date
views 335

NATOning Litvadagi sammitida Baydenni gaubitsa va qiruvchi samolyotlar himoya qiladi

NATOning Litvadagi sammitida Baydenni gaubitsa va qiruvchi samolyotlar himoya qiladi

Foto: Reuters

11-12 iyul kunlari Vilnyusda bo‘lib o‘tadigan NATO sammiti arafasida Shimoliy Atlantika alyansi rahbariyati Litva poytaxtini «eng ilg‘or qurollar bilan himoyalangan haqiqiy qal’aga» aylantirish haqida qayg‘urmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Misli ko‘rilmagan xavfsizlik choralari sammitning Litva va Belarus chegarasidan atigi 30 km uzoqlikda o‘tkazilishi bilan bog‘liq. Rossiyaning o‘zi ham juda yaqin - Kaliningrad viloyati uchrashuv joyidan taxminan 150 km uzoqlikda joylashgan. Shu bilan birga, tadbirda AQSH prezidenti Jo Bayden va NATO davlatlarining aksariyat rahbarlari ishtirok etadi.

Alyansning 16 ta davlati sammitni qo‘riqlash uchun mingga yaqin harbiy xizmatchilarni yubordi. Shuningdek, mahalliy harbiylar ham ularga ko‘maklashadi.

Bundan tashqari, havo hududini qo‘shimcha himoya qilish choralari ham ko‘rilmoqda. Chunki Boltiqbo‘yi davlatlarining havo mudofaa tizimlari Rossiyadan hujum sodir bo‘lgan taqdirda samarali himoya uchun yetarli emas deb topilgan.

«Bayden va boshqa 40 ta davlat rahbarlari sammitga kelayotgan bir paytda havo hududimizni himoyasiz qoldirish mas’uliyatsizlikdan ham ortiqroq bo‘lar edi», dedi Litva prezidenti Gitanas Nauseda.

Boltiqbo‘yi mamlakatlari - Litva, Estoniya va Latviyaning jami aholisi 6 million kishini tashkil qiladi. Shu sababli, ular yirik kontingentli armiya, harbiy qismlar, qiruvchi samolyotlar va havo mudofaa tizimlarini jangovar shay holda ushlab turishga qodir emas.

Germaniyadan «Patriot»lar, Fransiyadan «Caesar»lar

Sammitni himoya qilish uchun NATO davlatlari quyidagi qurollar va texnikalarni yuborgan:

- Germaniya 12 ta «Patriot» zenit-raketa komplekslarini yubordi - bu NATO mamlakatlari arsenalidagi havo mudofaasi va raketaga qarshi mudofaa qurollarining asosiy turlaridan biri;

- Ispaniya NASAMS qisqa va o‘rta masofali havo mudofaa tizimlari bilan ta’minladi (ular Norvegiyada ishlab chiqarilgan);

- Fransiya o‘ziyurar «Caesar» gaubitsalarini berdi;

- Shuningdek, Fransiya, Finlyandiya va Daniya o‘z jangovar aviatsiyasining bir qismini vaqtincha Litvaga ko‘chirdi;

- Britaniya va Fransiya uchuvchisiz samolyotlarga qarshi texnologiya bilan jihozladi;

- Polsha va Germaniya jangovar vertolyotlar bilan jihozlangan maxsus tezkor qismlarni yubordi;

- boshqa davlatlar sammitni «kimyoviy, biologik, radiologik va yadroviy qurollarga qarshi kurash vositalari» bilan ta’minladi.

Qayd qilinishicha, Germaniyadan kelgan sakkizta «Patriot» kompleksi Vilnyus aeroportiga o‘rnatilgan va to‘g‘ri Rossiyaning Kaliningrad viloyatiga yo‘naltirilgan. Yana ikkitasi Belarusga qaratilgan. Ularning barchasi jangovar shay holatda.

«Geografik jihatdan qayerda ekaningizni tushunishingiz kerak va tahdid qayerdan kelib chiqishini yaxshi bilishingiz kerak», dedi zenit-raketa tizimlari qo‘mondoni, podpolkovnik Shteffen Lib.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Litva NATO bo‘yicha Germaniya ittifoqchilaridan sammitni qo‘riqlashda yordam berishni so‘ragan, shuningdek, Shimoliy Atlantika alyansi rahbariyati ham buni iltimos qilgan.

«[Patriot tizimlari] ularning iltimosiga javobimizdir», dedi podpolkovnik.

Litvaning o‘zi qanday choralar ko‘ryapti?

Litva prezidenti Gitanas Nauseda mamlakat havo hududini mustahkamlash sammit vaqti bilan cheklanib qolmasligiga umid bildirdi: «Biz sammit tugagach, nima bo‘lishini o‘ylayapmiz. Va biz ittifoqchilar bilan havo hududimizni doimiy samarali himoya qilish uchun rotatsiyali guruh yaratish uchun ishlaymiz».

Yoz boshidan beri Litva rahbariyati Latviya va Polsha ko‘magida Rossiya va Belarus bilan chegarani qo‘riqlayotgan chegarachilar sonini uch barobarga oshirdi.

«Biz [Rossiya va Belarus tomonidan] turli provokatsiyalarga tayyorlanyapmiz», dedi agentlikka Litva Davlat chegaralarini himoya qilish xizmati rahbari Rustamas Lyubayevas. Ehtimoliy tahdidlar qatorida u chegaraga muhojirlar oqimi, chegarani noqonuniy kesib o‘tishlar sonining ko‘payishi va uning yaqinida hech qanday izohsiz harbiy texnikalar paydo bo‘lishini sanab o‘tdi.

«Hozirda Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkorligi tufayli vaziyat juda tarang. Shu bois, sammitdan oldin ham biz chegaramizni himoya qilish darajasini juda yuqori darajaga ko‘tardik», deb ishontirdi Lyubayevas.

Sammit arafasida mamlakatning Polsha va Latviya bilan chegaralarida chegara nazorati tiklandi. Vilnyus aholisiga voqea kunlarida shaharni tark etish tavsiya qilindi - uning hududida yo‘llar yopilishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » NATOning Litvadagi sammitida Baydenni gaubitsa va qiruvchi samolyotlar himoya qiladi