 59 foizi esa salbiy.

Ammo, so‘rovlar shuni ko‘rsatadiki, aholining yarmidan ko‘pchiligi Saakashvilini davolanish uchun xorijga yuborishni qat’iy yoki ma’lum darajadagi xayrixohlik bilan qo‘llab-quvvatlaydi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Saakashvili ikki yil ichida tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketdi
ePN