14:14 / 09.07.2023
456

Sindirilgan gitara uchun aviakompaniyadan g‘aroyib tarzda o‘ch olgan musiqachi

Sindirilgan gitara uchun aviakompaniyadan g‘aroyib tarzda o‘ch olgan musiqachi

Fotokollaj: Kun.uz

Dunyo bo‘ylab turli insonlar samolyotlarda parvoz qilar ekan, har kuni ko‘plab yo‘lovchilarning sumkalari yo‘qoladi yoki adashib ketadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda har yili aeroportlarda 20 million sumka yo‘qoladi. Ulardan qariyb 100 ming donasi umuman topilmaydi.

Shuningdek, sumkalarga solingan turli buyumlar samolyotlarga ortib, tushirishda sinadi va yaroqsizga aylanadi. Bunday hollarda yo‘lovchilarning zarar ko‘rishiga asosan aeroportlarda sumkalarni ortish va tushirish bilan shug‘ullanuvchi xodimlar sabab bo‘lishadi.

Ijtimoiy tarmoqlar aeroport xizmatchilarining yo‘lovchilar sumkalarini ehtiyot qilmasdan uloqtirib yuborayotgani tasvirlangan videolarga to‘la.

Qanchalik tanqid qilinmasin, gapirilmasin dunyoning aksariyat aeroportlarida xizmatchilarning yo‘lovchilar sumkalariga munosabati o‘zgarmayapti. Ular sumkalarni irg‘itishda va yo‘lovchilarga zarar yetkazishda davom etishmoqda.

Bundan bir necha yil oldin kanadalik uncha taniqli bo‘lmagan musiqachi Deyv Kerroll bilan ham shunday hodisa yuz bergan.

2008 yilda aeroport xodimlari uning qimmatbaho gitarasini sindirib qo‘yishadi. Musiqachi bunda gitarani samolyot saloniga olib kirishiga ruxsat bermagan avikompaniya xodimlarini ayblaydi. Biroq tovon puli undira olmaydi. Shunda u aviakompaniyadan o‘zgacha tarzda o‘ch oladi.

Foto: krskdaily.ru

Hodisa tafsilotlari

2008 yil bahor oylarining birida Deyv Kerroll boshchiligidagi Sons of Maxwell musiqiy guruhi AQShning Nebraska shtatida konsert qo‘yish uchun taklif oladi.

Jamoa a’zolari United Airlines aviakompaniyasidan chipta olishadi va Kanadaning Yangi Shotlandiya provinsiyasida joylashgan Galifaks shahridan parvoz qilishadi.

Parvoz boshlanishidan avval kichik bir ko‘ngilsiz hodisa sodir bo‘ladi. Deyv qimmatbaho gitarasini o‘zi bilan salonga olib kirmoqchi bo‘lganida United Airlines aviakompaniyasi xodimlari bo‘lgan bort kuzatuvchilari bunga ruxsat berishmaydi.

U aviakompaniya xodimlariga gitarasini qimmatbaho bo‘lish bilan birga nozikligini, samolyotga ortib tushirishda uni sindirib qo‘yishlari mumkinligini aytadi. Biroq ular Deyvning so‘zlarini inobatga olishmaydi.

Deyv qancha iltimos qilmasin, aviakompaniya xodimlari ko‘nishmaydi. Shundan so‘ng musiqachi o‘z gitarasini yukxonaga topshirishga majbur bo‘ladi.

O‘shanda Deyv o‘tirgan samolyotning parvozi Chikagodagi O’Xara aeroportigacha bo‘lib, musiqachilar u yerdan konsert bo‘lib o‘tadigan Nebraska shtatigacha United Airlines aviakompaniyasining boshqa samolyotida uchishlari belgilangandi.

Deyv va uning guruhi O’Xara aeroportida boshqa samolyotga o‘tirishgach, parvozdan oldin ularning yuklarini navbatdagi samolyotga orta boshlashadi.

Shu paytda tashqariga qaragan Deyv aeroport xizmatchilari turli yuklarni ortish paytida ularni ehtiyotsizlik bilan uloqtirishayotganini ko‘rib qoladi. Xizmatchilar g‘ilofga o‘ralgan gitarani ham uloqtirib yuborishadi.

Deyv Kerrollning klipidan lavha. Orqa fonda aeroport xizmatchilari Deyvning gitarasini qanday irg‘itayotgani tasvirlangan.

Manzilga yetib borishgach Chikago aeroportida xizmatchilar aynan Deyvning gitarasini sindirib, yaroqsiz qilib qo‘yishgani ma’lum bo‘ladi.

Deyvning gitarasi musiqiy asboblar ishlab chiqaruvchi mashhur Taylor kompaniyasida tayyorlangan bo‘lib, uning narxi 3,5-4 ming dollar atrofida narxlanardi.

Aviakompaniya bilan behuda mojaro

Shundan so‘ng Deyv gitarasining sindirilishiga Chikago aeroporti xizmatchilari emas, balki uni samolyot saloniga olib chiqishiga ruxsat bermagan United Airlines aviakompaniyasi aybdor deb biladi.

Deyv aviakompaniya xodimlaridan sindirilgan gitaraning pulini to‘lashlarini talab qiladi. Biroq aviakompaniya shikoyat hodisa sodir bo‘lgandan bir sutka o‘tmasdan berilishi lozimligini aytib, musiqachiga rad javobini beradi.

