16:23 / 08.07.2023
264

Erdo‘g‘an Ukrainani NATO a’zosi bo‘lishga munosib deb atadi

Erdo‘g‘an Ukrainani NATO a’zosi bo‘lishga munosib deb atadi

Erdo‘g‘an va Zelenskiy uchrashuvi. Foto: president.gov.ua
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Istanbulda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan muzokaralardan so‘ng Ukrainani NATO a’zosi bo‘lishiga munosib, deb ta’kidladi.

«Anado‘lu» agentligining yozishicha, Turkiya prezidenti Zelenskiy bilan muzokaralardan so‘ng «Ukraina, shubhasiz, NATO a’zosi bo‘lishga munosib», degan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya Rossiya-Ukraina mojarosini hal qilish uchun barcha sa’y-harakalarni ishga solgan, bir necha bor «Ukraina hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligini qo‘llab-quvvatlagan».

«Biz, shuningdek, siyosiy, iqtisodiy, humanitar va texnik sohalarda muayyan ko‘maklarni ko‘rsatib, Ukraina bilan birdamligimizni amalda namoyon etdik», — degan Erdo‘g‘an.

Erdo‘g‘an, shuningdek, Turkiya sharofati bilan g‘alla bitimi tuzilganini ham yodga olgan.

«Umid qilamanki, bir yil ichida muhtojlarga 33 million tonna g‘alla yetkazilishini ta’minlagan mazkur tashabbus 17 iyul kuni yana uzaytiriladi», — degan Turkiya yetakchisi.

Avvalroq RF TIV rahbari o‘rinbosari Sergey Vershinin g‘alla bitimi kelishuvga rioya qilinmayotgani sababli 18 iyul kuni nihoyalanishi mumkinligi haqida bayonot bergan edi.

Bundan tashqari, Rajab Toyyib Erdo‘g‘an avgust oyida mamlakatga Rossiya prezidenti Vladimir Putin tashrif buyurishini ham e’lon qildi. Erdo‘g‘anga ko‘ra, muzokara mavzularidan biri asirlar almashish bo‘ladi.

«Biz ayniqsa asirlar almashish masalasida Ukraina tomonidan prezident Zelenskiyni eshitdik. Men bu masalani janob Putin bilan muhokama qilganman, kelgusi oyda janob Putin Turkiyaga tashrif buyuradi. Bizda bu masalani yuzma-yuz muhokama qilish imkoniyati bo‘ladi», — degan Erdo‘g‘an.

Ukraina o‘tgan yilning sentyabr oyida NATOga tezlashtirilgan tartibda a’zo bo‘lish uchun ariza bergan edi. NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg iyun oyida Ukraina uchun «NATO eshiklari doimo ochiq» ekanini ma’lum qilgan, biroq uning alyansga a’zo bo‘lish masalasi Ukrainaning «g‘alabasi»dan keyingina muhokama qilish uchun imkonli bo‘lishini ta’kidlagan.

O‘z navbatida, AQSH prezidenti Jo Bayden CNN telekompaniyasiga bergan intervyusida «Ukrainani NATO oilasiga qabul qilishda ayni damda alyansda birdamlik borligi»dan shubha qilishini bildirgan edi. Rossiyaning keng miqyosli bosqini bartaraf etilmagunga qadar Ukrainani Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shish NATOni mojaroga aralashuviga olib kelishi mumkin, degan Amerika yetakchisi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Erdo‘g‘an Ukrainani NATO a’zosi bo‘lishga munosib deb atadi
ePN