Keyinchalik Deyv o‘shanda singan gitarasining pulini undirish maqsadida aviakompaniya bilan to‘qqiz oy davomida talashganini, oxir-oqibat bir sent ham ololmaganini aytgan edi.

Bu orada AQShdagi ommabop telekanallardan biri bo‘lgan Fox News muxbirlari hodisadan xabar topishadi va Deyvdan intervyu olishadi.

Muxbirlar undan nega qimmatbaho buyumni o‘zi bilan birga olmay yukxonaga topshirgani haqida so‘rashganda Deyv aviakompaniya xodimlari gitarani samolyot saloniga olib chiqishga ruxsat bermay, uning sinishiga sababchi bo‘lishganini aytib beradi.

Intervyu ko‘rsatilgandan keyin ham United Airlines aviakompaniyasi hodisaga nisbatan o‘z munosabatini o‘zgartirmaydi va Deyvga singan gitara pulini to‘lab bermaydi.

Aeroportlardan birida turgan United Airlines aviakompaniyasi samolyotlari
Foto: alamy.com

O‘shanda Deyv iste’molchilarning huquqlari yuksak darajada ta’minlangan Amerikada o‘z haqini so‘rab sudga murojaat qilsa ham bo‘lardi. Biroq musiqachi aviakompaniyadan o‘ch olish uchun boshqacha yo‘lni tanlaydi.

Aviakompaniyaga qarshi qo‘shiq va mashhurlik

Oradan qariyb bir yil o‘tgach gitara uchun pul undirishdan umidini uzgan Deyv aviakompaniyadan o‘zgacha tarzda o‘ch olishni reja qiladi.

U o‘z gitarasi bilan sodir bo‘lgan hodisa haqida qo‘shiq yozadi. Qo‘shiqning nomi «United gitara sindiradi» (United Breaks Guitars) deb nomlanadi.

Qo‘shiqning naqorati «Men manzilga boshqa aviakompaniyada yoki mashinada yetib olaman, chunki United gitara sindiradi» degan so‘zlardan iborat edi.

Ko‘p o‘tmay qo‘shiqqa klip olinadi va 2009 yil 6 iyul kuni u Youtube tarmog‘iga yuklanadi.

Deyvning qo‘shig‘i bir kunda 160 ming marta tomosha qilinadi. Uch kunda esa yarim million, bir oyda esa besh million marta tomosha qilinadi.

Ayni paytda bundan qariyb 14 yil oldin tarmoqqa yuklangan «United gitara sindiradi» qo‘shig‘i yutubda 22 million marta tomosha qilingan.

Deyv Kerrollning qo‘shig‘iga ishlangan banner

Aviakompaniyaning klipga munosabati va rad etilgan tovon puli

Erkin bozor tizimida ishlaydigan AQShda istalgan kompaniyaga qarshi qilingan arzimagan ish ham jiddiy ko‘ngilsizlik olib kelishi mumkin. Deyvning Youtube tarmog‘iga yuklangan qo‘shig‘i ortidan United Airlines bilan ham shunday ko‘ngilsizlik yuz beradi.

O‘sha paytda Deyvni hech kim tanimas, u oddiy bir qo‘shiqchi edi. Biroq uning United Airlines’ni tanqid qilib aytgan qo‘shig‘i Youtube platformasida mashhur bo‘lar ekan, bu aviakompaniya uchun yaxshilik alomati emasdi.

Klip millionlab insonlar tomonidan tomosha qilinar ekan, uning ostida izoh qoldirgan odamlar aviakompaniyalarning yuklarni ehtiyot qilmasligini tanqid qilib, Deyvni qo‘llab-quvvatlashadi.

Deyvning klipi ommalashgach United Airlines aviakompaniyasining aksiyalari birdaniga 10 foizga arzonlaydi. Oqibatda kompaniya arzimagan 3,5-4 ming dollarlik gitarani deb 180 million dollar mablag‘ yo‘qotadi.

Shundan so‘ng aviakompaniya mas’ullari Deyv bilan aloqaga chiqib singan gitara o‘rniga undan ham yaxshisini olib berishini, qo‘shimchasiga katta miqdorda pul berishlarini aytishadi. Bu uchun Deyv klipini yutubdan o‘chirishi va qo‘shiqni hech qayerda ijro etmasligi kerak edi. Deyv bu taklifni rad etadi.

Deyv Kerrollning klipidan lavha
Foto: www.adrans.com

Shundan so‘ng Deyv bilan sodir bo‘lgan hodisa haqida xabar topgan Taylor kompaniyasi unga ikkita qimmatbaho gitara sovg‘a qiladi.

Ko‘p o‘tmay aviakompaniya aksiyalarining narxi o‘rniga keladi. United Airlines yo‘qotgan mablag‘ ham qaytadi. Biroq o‘sha hodisadan 14 yil o‘tgan bo‘lsa-da Deyvning qo‘shig‘i United Airlines aviakompaniyasi uchun dog‘ bo‘lib turibdi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Sindirilgan gitara uchun aviakompaniyadan g‘aroyib tarzda o‘ch olgan musiqachi
ePN